BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Isroilning chorshanba kuni G’azo markazidagi BMT maktabiga hujumini qoraladi. BMT so’zlovchisi Stefan Dujarrik 18 odamning o’limiga sabab bo’lgan hujumni mustaqil tergov qilishga chaqirdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Qurbonlar orasida ayollar, bolalar va olti nafari BMT xodimi bor.
Al-Javni maktabi urush boshidan beri bir necha bor Isroil hujumiga uchragan.
BMT maktabda 12 mingga yaqin odam jon saqlayotganini ma’lum qildi.
Isroil hujumini himoya qilarkan, XAMAS maktabda shtab tashkil etganini, guruh a’zolari nishonga olinganini bildirdi.
“Maktab ortiq maktab vazifasini bajarmasa va XAMASning qo’mondonlik va boshqaruv markaziga aylansa, XAMAS terrorchilari tomonidan qo’shinlarimiz va xalqimizga qarshi terror xurujlarini rejalash uchun qo’llansa, qonuniy nishon bo’ladi”, - deydi Isroil hukumatining so’zlovchisi Deyvid Menser.
BMT bosh kotibi Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu bilan gaplasha olmayotganini aytadi.
“U qo’ng’iroqlarimga javob bermayapti. U bilan ko’rishishni juda istardim. Gaplashmaslikka sabab yo’q. Balki Nyu-Yorkga kelsa va ko’rishishni istasa, uni jon deb kutib olaman”, - deydi Guterrish.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Isroil va XAMASni yana bir bor otashkesimga chaqirdi.
“Gumanitar joylarni himoya qilish kerak. Buni Isroilga doim yetkazib turibmiz. XAMAS bunday joylarni egallab olib, u yerda yashirinib, hujumlarini o’sha joylardan amalga oshirayotganini ko’ryapmiz”, - dedi Blinken.
Isroil BMTning G’azoda gumanitar faoliyat bilan shug’ullanuvchi vakillarini XAMASga aloqadorlikda ayblab keladi.
“Bu haqda ko’p eshitamiz, ammo birorta dalil ko’rganimiz yo’q. Balki AQSh rasmiylari ko’rgandir. Maktabda minglab odam jon saqlaganini bilamiz. Bu 7-oktabrdan beri Isroil tomonidan nishonga olingan oltinchi maktab ekanini, Isroil urush qoidalariga rioya qilmayotganini ham bilamiz”, - deydi vashingtonlik tahlilchi Natasha Xol.
Turkiya o’z navbatida Isroilni o’tgan hafta Isroil istilosidagi G’arbiy Sohildagi namoyish paytida amerikalik turk faoli Aysenur Ezgi Eygini o’ldirganlikda ayblarkan, ushbu voqeani tergov qilishga kirishdi.
“Aysenur Ezgi Eygining qoni yerda qolib ketmasligi uchun barcha qonuniy yo’llarni ishga solamiz”, - dedi Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.
Qo’shma Shtatlar yaqin kunlarda G’azoda otashkesim bo’yicha yangi taklif bilan chiqishini bildirdi. XAMAS Isroil yangi shart qo’ymasa, kelishuvni qabul qilishga tayyor ekanini ma’lum qildi.