Kanzas shtatida qochqin oilalar yashaydigan uyni portlatmoqchi bo'lgan uch shaxs ustidan sud yakunlandi. Ular mahalliy terrorizmda, ommaviy qirg'in qurolini qo'llashga uringanlikda ayblanmoqda va bir umrga qamalishi mumkin.
O'zlarini "salibchilar" deb atagan uch oq tanli erkak 2016-yili prezident saylovlari arafasida hibsga olingan edi. Ular Kanzasda ko'ngillilardan tashkil topgan qurollangan otryad a'zolari bo'lgan.
Qo'shma Shtatlarda o'nlab yillar oldin hukumatga qarshi harakat to'lqinida ko'plab ana shunday guruhlar vujudga kelgan. Ammo Donald Tramp Oq uyga saylanganidan keyin, bugungi kunda ularning nishonida hukumat emas, balki musulmonlar va muhojirlardir.
"Ayrimlari e'tiborni ikkinchi darajali dushmanga qaratyapti ", - deydi ekstremizm bo'yicha mutaxassis Mark Pitkevij.
Ko'pincha o'ng qanot guruhlar bilan bitta ro'yxatga tushadigan aksil-hukumat harakati turli ko'rinishlarda namoyon bo'ladi. A'zolari orasida bir kun Amerikada fuqarolik urushi kelib chiqishiga ishonadiganlar bor - ular suv, yegulik va boshqa zarur anjomlarni g'amlab qo'yish bilan ovora. Fojia yuz berganda qanday qilib omon qolishni mashq qilib yurganlar ham bor.
Yana bir kategoriya - hukumatni dushman deb biladigan fuqarolar - qo'liga qurol olib, muntazam harbiy tayyorgarlikdan o'tadi. Ular nazarida hukumat fuqarolardan qurollarni va ularga egalik qilish huquqini tortib olmoqchi.
Kelib chiqishi
Tarixchilarning qayd etishicha, bu kabi guruhlarning paydo bo'lishi 1990-yillar boshida ro'y bergan voqealar bilan bog'liq.
Shulardan biri, 1992-yilda demokrat Bill Klintonning prezidentlikka saylanishi. Yana biri, 1993-yilda Texasda noqonuniy qurollar saqlangani gumon qilingan rancho qamali. U yerda o'rnashib olgan diniy sekta a'zolari uyni tintuv qilish talabini rad etgach, huquq-tartibot idoralari hujumga o'tgan. Otishma qariyb ikki oy davom etib, jami 76 kishi o'lgan.
Texasdagi bu xunrezlik ketidan hukumat keskin qoralangan.
Klinton prezidentligi davrida aksil-hukumat guruhlar soni keskin oshgan bo'lsa, Jorj Bush davrida biroz kamaygan. Barak Obama Oq uyga saylanishi bilan ular soni 1360 taga yetgan. 2016-yilda mamlakat bo'ylab 273 ta qurollangan otryad qayd etilgan.
Bu harakatlarning musulmonlarga nisbatan adovati 2008-yilda Obamaning prezidentlikka kelishi bilan avjiga chiqdi. AQShning birinchi qora tanli rahbari o'ta liberal musumon ekani, fuqarolardan qurollarni yig'ib olishga bel bog'lagani haqida mish-mishlar tarqalgan o'shanda.
Shuningdek, Yevropa va AQShdagi terror hujumlari, jumladan Tenessi, Kaliforniya va Floridadagi ommaviy otishmalar, musulmonlarga nisbatan salbiy kayfiyatlarni kuchaytirgan.
Ekstremistlar nishonda
2015-yilda AQSh Federal qidiruv byurosi mahalliy ekstremistlar "musulmonlarni va islomiy diniy markazlarni nishonga olishi mumkin", deya ogohlantirgan edi.
2016-yilgi saylov kampaniyasida musulmonlarga va immigratsiyaga qarshi yangragan xunuk bayonotlar ayrim qurollangan guruhlarni so'zdan amaliy qadamlarga o'tishga undagan.
Yuqorida tilga olingan uch shaxs - Kurtis Allen, Patrik Stein va Gavin Rayt - ana shunday siyosiy muhitda Kanzasdagi qochqinlar majmuasini portlatmoqchi bo'lgan.
Tergovchilarning aytishicha, bir necha boshqa fikrdoshlari bilan birga uchovlon dam olish kunlarida uchrashib, mamlakatni "suvaraklardan" qanday tozalashni muhokama qilgan. Musulmonlarni ular shunday deb atagan. Muhokamalar ijtimoiy tarmoqlarda ham kechgan.
Google xaritasidan foydalanib, Allen, Stein va Rayt Kanzasda musulmonlar yashovchi hududlarni belgilab chiqqan.
Sudda bu uch shaxs bilan harbiy treninglarda qatnashgan odamlar ham guvohlik bergan. Ular haqiqatan hujum rejalayotgani haqida eshitib, ko'ngillilar otryadini tark etdim, deydi biri. Yana bir ayol musulmonlarni yoqtirmayman desa-da, hujum rejasiga qarshi bo'lganini aytgan.
Advokatlarga ko'ra, "salibchilar" saylov kampaniyasida yangragan bayonotlar ta'siri ostida bo'lgan, g'azabdan nariga o'tmagan. Ammo jyuri hay'ati ularni ommaviy qirg'in qurolini qo'llashga urinish va fuqaro huquqlariga qarshi fitnada aybdor deb topdi.