Isroil G’azoda XAMASning yana bir rahbarini o’ldirdi

  • Amerika Ovozi

XAMAS marhum rahbari Yahyo Sinvar

Isroil XAMAS rahbari Yahyo Sinvarning o’limi haqida ma’lum qildi. Isroil armiyasi tarqatgan videoda harakat boshqaruvini Tehronda 31-iyul kuni o’ldirilgan Ismoil Xaniyadan so’ng qo’lga olgan Sinvar hayotining so’nggi daqiqalari tasvirlangan. Unda yaralangan Sinvar Isroil zarbasidan so’ng vayron bo’lgan bino derazasidan kirgan dronni qo’lidagi tayoq bilan haydashga urinadi. Bir necha daqiqadan so’ng Sinvar otib o’ldiriladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 18-oktabr, 2024-yil - Sinvarning o'limi G'azoda sulhga yetaklaydimi?

"G’azo ahliga gapim oddiy: Bu urush ertaga tugashi mumkin. Agar XAMAS qurollarini topshirib, garovga olingan odamlarni qaytarsa”, - dedi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Netanyaxuga qo’ng’iroq qilib, uni Sinvarning yo’q etilishi bilan tabrikladi.

“Olg’a yurish vaqti keldi. G’azoda sulh sari olg’a yurish vaqti. Dunyoda hayotni yaxshilashga imkon beruvchi yo’nalishda harakatlanish kerak”, - dedi Bayden.

NATO va Yevropa Ittifoqi rahbariyati ham Sinvarning o’ldirilganini olqishladi.

Isroilning XAMASga qarshi urushida G’azoda minglab begunoh falastinliklar o’layotgan bir paytda AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris XAMAS garovga olgan odamlarni ozod etishga chaqirdi.

Isroillik bir tahlilchi Netanyaxu hukumati G’azoda urushni yaqin orada tugatmasligini taxmin qiladi.

“Isroil va Amerikaning diqqati hozir Livanga qaratilgan, chunki “Hizbulloh”ni juda zaiflashtirish imkoni tug’ildi. Bundan Amerikaning mintaqadagi barcha ittifoqchilari, jumladan Saudiya Arabistoni, Misr va boshqalar manfaatdor”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan Jonatan Raynold.

Harakatga yangi rahbar tayinlanguncha uning sobiq raisi Xolid Mash’al XAMASni boshqarib turishi aytilmoqda.

"XAMASning keyingi rahbari kim bo’lsa ham oxirgi bir yilda nimalar bo’lganiga, XAMAS harakatlari natijasida Falastin xalqi azob chekayotganiga qarab, boshqa yo’ldan yurishga qaror qiladi degan umiddamiz. Yangi yo’l Isroil xalqiga o’lim va vayronagarchilik, Falastin xalqiga esa zarar keltirmasligi kerak”, - deydi AQSh Davlat departamentining so’zlovchisi Mettyu Miller.

Eron Sinvarning o’limi qarshilik ruhini yanada kuchaytirishini, “Hizbulloh” harakati esa Isroilga qarshi urushning yangi, eskalatsion bosqichi boshlanayotganini bildirdi.

Sinvar XAMASning kurashni davom ettirishga shay murosasiz rahbarlaridan bo’lgan. Isroil va AQSh uning o’limi sulhga tezroq erishishga yordam berishiga umid qilarkan, g’azoliklar bunga ishonmaydi, Sinvarni shahid deb hisoblashadi.

XAMAS rasmiysi Xalil Abu Hayya Sinvarning o’limini izohlarkan, Isroilning G’azodagi bosqini to’xtatamaguncha garovdagilar ozod etilmasligini bildirdi.