Isroil-"Hizbulloh" ixtilofi ochiq urush bosqichiga o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

"Hizbulloh" raketa hujumida Isroil shimolida zarar ko'rgan bino, 22-sentabr, 2024-yil

Yakshanba kuni Isroil va Livanning “Hizbulloh” harakati o’q almashdi, Isroilning jangovar samolyotlari Livan janubiga qattiq zarba berdi. Isroil “Hizbulloh”ning o’nlab obyektlarini, raketalar va raketa uchiruvchi moslamalarini, harakat qo’mondonlarini yo’q qilganini da’vo qilmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 23-sentabr, 2024-yil - Isroil-"Hizbulloh" ixtilofi ochiq urush bosqichiga o'tmoqda

Shundan so’ng “Hizbulloh” tuni bilan Isroilni nishonga olgan, Eronga xayrixoh guruhlar Iroqdan ham Isroilga hujum qilgan, biroq yahudiy davlat raketa va snaryadlarning aksariyati urib tushirilganini bildirdi.

Isroil shimolida maktablar yopilgan, ommaviy tadbirlar man qilingan, “Hizbulloh” hujumida kamida 3 isroillkning jarohat olgani ma’lum.

Livan Sog’liqni saqlash vazirligi Isroilning yakshanba kungi hujumlarida kamida 45 odam, jami esa o’tgan haftada kamida 84 kishi o’lganini ma’lum qildi.

“Hizbulloh” bosh kotibining o’rinbosari Naim Qosim Isroil bilan to’qnashuv ochiq jang bosqichiga o’tganini aytadi.

"Tahdidlar bizni to’xtata olmaydi. Eng xavfli ehtimollar ham bizni qo’rqita olmaydi. Barcha turdagi harbiy ssenariylarga tayyormiz”, - dedi u.

Harakat so’nggi bir necha kunda 16 ta yirik a’zosidan, jumladan Ibrohim Oqil ismli rahbari va Ahmad Vahbi ismli qo’mondonidan ayrildi.

Isroil armiyasiga ko’ra, Oqil va boshqalar ko’p qavatli binoda Isroilga hujum qilish rejasini muhokama qilayotgan payt hujumga uchragan.

Isroil Livanga hujum qilish bilar bir paytda G’azoda ham harbiy amaliyotlarini to’xtatgani yo’q. Yakshanba kuni G’azo shahridagi zo’ravonliklardan qochib yurgan odamlar jon saqlayotgan maktabga havo hujumida yetti nafar falastinlik o’lgan. Isroil Kafr Qosim maktabida XAMAS jangarilari bo’lganini da’vo qiladi.

Sektorning markaziy va janubiy qismlariga ham havodan zarba berilgan. Natijada yana olti odam o’lgan.

Isroil askarlari yakshanba tunda G’arbiy Sohildagi Ramalloh shahrida Qatarning Al-Jazira axborot telekanali idorasiga bostirib kirib, kanalning ijodiy guruhini ko’chaga haydagan, idora 45 kunga yopilgani haqida ma’lum qilgan.

May oyida Isroil Al-Jazirani milliy xavfsizlikka tahdidda ayblab, uning Quddusdagi idorasini ham yopgan edi.