Qozog'iston muxolifati: "Prezident Nazarboyev boshqariladigan demokratiya yaratmoqchi"

  • Amerika Ovozi

Qozog'iston muxolifati: "Prezident Nazarboyev boshqariladigan demokratiya yaratmoqchi"

Qozog'istonda tadbirkorlardan iborat "Ota-Makon" ittifoqi siyosiy partiyaga aylanishi mumkin. Guruhga Nazarboyevning kuyovi rahbar.

Xalqaro hamjamiyat va tahlilchilar Qozog'istonda yaqinda o'tgan prezident saylovlarini tanqid qilmoqda. Ular nazarida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga 2010-yilda raislik qilgan Qozog'iston ilgari bergan va'dalarini bajarmay, ko'zbo'yamachilik bilan shug'ullanmoqda.

Inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi "Freedom House" - "Ozodlik Uyi" tashkilotining bildirishicha, Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 3-aprel saylovlaridan oldin "Vashington Post" gazetasiga yozgan maqolasida Qozog'istonni demokratik davlat deb atagan edi. Biroq, deb yozadi aynan shu gazeta sahifasida tashkilot vakillari, Nazarboyevning 1991-yildan beri boshqaruvi shundan dalolat beradiki, Qozog'iston demokratiya yaqiniga yo'lagani ham yo'q.

So'nggi prezident saylovlarida 95 foiz ovoz olgan Nazarboyevga qarshi jiddiy va haqiqiy raqobat bo'lmadi.

"Qozog'iston rahbari unga hokimiyatda 2020-yilgacha qolish vakolatini beruvchi referendum taklifini rad etsa-da, 3-aprel saylovi referendumdan qolishmaydi, deb yozadi maqola mualliflari.

"Ozodlik Uyi" vakillarining aytishicha, Nazarboyev saylovlarni erkin va ochiq o'tkazishga va'da berib, ularni negadir muddatidan erta uyushtirib, muxolifatga saylovlarga tayyorgarlik ko'rishga imkon bermadi. Maqola mualliflari Nazarboyev arab dunyosidagi g'alayon va qo'zg'olonlar Qozog'istonda 2012-yilgi saylovlar oldidan aks-sado berishidan cho'chib, shunday qildi degan xulosaga boradi.

Qozog'iston mustaqil davlat bo'lganidan beri hech bir saylov xalqaro andozalarga javob bermagan. Muxolif partiya va nomzodlar ro'yxatdan o'tkazilmagan. Parlamentga kirishga imkon beruvchi 7 foizlik dovondan o'tish siyosiy raqiblar uchun oson emas. Nazarboyevga jiddiy raqib ko'ringan arbob tazyiqqa uchraydi. 2005-yilda birining hayotiga hatto suiqasd uyushtirilgan.

"Vashington Post"dagi maqolada aytilishicha, Qozog'iston prezidenti 2010-yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish ilinjida qator siyosiy islohotlarni amalga oshirishga va'da berdi. Buning o'rniga esa parlamentda unga "Millat otasi" degan unvon berildi.

Qozog'iston neft va gaz zaxiralari hisobiga iqtisodiyotni rivojlantirib, siyosiy islohotlarni e'tibordan chetda qoldirdi. Bunday siyosat qanday oqibatlarga olib kelishini Misr misolida ko'rdik, deb yozadi inson huquqlari himoyachilari.

Qozog'istonda tadbirkorlardan iborat "Ota-Makon" ittifoqi siyosiy partiyaga aylanishi mumkin. Guruhga Nazarboyevning kuyovi rahbar. Timur Kulibayev o'tgan yili "Ota-Makon" ittifoqiga rais etib saylangan edi. Kulibayev Nazarboyevning vorisi sifatida ko'riladi. AQShning "Forbs" jurnali uning mulkini 1,3 milliard dollar atrofida baholab, Qozog'istonning uchinchi badavlat insoni deb hisoblaydi.

Nursulton Nazarboyevning maslahatchisi Yormuhammad Yertisbayevning aytishicha, prezidentga "Ota-Makon" ittifoqini siyosiy partiyaga aylantirish taklifi kiritilgan.

Ayni damda parlamentda Nazarboyev rahbarligidagi "Nur Otan" partiyasi yakka hukmron. Muxolif partiyalar 7 foizlik dovondan osha olmagan. Ammo 2009-yilda saylovlar haqida yangi qonun chiqib, jarayonda ikkinchi o'rinni egallagan partiyani parlamentga kiritish ko'zda tutilgan. Garchi 7 foizlik dovondan oshmagan bo'lsa ham. Navbatdagi saylovlar 2012-yilga belgilangan.

Hukumatga muxolif kuchlar yangi partiyani yaratish tashabbusini qoralab, jarayonni sun'iy deb atamoqda.

"Prezident demokratiyani kuchaytirishga va'da berib, aslida boshqariladigan demokratiyani o'rnatishga harakat qilyapti", deydi muxolifat a'zolaridan biri Galim Ageleuov. "Nazarboyev biz demokratiya quryapmiz, deb G'arb ko'zini shamg'alat qilmoqchi", deydi u.

Prezidentning qizi Dariga Nazarboyeva 2006-yilgacha "Asar" partiyasiga boshchilik qilgan, biroq guruh "Nur Otan"ga qo'shilib, Dariga otasiga o'rinbosar etib tayinlangan edi.