Qirg’izistonlik shifokorlar Rossiyada mehnat qilayotgan vatandoshlar salomatligidan tashvish bildirmoqda. Mutaxassislarning aytishicha, mehnat muhojirlari orasida har xil yuqumli kasalliklar, shuningdek, oyoq-qo’l xastaliklari, ishlab chiqarish bilan bog’liq jarohat hollari ko’paymoqda.
Kuzatuvchilarga ko’ra, qirg’izistonlik muhojirlar orasida yakka holda ishga yollanish keng tarqalgan bo’lib, odatda ular ijtimoiy muhofaza choralaridan mahrum.
O’sh viloyat sil kasalligiga qarshi kasalxonaning shifokori, taniqli olim Komil Otaxonov qabulida Rossiyada xastalanib, vatanga qaytgan insonlar oz emas.
“Mehnat muhojirlarining turmush sharoitlari og’ir. Bir xonada besh-olti odam yashaydi. Sanitariya-gigiyena talablariga rioya qilinmaydi. Vaqtida issiq ovqat yeyishmaydi. Shu bois turli kasalliklar kelib chiqadi va tez tarqaladi”, - deydi mutaxassis.
Suhbatga qo’shilgan bu ayol Rossiyada ishlayotgan farzandlarinikida yilda bir necha oy bo’lar ekan.
“Xastalarni ko’p ko’rdim. Ozib, sarg’ayib ketishgan, majoli yo’q. Uyga pul yuborishim kerak, deydi xolos. Salomatligini o’ylashmaydi. Kasalxonaga boray desa, sug’urtasi yo’q, qabul qilishmaydi. O’z bilganlaricha davolanib yuraverishadi”, - deb hikoya qiladi ayol.
Janubiy Qirg’izistondagi nodavlat tashkilotlardan biri Rossiya Federatsiyasi hamda Qozog’istonda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning ish va turmush sharoitini o’rgangan. Tashkilot rahbari Aqilbek Tashpulatov bunday deydi:
“Birinchidan, vatandoshlarimiz u yoqlarda aksar hollarda og’ir yumushlar bilan mashg’ul. Ish jarayonida zavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilinmaydi. Ustiga ustak, qonunni chetlab ish yuritayotgani bois ijtimoiy xizmatlardan mahrum. Oqibatda topgan puli davolanishga ketadi. Yosh yigitlar va tug’ruq yoshidagi xotin-qizlarimizning turli dardlarga chalinishi, yaxshi davolana olmasligi xalqimizning genofondiga ziyon yetkazishi mumkin”.
O’tgan yili Qirg’iziston Rossiya yetakchiligidagi Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga kirgan. Bu uyushma hududida mehnat muhojirlari hayoti va faoliyati uchun shart-sharoit osonlashishi ovoza qilinib keladi.
Suhbatdosh deydiki, haqiqatan ham ayrim qulayliklar bor. Aytaylik, qirg’izistonlik muhojirlar endi ish yuritish uchun patent olib o’tirmaydi. Ayni paytda, chetdan kelgan mehnat ahlining o’z haq-huquqlarini yaxshi bilmasligi, manfaatlarini himoya qilish istagi sustligi ko’zga tashlanadi.
Mahalliy kuzatuvchilarning aytishicha, keyingi yillarda Qirg’izistonda tegishli idoralar orqali xorijda ishga joylashish tartibi izdan chiqqan. Odatda ko’pchilik yakka tartibda, tanish-bilish orqali, og’zaki kelishim bilan ishga o’rnashadi. Yollangan ishchining salomatligini sug’urtalash va umuman ijtimoiy muhofaza masalalari ko’zda tutilmaydi.
O’shlik shifokor Komil Otaxonov ishga yollovchilarning mas’uliyatini oshirish lozimligi, shuningdek, mehnat muhojirlarining huquqiy savodxonligini ko’tarish darkorligini ta’kidlaydi.