Isroil “Hizbulloh”ni boshsiz qoldirdi

  • Amerika Ovozi

O’tgan hafta oxirida Isroil Livanni ketma-ket bombardimon qilishi natijasida “Hizbulloh” harakatining rahbari Hasan Nasrulloh va guruhning bir qator qo’mondonlari yo’q qilindi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 30-sentabr, 2024-yil - Isroil “Hizbulloh”ni boshsiz qoldirdi

AQSh va Isroil “Hizbulloh”ni terror guruhi deb biladi. Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Nasrullohning o’limini olqishladi.

“Nasrulloh oddiy terrorchi bo’lmagan. Eng katta terrorchi edi. Eron yovuzlik o’qining markaziy motori bo’lgan. U va uning odamlari Isroilni yo’q qilish rejasining me’morlari edi”, - deydi Netanyaxu.

Livan, Eron, Suriya, Iroq va Yamanda Hasan Nasrullohning o’limi munosabati bilan motam e’lon qilindi.

Matbuotdagi xabarlarga qaraganda, “Hizbulloh”ning yangi bosh kotibi etib, uning jihod va ijroiya kengashlari rahbari hamda Hasan Nasrullohning xolavachasi Hoshim Safiaddin tayinlangan, biroq harakatning o’zi bu xabarlarni rad etmoqda.

Isroil o’tgan hafta Livan janubida “Hizbulloh”ning 120 dan ortiq harbiy inshootlari, jumladan bosh qarorgohiga zarba bergan, deyarli barcha qo’mondonlarini yo’q qilgan.

Isroilning Bayrutga dushanba kungi hujumlarida esa XAMASning Livandagi rahbari Fotih Sharif Abu al-Amin hamda Falastin xalq ozodlik frontining uch yetakchisi o’ldirilgan.

Harbiy strategiya bo’yicha britan tahlilchisi Pol Murkraftning BBCga aytishicha, Nasrullohning o’limi Yaqin Sharqda katta mojaroga turtki berishi mumkin.

“G’arbiy Sohilda uchinchi intifada boshlanishi mumkin, janglar kuchayadi, Saudiya Arabistoni xusiylar bilan mojaroga tortilishi, suriyaliklar G’o’lan tepaliklariga yurish qilishi mumkin. Katta, juda katta urush boshlanishi mumkin”, - deydi ekspert.

Murkraft “Hizbulloh” o’ziga bir oz kelganidan so’ng qattiq qarshilik ko’rsata boshlashini, AQShning bo’layotgan voqealarga ta’siri yo’qligini aytadi.

Xabarlarga ko’ra, Isroil yaqin kunlarda Livanga ham qo’shin tortishi mumkin.

“Afsuski, dunyoni boshqaruvchi “changalzor qonuni” yov Isroilni otashkesimga qaratilgan harakatlarni to’xtatib, Livanga qarshi urushni davom ettirishga turtki berdi. Isroil xalqaro qonunga tupurib qo’ygan”, - deydi Livan Bosh vaziri Najib Mikatiy.

AQSh Milliy xavfsizlik kengashining so’zlovchisi Jon Kirbi so’nggi voqealar “Hizbulloh” va Eronni hamda Iroq va Suriyadagi jangari guruhlarni javob berishga majburlashi mumkin.

“Biz bunga tayyor turishimiz kerak. Mintaqada harbiy salohiyatimiz yetarli deb o’ylayman. Ammo xulosa chiqarishga hali erta”, - deydi AQSh rasmiysi.

Xabarlarga ko’ra, Isroil samolyotlari “Hizbulloh” qarorgohiga 80 tacha bomba tashlagan. Nasrullohning o’limi nafaqat “Hizbulloh”, balki uning ortida turgan Eronga ham jiddiy zarba bo’lgani aytilmoqda.

Yakshanba kuni Isroil o’zidan ancha uzoqda bo’lgan Yamanga ham hujum qildi, xusiylar nazoratidagi Xudayda portida neft rezervuarlari, elektrostansiyani nishonga oldi.

Xusiylar to’rt kishining halok bo’lgani, 29 nafarining jarohat olgani haqida ma’lum qildi.

AQSh Prezidenti Jo Bayden Yaqin Sharqda katta urushning oldini olish zarurati haqida gapirdi. Shu bilan birga, Bayden “Hizbulloh” rahbarining o’ldirilganini olqishladi, adolat qaror topganini aytdi.

“Qo’shma Shtatlar Isroilning “Hizbulloh”, XAMAS, xusiylar va Erondan madad olayotgan har qanday terrorchi guruhlardan o’zini mudofaa qilish huquqini to’liq qo’llab-quvvatlaydi”, - dedi Bayden.