Jon Kerri Kobulda bo'ldi

  • Amerika Ovozi

Kobul, 9-aprel, 2016

AQSh Davlat kotibi Jon Kerri e'lon qilinmagan holda Afg'onistonga bordi. Kobulda u tinchlik o'rnatish yo'lida olib borilayotgan sa'y-harakatlar bilan tanishdi.

Afg'oniston Tashqi ishlar vaziri Salohiddin Rabboniyning aytishicha, hukumat tinchlik o'rnatish va muloqot boshlashga tayyor, ammo bu amalga oshishi uchun Tolibon ham muzokara stoliga o'tirishi kerak.

"Xalqaro hamjamiyat mintaqaning muhim davlatlarini Tolibonga ta'sir o'tkazishga undab, guruhning Afg'oniston hukumati bilan to'g'ridan to'g'ri aloqa o'rnatishiga yordam bera olishiga ishonamiz", - dedi Rabboniy.

Jon Kerri Kobulda Prezident Ashraf G'ani va Bosh vazir Abdulla Abdulla bilan ham uchrashdi.

AQSh, Afg'oniston, Pokiston va Xitoydan iborat xalqaro koardinatsiya guruhi muzokaralarni qayta boshlashga urinmoqda. Ammo Tolibon mart oyiga belgilangan uchrashuvlarda qatnashishdan bosh tortdi.

Kerri Afg'oniston uchun tinchlik va xavfsizlik zarurligiga alohida to'xtaldi.

"Davomiy va tarixiy o'zgarishlarni amalga oshirish maqsad ekan, dam olishga vaqt yo'q", - dedi u.

Ayrim kuzatuvchilar fikricha, Tolibon va Kobul o'rtasida hech qachon muzokaralar bo'lmaydi.

"Hech qanday tinchlik jarayoni mavjud emas, - deydi Strategik tadqiqotlar instituti professori Metyu Kris Mason. - Tolibon unda ishtirok etmasligini aniq-tiniq ma'lum qilgan".

Shu yilning iyul oyida Varshavada bo'ladigan NATO yig'inida afg'on xavfsizlik kuchlariga ko'rsatilayotgan yordam qayta ko'rib chiqiladi.

Kerrining Afg'onistonga tashrifidan ko'zlangan maqsadlardan biri AQSh Afg'onistonning saylovdan keyin tuzilgan ittifoq hukumatini qo'llab-quvvatlashda davom etishini ko'rsatishdir.

AQSh ikki yil avvalgi prezidentlik saylovida Ashraf G'ani va Abdulla Abdula o'rtasida kelib chiqqan kelishmovchilikni hal qilib, birlashgan hukumat tuzilishiga vositachilik qilgan edi.

Ammo mahalliy aholi hukumat ishidan norozi.

Yaqinda o'tkazilgan ommaviy so'rovga ko'ra, aholining 80 foizi G'ani-Abdulla hukumatidan qoniqmaydi.

Tolibon bilan tinchlik muloqotining olg'a yurmayotgani va so'nggi paytlarda zo'ravonlik kuchaygani buning asosiy sabablaridan biri deb ko'riladi.