Yaqin Sharqda vaziyat tarangligicha qolmoqda

  • Amerika Ovozi

Oq uyda Prezident Bayden milliy xavfsizlik bilan shug'ullanuvchi maslahatchilari bilan majlis qilmoqda, 5-avgust, 2024-yil

Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken “Katta Yettilik” guruhidagi ittifoqchilariga Eron va “Hizbulloh” Isroilga zarba berishga tayyor ekanini bildirdi. Hujum qachon va qanday shaklda bo’lishi hozircha ma’lum emas.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 6-avgust, 2024-yil - Tim Uolz - vitse-prezidentlikka nomzod

Isroilning Suriyada Eron diplomatik vakolatxonasiga hujumidan so’ng Tehron 13-aprelda Isroil tomon 350 ta dron va raketa yo’llagan. Aksariyatini Isroil, AQSh va Britaniya urib tushirgan.

Isroil Tashqi ishlar vaziri Isroil Katsning dushanba kuni aytishicha, Eron XAMAS rahbari Ismoil Haniyaning o’limi uchun Isroildan o’ch olishi haqida Isroilni Vengriya orqali xabardor qilgan.

Qo’shma Shtatlar hujum 48 soat ichida bo’lishini taxmin qilmoqda.

5-avgust kuni AQSh Prezidenti Jo Bayden Oq uyda milliy xavfsizlik bilan shug’ullanuvchi kadrlar bilan uchrashib, Yaqin Sharqdagi vaziyatni muhokama qildi, Bayden Iordaniya qiroli bilan gaplashib, taranglikni tushirish zaruratiga urg’u berdi.

Abdulla uning mamlakati qarshi taraflar dron va raketalari uchun havo sarhadlarini yopib, betaraf bo’lishini bildirgan.

Saudiya Arabistoni ham shu haqda ma’lum qilgan.

Dushanba kuni Iordaniya tashqi ishlar vaziri Tehronga bordi.

Eron Isroilga hujum qilsa, AQSh chetda turmasligini bildirmoqda.

"Garovdagilarni ozod etishga qaratilgan kelishuvga erishish urushni tugatishning eng yaxshi yo’li deb bilamiz. Isroil o’zini mudofaa qila olishi uchun 7-oktabrdan beri uni bu masalada qo’llab-quvatlab kelibgina qolmay, urushning kengayishini oldini olishga ham intilyapmiz”, - deydi Oq uy milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi.

Amerikadagi musulmon tashkilotlar Bayden ma’muriyatidan Isroilning G’azoga bosqinini qoralashni talab qilmoqda.

“Qo’shma Shtatlar Isroilni javobgarlikka chaqirishi uchun yetarlicha diplomatik va siyosiy vositalarga ega. Yordamni, qurol-aslaha, o’q-dori, siyosiy madadni to’xtatish, Falastin yerlariga joylashib olgan va zo’ravonliklarga qo’l urayotgan ultra millatchi yahudiylar harakatlari uchun sanksiyalar qo’llash shular jumlasidan”, - deydi Amerika-Islom aloqalari kengashidan Robert Makko.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Eron Isroilga hujumi uchun javob berishini bildirdi.

“Kimki fuqarolarimizni o’ldirsa, mamlakatimizga zarar yetkazsa, uni qattiq jazolaymiz”, - dedi u.

Vashingtonlik tahlilchi Natasha Xollning aytishicha, AQSh taranglikni yumshatishni istasa, Qatar va Iordaniya kabi mamlakatlarni vositachilikka chaqirishi kerak.

“Eron bilan gaplashishsin, dardlariga quloq solishsin, bunday qo’rqinchli zamonda Eron va AQSh o’rtasida aloqa kanalini ochiq ushlab turish uchun vositachilik qilishsin. Bu hozir har qachongidan muhimdir, chunki AQShda Eronning yuqori lavozimli rasmiylari bilan to’g’ridan-to’g’ri gaplashish imkoni yo’q”, - deydi ekspert.

AQShning “Politico” nashri Eron Isroilga o’rta masofali va qanotli raketalar bilan hujum qilishini taxmin qilmoqda. Bunga qo’shimcha ravishda Livan, Suriya va Iroqda Eronga ittifoqchi guruhlar ham zarba berishi mumkinligi aytilmoqda.

Dushanba kuni AQShning Iroqdagi al-Asad harbiy bazasi raketa hujumiga uchrab, bir necha amerikalik harbiy jarohat olgan. Raketalarning baza hududiga tushgani aytilmoqda.

Seshanba kuni Isroilga “Hizbulloh” ham hujum qilgan. Harakat mamlakat shimolidagi ikkita harbiy inshootga dronlar yo’llaganini, yana bir joyda harbiy transportni nishonga olganini tan oldi.

Isroil bir dron urib tushirilganini, qolganlari 19 odamni yaralaganini va ulardan birining nobud bo’lganini, Livan janubida “Hizbulloh”ning ikkita obyekti havodan urilganini ma’lum qildi.