1-dekabr Qozog'istonda birinchi prezident kuni sifatida bayram qilinadi. Kecha Vashingtonda qozoq adabiyotiga bag'ishlangan kecha bo'lib o'tdi. Tadbir Kongress qoshida, AQSh qonunchilari homiyligida o'tkazildi. Bir oy oldin ham Amerika poytaxtida qozoq tarixi va madaniyatiga bag'ishlangan anjuman kechgan edi.
Ostona G'arbda lobbichilik faoliyatini kuchaytirib, Qozog'istonning nafaqat siyosiy va iqtisodiy, balki ilmiy-madaniy salohiyatini ham targ'ib qilmoqda. Biroq AQSh hukumati bu davlatdagi tub muammolar haqida ham keng tasavvurga ega.
Your browser doesn’t support HTML5
Vakillar Palatasida Qozog'iston kengashi bor. Unga respublikachi va demokrat qonunchilar kiradi. 10 a'zolik bu guruh nazarida Nursulton Nazarboyev Amerika ishonsa va tayansa bo'ladigan lider. Kongressda Qozog'iston xususida kechgan biror yig'in bu qonunchilarsiz o’tmaydi.
30-noyabr kuni qozoq adabiyoti kechasida Alabama shtatidan respublikachi qonunchi Robert Aderxolt so'zga chiqib, amerikaliklar Qozog'iston haqida kengroq bilimga ega bo'lishi kerak, chunki dunyoning u qismlarida bu davlatning roli va ta'siri tobora kuchayib bormoqda, dedi.
Aderxolt Qozog'istonni Jahon savdo tashkilotiga to'laqonli a'zo sifatida kirgani bilan qutlab, butun Kongress nomidan tabrikladi.
Jorj Vashington universitetida Markaziy Osiyo adabiyoti va madaniyati bo'yicha professor Piter Rollberg fikricha, Qozog'istonda o'tgan yillar ichida ona tili va adabiyotga e'tibor oshgani muhim bir burilish.
Aholining 40 foizga yaqini rus tilida gaplashishi, hukmron doiralar ham, asosan, rus tilida fikrlab, muloqot qilishini hisobga olsak, qozoq tili nafaqat mahalliy miqyosda, balki xorijda ham targ'ib qilinayotgani strategik bir qadam, deya talqin qilmoqda Amerika ziyolilari. Rossiya ta'sirini cheklash va "qozoqlikni kuchaytirish" kampaniyasi olib borilmoqda.
Qozog'istonning AQSh va Kanadadagi elchisi Kayrat Umarov - Markaziy Osiyoning Vashingtondagi eng faol diplomati. Deyarli har oy kamida bir tadbirga boshchilik qiladi, Amerikadagi turli tashkilotlar bilan hamkorlikda anjuman va yig'inlar o'tkazadi. Kelasi hafta 100 ga yaqin odam Qozog'iston-AQSh konvensiyasiga yig'iladi.
Til - inson ruhiyatining kaliti, degan qozoq maqoli bor. Shu yili AQShda nashrdan chiqqan adabiy jamlanma qozoq yozuvchi va shoirlarining asarlari tarjimasi bo'lib, uni Kolumbiya universiteti professori, qozog'istonlik olim Rafis Abazov tahrir qilgan. Ko'chmanchi elat o'tmishi va bugunini aks ettiruvchi kitobga kirish so'zini esa elchi Umarov yozgan.
"Xalqim o'zligini anglashi, qozoq davlatchiligi va madaniyati qad ko'tarishi uchun uzoq va murakkab yo'lni bosib o'tdi. Bugun biz kimligimizni bilamiz va bunda prezidentimiz Nursulton Nazarboyevning xizmati katta", - deydi Umarov Kongressda so'zlar ekan.
Elchixona bu yilning o'zida Amerikadan bir necha mutaxassisni Qozog'istonga yuborib, tarix va adabiyot yuzasidan izlanishlarga homiylik qildi.
Ekspertlar qaytgach, tabiiyki, bu davlatga minnatdorchilik bildirib, amaldagi siyosat haqida iliq so'zlar aytadi.
Eng asosiysi, deydi bu olimlar, bilim va tushunchalar kengayishi uchun imkoniyatlar berilmoqda. Arxivlar ochiq, tadqiqot olib boraman desangiz, yordam berishadi. Qozog’iston ilmiy markazlari xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy maskanlar bilan tenglasha oladigan dargohlarga aylansin, degan ko’rsatma berilgan.
19-noyabr kuni Kongress qoshida Qozog'iston xususida o'tgan yana bir yig'inda mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog'liq ahvol muhokama qilindi.
Diniy erkinlik bo'yicha AQSh xalqaro komissiyasi respublikada tanilgan huquq faoli Yevgeniy Jovtisni taklif qilib, undan Qozog'istondagi vaziyatni tahlil qilib berishni so'radi.
Jovtis ma'ruzasida fundamental masalalarga e'tibor qaratdi. Erkinlik deganda o'zi nima tushuniladi? Bugungi tuzum huquq va adolatni ta'minlash uchun qanday qadam tashlamoqda? Fuqarolar o'z haqlarini qachon va qay sharoitda talab qila oladi? Hammasi nisbiy, deydi Jovtis.
Korrupsiya chuqur ildiz otgan jamiyatda har qanday muammo yechimi pora va yulg'ichlikka borib taqaladi. Odamlarning cho'ntagida ko'proq puli borligi jamiyat taraqqiy etmoqda degani emas. Hozircha korrupsiya yanada kuchayib, poraxo'rlar ko'payib bormoqda.
Jovtis xalqaro maydonda shuhrat qozongan, turli mukofotlarga munosib ko'rilgan, bir necha bor hibsda o'tirib chiqqan faol.
Huquq, erkinlik yoki huquq talab qilish erkinligi? Jovtis shunday savolni o'rtaga tashlaydi.
Yaxshilab o'ylab ko'ring, deydi u. Faol yurtdoshlari, qolaversa, butun Markaziy Osiyo ahlini bu borada jiddiy fikrlashga undaydi.
Axborot erkinligimi yoki e'tiqod erkinligi, uzviy huquqlar uchun kurash kimdan va qayerdan boshlanadi? Hukumat qonunni ro'kach qiladi. Lekin bu qonunlar hayotda qanchalik aks etmoqda? Jamoatchilik bu borada ochiqroq fikrlab, mushohada qilmasa, hech qanday progress bo'lmaydi, deydi Jovtis.
Qonunchilik va amaliyot chorak asrlik mustaqillik davrida ham sovetcha uslubda qoldi, deydi faol. Adolat talab qilsang, haqiqat chetga surilib, sizga qog'ozdagi qonunni ko'rsatishadi.
Qonun haqiqatni o'zgartirish uchun xizmat qilmaydi, deya ta'kidlaydi u, real hayot aksariyat fuqarolar uchun og'ir. Oddiy muammoni hal etish uchun yillab vaqt ketadi, bosim ostida qolasiz va oxir oqibat masala yechilmaydi ham. Buyruqbozlik, qog'ozbozlik, qo'rqinch, tazyiq - kundalik hayot.
Har qanday xalq mentalitetini tushunish uchun uning til va adabiyotini o'rganish kerak, deydi Qozog'iston elchixonasi tadbirida so'zlagan olimlar. Mehmonlar ko'tarib ketayotgan kitobda yozilganidek, tilni bilmasangiz, dard ham sizga qorong'i.
AQShda chop etilgan qozoq adabiy asarlari jamlanmasi bugun Kongress kutubxonasi, dunyodagi eng yirik kolleksiyaga qo'shildi.