Qirg’iziston elchisi Muxtor Jumaliyev iqtisod, sarmoya, suv, etnik ixtilof haqida

Muxtor Jumaliyev, Qirg'iziston elchisi mamlakatning asosiy savdo hamkorlari chegaradosh davlatlardir - Rossiya, Qozog'iston, Xitoy va O'zbekiston, deydi. Surat Rumi Forumi saytidan olindi (http://www.rumiforum.org/)

Qirg'izistonda ishlayotgan aksariyat AQSh kompaniyalarining faoliyati Manas tranzit markazi bilan bog’liq. Ular, asosan, transport va logistika yo’nalishida faoliyat yuritadi.

Holbuki, respublika xorijiy firmalarning boshqa sohalarga ham sarmoya kiritishini istaydi, deydi Qirg'izistonning AQShdagi elchisi Muxtor Jumaliyev. Uning aytishicha, masalan, "Google" bilan bu borada muzokaralar ketayapti.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'iziston elchisi Muxtor Jumaliyev iqtisodiyot, sarmoya, etnik ziddiyat haqida


Qirg'iziston mintaqaning eng qashshoq davlatlaridan. Shu bilan birga, o'lka rahbariyati bu yerda biznes va investitsiya uchun eng yaxshi sharoitlar yaratilganini aytadi.

Bu davlatning AQShdagi elchisi Muxtor Jumaliyev yaqinda Vashingtondagi Rumi forumida shu haqda so'zladi.Elchining so'zlariga ko'ra, Qirg'izistonning asosiy savdo hamkorlari chegaradosh davlatlardir - Rossiya, Qozog'iston, Xitoy va O'zbekiston. Qirg'iziston xorij savdo aylanmasining deyarli 60 foizi Rossiya va Qozog'istonga to'g'ri keladi.

Ayni paytda, mamlakat Amerika sarmoyadorlarini jalb qilmoqchi. Hozir AQSh kompaniyalari tor yo'nalish - "Manas" tranzit markazi bilan ishlaydi. Yaqinda "Google" rahbariyati mamlakatda bo'lib, bu yerda kompaniyaning idorasini ochish haqida muzokara olib borgan. Jumaliyevning aytishicha, bugun eng yirik sarmoyachilar Rossiya, Xitoy, Germaniya, Shveysariya va Kanada.

Jahon savdo tashkilotga a'zolik

Qirg'iziston 1996-yildan buyon Jahon savdo tashkiloti a'zosi. Qo'shni Qozog'iston va O'zbekistondan farqli ravishda, iqtisodiyoti kichik bu yurtning tashkilotga kirishi oson kechdi.

Qirg'iziston xorij savdo aylaymasi bugun 7,2 milliard dollar atrofida. Eksport chamasi 1,5 million, import taxminan 6 million dollar. "Ko'rib turganingizdek, importimiz eksportga qaraganda uch barobar ko'p va iqtisodiyotmiz ochiq, liberal", - deydi elchi Muxtor Jumaliyev.

Uning aytishicha, Jahon savdo tashkilotiga a'zo mamlakat o'z bozorini ochib bergani uchun Qirg'izistonga mahsulot kirishi oson va bu mol qo'shnilar bilan taqqoslaganda juda arzon. Bu tovarlar Qirg'izistondagi qaynoq bozorlardan turib qo'shnilarga qayta eksport qilinadi.

Gidroenergetika

"Qirg'iziston hududining 99 foizi tog'li region. Neft va gazimiz yo'q, lekin suvga boymiz va uning hisobiga gidroenergiya ishlab chiqarishimiz mumkin. GESlar qurilishiga Amerika sarmoyadorlarini jalb qilishga harakat qilayapmiz", - deydi elchi.

GES loyihalariga qishloq xo'jaligi suvga qattiq muhtoj O'zbekiston qarshilik bildirib keladi. Gidroinshootlar xavfsiz emas, ular suv taqsimotini buzib yuboradi, deya norozi Toshkent.

