Tarixdan saboqlar: Amerikadagi yapon mahbuslarini xotirlab

Tarixdan saboqlar: Amerikadagi yapon mahbuslarini xotirlab

Ikkinchi jahon urushida Yaponiya Germaniyaning ittifoqchisi bo’lgan. Kunchiqar davlat 1941-yilda AQShga hujum qilgach, bu jamiyatda yashovchi 14 ming yapon Vayoming shtatidagi maxsus qamoqxonaga olib boriladi.

Amerika o’sha dahshatli damlarni unutmagan. Bugun bu turma o’quv markazi.

Inshootni ko’zdan kechirarkanmiz, o’tgan asrning 40-yillariga kelib qolgandekmiz.

1941-yilda kutilmaganda Yaponiya AQShga hujum qiladi. Amerikaliklar yaponlarga nafrat bilan qaray boshlaydi.

Tarixdan saboqlar: Amerikadagi yapon mahbuslarini xotirlab

Yapon muhojirlar va ularning farzandlari poyezdlarda Vayoming shtatida tashkil etilgan lagerga olib boriladi. Muzeyda bugun ham o’sha asirlar ovozi jaranglayotgandek…

“O’sha begunoh insonlarning taqdiri haqida hikoya qilib beramiz. Ular asirlarning o’zidan yozib olingan”, - deydi o’quv markazi direktori Stiv Lijer.

Ikkinchi jahon urushi davrida AQShda 10 lager tashkil etilgan. Bugunga kelib ulardan ikkitasida muzey ochilgan. Biri Vayoming shtati Xart Mauntin shahridagi mana shu joy bo’lsa, ikkinchisi Kaliforniya shtatidagi Manzanar inshooti.

Shirli Enn Xiguchining ota-onasi Amerikada tu’gilgan yaponlar bo’lib, ular Xart Mauntinda asirda o’tirgan.

Shirli Xiguchi, ota-onasining surati qarshisida

Xiguchi hozirda bu markazni boshqarayotgan kengash raisi. Urushdan keyin ko’plab asirlar boshdan kechirganlarini unutishga, yangi hayot boshlashga harakat qilgan. Buning oqibatida, deydi Xiguchi, ko’plab ashyoviy dalillar yo’qolib ketgan.

“Niseilar, ya’ni Amerikada tug’ilib o’sgan yaponlar bu kechinmalari haqida hech qachon gapirmagan. Ular kelajakka intilib, o’tmishni yoddan chiqarish kerak degan”, - deydi u.

Shirli Enn Xiguchi va boshqa yapon-amerikaliklar nazarida esa kelajak avlod o’sha qora kunlar haqida bilishi, saboq olishi kerak. Xart Mauntinda ochilgan o’quv markazi aynan shunga yordam beradi.