Qirg'izistonda etnik hamjihatlik yo’lida jon kuydirayotgan nohukumat tashkilotlar

Qirg'izistonda etnik hamjihatlik yo’lida jon kuydirayotgan nohukumat tashkilotlar

Janubiy Qirg’izistonda o’tgan yilgi iyun voqealari oqibatlarini bartaraf etish, ikki xalq o’rtasida tinchlik-totuvlik va o’zaro ishonch o’rnatish yo’lida 20 dan ziyod nodavlat tashkilotlar ish olib bormoqda.

“Iret” deb nomlangan jamoatchilik jamg’armasi ushbu masala bilan avvaldan shug’ullanib kelgan va ma’lum tajribaga ega.

Hozirda ushbu tashkilot xalq diplomatlari guruhlari tashkil etish, turli millatlar yoshlarini biriktirish bilan mashg’ul. Tashkilot rahbari Dilbarqan Mamajusupovaning aytishicha, jamg’arma tomonidan bu borada bir necha loyiha amalga oshirilayotir.

“Biz O’sh shahrining 11 hududiy kengashida yoshlar kengashlarini tashkil qildik. Bu loyiha 330 yoshlarni qamrab oladi. 11 yoshlar kengashining liderlari o’z orasida koordinatsion kengash tuzishdi. Ularning o’z ustavlari, bir yillik ish rejalari bor. Ularning asosiy maqsadi - O’sh shahrining turli hududlarida turli millat yoshlarini bir-biri bilan bo’lgan aloqalarini kuchaytirish. Ayni paytda yoshlarimiz tinchlik, totuvlik yo’lidagi turli rejalarni ham amalga oshirishmoqda”, - deydi u.

Aksar nodavlat va jamoatchilik tashkilotlari mahalliy davlat tizimlari bilan tig’iz hamkorlik o’rnatishga va birgalikda harakat qilishga intiladi.

Qirg'izistonda etnik hamjihatlik yo’lida jon kuydirayotgan nohukumat tashkilotlar

“Ushbu ishlarga bizning tashkilot faqat ma’lum darajada moliya ajratgan, O’sh shahar meriyasi ham 100 ming so’m berdi. Aytish joizki nodavlat uyushmalar, davlat tizimlari, deb bo’lmasdan ish ketmoqda. Masalan, zikr qilingan loyiha shahar meriyasining yoshlar ishlari bo’yicha bo’limi tashabbusi bilan amalga oshmoqda. Biz esa texnik jihatdan yordam berayapmiz”, - deydi Dilbarqan Mamajusupova.

Suhbatdosh nazarida, hamjihatlikda olib borilayotgan ishlar o’z samarasini bera boshlagan.

“Birinchi natijalar yaxshi. To’plangan 330 turli millat yoshlarimiz orasida aloqa o’rnatildi. Har xil loyihalar o’tkazilishi oqibatida ular bir-birlarini yaqinroq tanishiga imkoniyat berildi. Endi esa ikkinchi bosqichni boshladik. Yoshlarimiz uch yo’nalishda loyihalar tayyorlashdi. Birinchi yo’nalish, masalan, qilingan ishlar borasida ommaga axborot berish, buning uchun mahalliy telekanalda ko’rsatuvlar rejalashtirilgan. Ikkinchi yo’nalishda ham planlar bor. Bir-birinikiga borib, ma’lum muddat yashab kelish, turli madaniy loyihalar. Ushbu rejalarni qirg’iz-o’zbek guruhlari birgalikda 1 oktabrgacha amalga oshirish planlari bor”, - deydi “Iret” jamoatchilik jamg’armasi boshlig’i Dilbarqan Mamajusupova.

Qirg’iziston prezidenti Roza Otunbayeva tinchlik, barqarorlik o’rnatishda fuqaroviy jamiyat salohiyati va roliga alohida urg’u berib keladi. Prezident nodavlat tashkilot rahbarlari bilan tez-tez davra suhbati qurib turishi ma’lum.

Qirg'izistonda etnik hamjihatlik yo’lida jon kuydirayotgan nohukumat tashkilotlar

Qator tahlilchilar mahalliy davlat tizimlari hududda elatlar o’rtasida ishonchni tiklash, do’stlikni mustahkamlash, turli noxush ko’rinishlarga barham berish masalasida sustkashlik qilayotganiga e’tibor beradi. Mulozimlar faoliyatida yuzakilik ko’zga tashlanadi, deydi ular.

Jalol-Oboddagi inson huquqlari tashkiloti xodimi Abdumalik Sharipov fikricha, ikki xalqni yarashtirishda mahalliy davlat tizimlari Qirg’iziston janubida ish olib borgan turli komissiyalar tavsiyalarini ham inobatga olishi kerak.

“Bu yerda qilinayotgan ish-choralari yuzakiga o’xshab qolayapti-da. Lekin quvontiradigan tomoni – hozir barcha viloyatlarda, viloyat gubernatorlari qoshida Maslahat Kengashlari tuzildi. Bularning vakolatlari kengroq”, - deydi u.

Kuzatuvchilar nazarida, nodavlat tashkilotlarning sa’y-harakatlari janubdagi vaziyatni ma’lum qadar yumshatishga, odamlarda kelajakka umid uyg’otishga salmoqli hissa bo’layotir.