Qozog'istonda 26-aprelga rejalangan prezident saylovlari uchun tayyorgarlik davom etmoqda. Xorijdagi muxolifat xalqaro hamjamiyatni "diktator"larga keskinroq muomala qilishga chaqirmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ukrainada sobiq ittifoq muxolifatchilaridan tashkil topgan “Aksildiktatura fronti” saylov arafasida Kiyevda maxsus anjuman o'tkazib, mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan.
Rossiya, Qozog'iston, Ozarbayjon va Gruziyadagi siyosiy tazyiqlar bu davlatlardagi muxolifatchilarni inqiloblar maydoni bo'lgan Ukrainada jamlamoqda. “Aksildiktatura fronti”ni ana shu muxolifatchilar tuzgan.
Diktaturaga qarshi kurash, muxolifatni jonlantishni nazarda tutuvchi bu front tarkibida mintaqadan qozoq oppozitsiyasi ham bor.
Front Kiyevda o'tgan anjumanda 26-aprel kuni Qozog'istonda kutilayotgan prezident saylovlarini, Nazarboyev hukumatini muhokama qildi.
“Sobiq ittifoqning eng keksa diktatorlaridan bo'lgan Nazarboyevga munosabat butun dunyoda, shuningdek, Ukrainada ham juda muloyim. Diktatorlar esa bunga munosib emas. Nazarboyev Qozog'istonni diktatura hukmron tuzumga aylantirdi. U to'rtinchi bor saylovda qatnashmoqda, muxolifat quvg'in qilingan, so'z erkinligi cheklangan bir sharoitda uning g'alabasi shubhasiz. Ammo bu g'alaba Qozog'iston xalqining g'alabasi emas, diktaturaning g'alabasi”, - deydi Ukrainada faoliyat yuritayotgan oppozitsiyadan faol Aydos Sodiqov.
Rossiyada oppozitsiyaga nisbatan tazyiqlar kuchayishi Ukrainadagi rus muxolifatchilari sonini ancha ko'paytirgan. Qozog'istonliklar ham, rossiyaliklar ham o'z qurultoyini Ukrainada o'tkazish rejasini e'lon qilgan.
Rossiyalik Igor Dmitriyev sobiq ittifoqda diktatura mustahkamlashganidan xavotirda.
“Rossiya hukumati ham aynan qozoq hukumati izidan bormoqda, hokimiyat ashaddiylashmoqda. Shuning uchun ham Qozog'istondagi tazyiqlarga nisbatan o'z munosabatini bildirish rus muxolifatining ham vazifasi deb hisoblayman. Qozog'iston xalqiga so'z va tanlov erkinligi qaytarilishi kerak, bu esa faqat hozirgi diktatura tuzimi almashganidan so'nggina mumkin bo'ladi. Bugun sobiq ittifoqda diktatura garovida turgan barcha davlatlar o'z taraqqiyotini demokratik rivojlanish yo'lidan topishi kerak, biz shuning uchun harakat qilamiz”, - deydi Igor Dmitriyev.
Gruziyada ham tazyiqlar boshlanganini iddao qilayotgan gruzin muxolifatchilari ham regionda diktatura kuchaya boshladi degan fikrda.
“Sovet ittifoqi qulagandan buyon diktatura rejimida qolayotgan davlatlar ko'p, Qozog'iston shulardan biri. 20 yildan buyon hokimiyatda kelayotgan Nazarboyev saylovda yana 90 foizdan oshiq ovoz bilan g'alaba qozonadi. Qozoq xalqiga tanlash imkoniyatini berish kerak, xalqaro hamjamiyatning hukumatga yopishib olgan diktatorlarga nisbatan keskin sanksiyalar qo'llash vaqti kelgan”, - deydi gruzin muxolifati vakili Tamara Shevladze.
Suhbatdoshlar avtoritar rejimlar demokratik davlatlar tomonidan qo'llanayotganidan norozi.
Aydos Sodiqovning aytishicha, Nazarboyev birinchilardan bo'lib Qrim anneksiyasini tan olgan liderlardan, bu tanlov uzoq yillardan buyon Nazarboyev hokimiyatiga kafolat bo'lib kelgan Moskvaga minnatdorchilikni ifodalaydi, xolos.
“Shuning uchun Ukraina masalasida Putinni yaqindan quvvatlab kelgan Nazarboyev hukumati ham sanksiyalardan chetda qolmasligi kerak deb hisoblaymiz. Unga, uning atrofidagilarga nisbatan sanksiyalar qo'llanishi, hisob raqamlari muzlatilishi lozim”, - deydi Aydos Sodiqov.
Qozog'iston prezidentligi uchun saylovlar 26-aprel kuni o'tadi. Saylovda Nazarboyevdan tashqari yana bir necha nomzod ro'yxatga olingan.
Ammo qozog'istonlik faollar so'zlariga ko'ra, muxolifat tazyiqqa olingan bir sharoitda o'tayotgan bu saylovlar qo'shni O'zbekistondagi kabi, amaldagi prezidentning yangi muddatini rasmiylashtirish uchun tashkil qilindi, xolos.
Your browser doesn’t support HTML5