O’zbekiston prezidenti salomatligi haqida aniq xabarlarning yo’qligi qo’shni respublikalar, jumladan, Tojikistonda ham jamoatchilik orasida turli gap-so’zlarga sabab bo’lmoqda. Ba’zilar uni o’ldiga chiqarsa, ko’pchilik uning tirikligiga ishonadi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda va xorij ommaviy axborot vositalarida chiqqan so'nggi xabarlar ortidan uni vafot etdi, deb hisoblovchilar ko'p.
Dushanbelik o’zbek shoirasi Kamola Jahon Islom Karimovning vafot etganligi borasida tarqalgan xabar jamoatchilikka qattiq ta’sir qilganini aytarkan, unga ishonishmayotganini ta’kidlaydi.
"Bu hammasi bo’lmagan gap-so’zlar, xalqning orasida noroziliklar judayam ko’payishi mumkin, man o’zim ishonmayman. Prezidentlar xalq uchun yashashi kerak, bular yashashga majbur! Karimovning vafotini yashirib bo’lmasdi, sir saqlolmasdilar, buning iloji yo’q. Baribir gap tarqaydi, lekin hammasi bo’lmagan gap. Yurt tinchligi, xalq osoyishtaligi uchun ham prezidentlar yashashga haqli! Bizga eng avval yurt tinchligi kerak. O’zbekiston bilan chegaradoshmizmi, hamnafas, qo’shnimizmi, yurt tinchligi muhim bizga. Qo’shningiz tinch bo’lsa, siz uyda xotirjam o’tirasiz, - deydi Kamola.
Uning fikricha, agar O’zbekistonda prezident o’zgargan taqirda Tojikiston bilan aloqalar iliqlashishi mumkin.
Tojikistonlik siyosatshunos Abdujabbor Yo’ldoshev Karimovning faoliyatiga to’xtalar ekan, uning asosiy xatosi o’zining vorisini tayyorlamaganidir, deydi.
"Karimov shu yerda bir xato qildiki, u kasalligidan oldin o’zining vorisini tayyorlashi, elga tanishtirishi, shu ishni oshkora amalga oshirishi kerak edi. Ehtimol, qilgandir ham. Buni biz bilmaymiz. Endi siyosiy tortishuvlar bo'lishi mumkin. Bu holatdan tashqi kuchlar foydalanib, o’z mafaatlariga yo’l ochishlari mumkin bo’ladi. Ammo ishonamanki, o’zbek siyosiy elitasi o’zini yo’qotmaydi, birlikni saqlaydi, parokandalikka yo’l qo’ymaydi. Endi O’zbekistonda demokratik jarayonlar tezlashadi, xalq o’zgarishlarga muhtoj", - deydi Yo’ldoshev.
Tojikistonning So’g’d viloyati o’zbeklar ma’naviyat va ma’rifat markazi raisi Ilhom Yusupov O’zbekistondagi hozirgi noaniq holatni achinarli hisoblarkan, prezidentning betobligi yoki uning hokimiyatdan ketishi bilan respublika tashqi va ichki siyosatida yirik o’zgarishlar kutilmaydi, deb o’ylaydi.
"Markaziy Osiyoning tinchligi, barqarorligini ta’minlab kelayotgan odam ana shu Karimov, uning to’g'ri siyosati. O’zbekiston siyosati bu xalq siyosati hisoblanadi, biror o’zgarish bo’lganda ham xalq siyosati bugungi kunda o’zgarmaydi. Ba’zi bir qonunchilik, bozor iqtisodiyoti va hokazolar o’zgarishi mumkindir, lekin umumiy yo’nalish o’zgarmaydi, - deydi Yusupov.
Tojikistonlik ekspert Anatoliy Hayimshoyev ba’zilarning Karimovdan so’ng O’zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotida keskin o’zgarishlar bo’lishi, hatto siyosiy parokandalik kuzatilishi mumkiligi haqidagi fikrlariga qo’shilmaydi.
"Karimovdan so’ng respublika siyosatida iliqlashuv kutiladi deyishadi, lekin O’zbekistonda bunaqasi bo’lmaydi. O’zbekiston o’zining ulkan imkoniyatlari - ham insoniy, ham iqtisodiy, ham o’tgan 25 yil orasida tuzilgan davlat qurilishi, boshqaruv sistemasi bilan har qanday yirik o’zgarishlarga yo’l bermaydigan darajada shakllanib bo’lgan. Yaqin bir-ikki hafta ichida bugungi mavhumlik yo’qoladi. Ishonch bilan ayta olamanki, yangi prezident bo’lgan taqdirda ham Karimovning yo’lidan boradi. To’g’ri, ba’zi bir mayda-chuyda o’zgarishlar bo’lishi mumkin, ammo tashqi siyosatda hech bir keskin o’zgarishlar bo’lishiga ko’zim yetmaydi. Mintaqada keskin o’zgarish, ayniqsa, O’zbekistonda, kutilmagan hodisalarga sabab bo’lishi mumkin, bu esa hech kimga kerak emas", - deydi Anatoliy.
Hayimshoyevga ko'ra, Karimov salomatligi haqida Moskvaning ham ehtiyotkorlik bilan so’z yuritayotgani, bilganini ham aytmayotganining o’zi ko’p narsani anglatadi.
"Negaki, Rossiya uchun Markaziy Osiyoda O’zbekistonga ta’sirni yo’qotmaslik juda muhim. Ularning munosabatidan tushunganim shuki, Moskva Karimovdan keyin hokimiyat tepasiga kim va qanday kelishini bilmaydi. O’zbekistonda hozir Shavkat Mirziyoyevdan ko’ra, Rustam Azimovning prezident bo’lishi durustroq ko’rinadi", - deydi Anatoliy.
Nega, degan savolga u Mirziyoyev prezident bo’lishi bilan hech narsa o’zgarmaydi, Azimov esa o’zgartirishlarga qodir shaxsdek ko’rinadi, deb javob berdi.
Qirg’iziston, ayniqsa, Tojikiston bilan munosabatlarda birmuncha sovuqlikda turgan O’zbekistonning yangi rahbariyati, avvalo, qo’shnilari bilan aloqalarni yaxshilashi kerak, deydi tojik ekpertlari. Jumladan, Abdujabbor ham shunday fikrda.
Menimcha, kimki bo’lmasin, davlat tepasiga kelar ekan, istasa-istamasa Tojikiston bilan munosabatlarini yaxshilashi zarur. Chunki O’zbekiston aholisining qariyb yarmi tojiklar, Tojikistonda esa 20-25 foiz o’zbeklar bor, shuning uchun do’stlik rishtalarini mustahkamlashdan boshqa yo’l yo’q hozir. Ammo juda ko’p narsa Karimov atrofidagi rahbarlarga bog’liq, hozir xalqdan ko’ra ko’proq rahbarlaning xohishi amalga oshadi. Yangi rahbariyat xalqni asta sekin siyosiylashtirishi, fuqorolar haq-huquqlariga keng yo’l ochishi zarur. Qo’shnichilik yomonlashuvidan qudratli davlatlar o’z manfaatlarida foydalanishlari mumkin. Aqalli, shuning uchun ham qo’shnichilik yaxshilanishi shart", - deydi tojik siyosatshunosi.