Isroilda ultra ortodoks aholi harbiy xizmatga jalb etiladimi?

  • Amerika Ovozi

Oy oxirida Isroilda ultra ortodoks yahudiylarni harbiy xizmatdan ozod etishga qaratilgan qonun muddati tugashi kutilmoqda. Diniy partiyalar hukumatdan qonun muddatini uzaytirishni so’ramoqda, aks holda koalitsion hukumatdan chiqishga do’q-po’pisa qilishmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 27-mart, 2024-yil

XAMASning 7-oktabrda Isroilga hujumi ketidan mamlakatda 300 ming zaxirachi muntazam armiyaga yordam uchun harbiy xizmatga chaqirildi.

Isroilda harbiy xizmat erkaklar va ayollar uchun majburiy, ammo diniy muassasalarda ta’lim olayotgan ultra ortodoks yahudiylar undan ozod qilingan. Bundaylar armiyada harbiylar sonining uch foizini tashkil qiladi, xolos.

“O’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalari isroilliklar harbiy xizmatga yollash masalasiga jiddiy qarashini, ultra ortodoks vatandoshlarining harbiy xizmatdan ozod etilishidan o’ta xavotirda ekanini ko’rsatmoqda. Bu 7-oktabrdan oldin ham shunday bo’lgan, ammo hozir urush sharoitida va buning armiyaga chaqirtirilgan isroilliklarga og’iri tushayotgan bir paytda aholining katta qismini nihoyatda bezovta qilmoqda”, - deydi Isroil demokratiya institutidan Yoxanan Plesner.

Dindor isroilliklarni harbiy xizmatdan ozod etish siyosati Isroil davlatiga asos solinganidan beri amalda. 76 yil oldin avval 400 ta ultra ortodoks talabaga bunday imtiyoz berildi. O’tgan yili istisnoga 66 ming odam tushdi.

Isroil Oliy sudi istisnolar aholining boshqa qismiga nisbatan adolatsiz ekanini bildirib, hukumatlardan ultra ortodokslarni ham harbiy xizmatga chaqirtirishni talab qilib keladi. Sud mart oxirigacha qonunga tegishli tuzatish kiritishga chaqirdi.

Bosh vazir Benyamin Netanyaxuning koalitsion hukumatidagi ultra ortodoks partiyalar harbiy xizmatdan istisno bekor qilinsa, koalitsiyadan chiqib, hukumatni yiqitishga do’q-po’pisa qilmoqda.

Isroilning bosh sefard ravvini ultra ortodoks erkaklarni harbiy xizmatga chaqiruvchi qonun qabul qilinsa, ular mamlakatni tark etishi haqida ma’lum qildi.

Dindor isroilliklar bunday harakatlarga qarshi namoyishlar qildi, ba’zan zo’ravon namoyishlar.

"Ular ortodoks odamlarning Isroil armiyasiga qo’shilishini istashyapti. Ularning niyati ma’lum – dindan uzoqlashishimizni xohlashyapti. Undan ko’ra o’lim afzal bizga. Isroil armiyasiga bormaslik uchun qamoqqa tushishdan, o’limdan qo’rqmaymiz”, - deydi namoyishchilardan biri.

Isroilning ultra ortodoks qismi alohida yashaydi, jamiyatning dunyoviy qismiga qo’shilmaydi. Ularning xavotir olishicha, armiya yoshlarni dindan uzoqlashtirishi mumkin.

Ammo bu jamoa orasida harbiy xizmatga ijobiy qarovchilar ham bor. Armiya kosher taom bilan ta’minlab, erkaklar va ayollarni ajratsa bas, deydi ular.

“Kichik bir mamlakatdagi yirik jamoaning armiyada xizmat qilmasligi to’g’ri emas. Ayniqsa 7-oktabr voqealaridan so’ng. Armiyaga askarlar kerak. Ultra ortodokslarning hamma qatorida armiyada xizmat qilishiga bir yo’l topishimiz kerak. Ularning o’zligi va turmush tarzini saqlab qolgan holda”, - deydi ultra ortodokslarga bilim beruvchi "MeGo" markazidan Yitzik Krombi.

Bu o’rtada qonunchilar muntazam armiya va zaxiradagi askarlar xizmat muddatini uzaytirishni taklif etmoqda. Aholi bunga qarshi namoyish qilib, ultra ortodokslar ham hissa qo’shishini talab qilyapti.