Muxtor Jumaliyev bu borada "CASA 1000" nomli loyihani alohida tilga oladi. Gidroenergiya ishlab chiqarish bo'yicha bu loyihaga Tojikiston, Qirg'iziston, Afg'oniston, Pokiston va Hindiston pul qo'shgan. Taxminan, bir milliard dollarlik qurilish ishlari kelasi yilda boshlanishi rejalangan, ammo oldin Jahon Banki tasdig’idan o’tishi kerak.

Xorij sarmoyasi uchun qulay yana bir yo'nalish - konchilik, deydi Qirg'iziston elchisi. Izlanishlarga ko'ra, Qirg'izistonda 740 ming tonna tilla zaxiralari bor. "Kumtor" oltin koni eng yiriklaridan. Turizm ham iqtisodning muhim ustuniga aylanishi mumkin, chunki mamlakatning togli regionlari tomoshabop.

Ishchi migrantlar

Qirg'iziston iqtisodiyotini tirab turgan omillardan biri ishchi migrantlar yuborayotgan puldir. Muxtor Jumaliyev buni xizmatlar eksporti deya ta'riflaydi.

“Qirg’iziston ishchi migrantlar orqali o’zining xizmatlarini havola etayapti va buning evaziga haq olayapti. Qo’shma Shtatlarda bizning migrantlar 20 ming atrofida ekani taxmin qilinadi, aniq statistika yo’q. Konsulligimiz 3 yarim ming odamni ro’yxatga olgan. Hammasi o’qiydi, ishlaydi, vataniga qandaydir yangiliklar olib boradi. Masalan, qishloq xo’jaligini oling. Biznikilar Amerikada agrosektorda olgan bilimi, texnologik ko’nikmani vatanda qo’llash uchun tayyor. Haqiqatan, ishchi muhojirlar iqtisodimizning muhim bo’lagi. Hozir diasporalar haqidagi qonun loyihasi ustida muhokama ketayapti. Maqsad – bizdan chiqqan ishchilar qaysi davlatda bo’lmasin, huquqiy himoyaga ega bo’lsin, Qirg’iziston davlat idoralari bilan bog’lana olsin”, - deydi u.

Elatlararo ziddiyat

Rumi forumida so'zlagan elchi Jumaliyevga elatlararo ziddiyat yuzasidan ham savol tushdi.

“2010-yilgi qo’zg’olon ketidan janubda elatlararo to’qnashuvlarga guvoh bo’ldik. Fojeadan afsusdamiz. O’sha damda rahbariyat g’alayonni bartaraf qila olmadi va uzoq asrlik ikki qardosh elat o’rtasida nifoq kelib chiqdi", - deydi Qirg'iziston elchisi.

Uning aytishicha, avvalgi hukumatlar etnik ixtilof muammosiga puxta yondashmagan. O’zbek jamoasi boshqacha hayot tarzi, ayri turmush kechirib kelgan va mamlakatdan qaysidir ma’noda ajralib qolgan.

"Shunday ekan, hukumat alohida qo’mita tuzib, uni elatlararo muammolar uchun mas’ul qilib belgiladi. Biz buning uchun alohida strategiya ham ishlab chiqdik va unda nafaqat o’zbek, balki barcha elatlar, jumladan, ruslar, uyg'urlar, qozoqlar va boshqalar Qirg’izistonda tinch-totuv yashashi uchun sharoit yaratish haqida so’z boradi. Adliya tizimida ham islohotlar o’tkazilayapti, toki elatlararo ziddiyat masalasi xolis, oshkora tarzda ko’rib chiqilsin, sudlar bu ishlarni obyektiv ravishda tahlil qilsin. Albatta, bu yo’nalishda ko’proq ish qilinishi kerak. Biz xalqaro ekspertlarga eshiklarimizni ochib berdik", - deydi elchi.

Jumaliyev millatlararo ixtilof masalasini juda nozik muammo deydi. Uning so'zlariga ko'ra, hukumat davlat idoralariga, siyosiy qarorlar qabul qilish jarayoniga barcha elat vakillarini jalb qilishga urinayapti.