Rossiyaning Ukrainadagi urushi va Isroilning Eron tahdididan xavotirlari Isroilda qurol sanoatining tez sur’atlarda rivojlanayotganiga qisman sabab bo’ldi. Mudofaa vazirligining bildirishicha, o’tgan yili qurol eksporti 30 foizga oshib, 11,3 milliard dollarni tashkil etdi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Rossiyaning Ukrainaga bosqini NATO uchun uyg’otish qo’ng’irog’i vazifasini bajardi. Bu Yevropa tuprog’ida NATO Rossiya bilan deyarli urush yoki harbiy mojaroga yuz tutgan ilk to’qnashuvdir. Natijada NATO barcha turdagi ko’plab qurollarga ehtiyoji borligini sezib qoldi. Nafaqat AQShdan, balki Isroildan ham qurol savdosini oshirdi”, - deydi Isroildagi “Haaretz” gazetasining muxbiri Yossi Melman.
Isroil qurollarining boshqa mamlakatlarda ishlab chiqarilayotgan qurollardan farqi shuki, ular, deydi tahlilchilar, haqiqiy jang maydonida sinalgan.
“Ukrainadagi urushdan oldin Rossiya dunyoda eng yirik yoki ikkinchi yirik qurol eksportchisi edi. Ammo hozir ularning bozori zarar ko’ryapti, chunki qurollari yaxshi ishlamayapti. Buni hamma Ukrainada ko’ryapti. Natijada hamma endi yangi tizimlarni Isroildan sotib olyapti, chunki qo’llaridagi rus tizimlaridan qoniqishmayapti”, - deydi Tel-Avivdagi Bar-Ilan universitetidan mutaxassis Shlomo Shpiro.
Tahlilchilar Isroil harbiy texnologiyasini Eron harbiy qudratiga qarshi muhim vosita deb biladi. Eron siyosati ham Yevropa Ittifoqini, ham Yaqin Sharqdagi ayrim mamlakatlarni xavotirga solmoqda. Ular orasida ikki yil oldin Isroil bilan diplomatik aloqa o’rnatgan Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn va Marokash bor.
“Shu paytgacha Yaqin Sharqda beqarorlik o’chog’i deb ko’rilgan Eron endi dronlarini Rossiyaga yubormoqda, Rossiyaning Ukrainadagi qoniqarsiz harakatlarini yaxshilash uchun u bilan harbiy va xavfsizlik ittifoqini tuzmoqda. Bu narsa Isroilga qo’l kelyapti, uning dunyodagi va Yevropadagi mavqeyini yaxshilashga yordam beryapti, uning qurol bozoridagi ulushini oshiryapti”, - deydi Melman.
Isroilning qurol ishlab chiqaruvchi “Rafael” kompaniyasi raketaga qarshi “Temir nur” lazer sistemasini yaratishda AQShning “Lokxid Martin” kompaniyasi bilan yaqinda shartnoma tuzgani Isroil qurol sanoatini rivojlantirishga qo’shimcha turtki berishi kutilmoqda.