Qirg'iziston janubida aholiga qarshi xunrezliklar davom etar ekan, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga a'zo davlatlar bugun Moskvada favqulodda choralarni muhokama qilgan. Xalqaro tashkilotlar qon to'kilishlariga chek qo'yishga chaqirmoqda.
Qirg'iziston janubida o'zbeklarga qarshi hujumlar o'tgan hafta oxirida Toshkentda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti bilan bir paytga to'g'ri kelgan edi.
O'zbekiston va Rossiya prezidentlari O'shdagi voqealar Qirg'izistonning ichki ishi deya chora ko'rmagan edi. Biroq xunrezliklar kuchayib, bugunga qadar 100 mingga yaqin qochqin jon saqlash maqsadida O'zbekistonga o'tgan.
Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushevning aytishicha, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti majlisida bir qator takliflar ko'rilib, loyiha ishlab chiqilgan va a'zo davlatlar rahbarlariga taqdim etiladi. Yaqin kunlarda yakuniy qaror qabul qilinadi, deydi Patrushev, harbiy kuch safarbar etish ham ehtimoldan xoli emas.
Tashkilot Qirg'iziston qonun-tartibot organlariga texnik-moddiy yordam ko'rsatishga qaror qilgan.
Qirg'iziston muvaqqat rahbari Roza Otunbayeva tartibni o'rnatishda yordam so'rab, prezident Dmitriy Medvedevga murojaat etgan, ammo rad javobini olgan edi.
Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedevning Qirg'izistondagi maxsus vakili Vladimir Rushaylo ayni damda O'shda. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilayotgan Qozog'iston tashkilotning ikki vakilini Qirg'izistonga yuborgan. BMT bosh kotibi vakili ham mintaqaga safarbar etilgan.
Qirg'iz rasmiylari hisobicha, xunrezliklarda 124 kishi o'lgan, biroq o'zbeklar muvaqqat hukumatni yolg'on ma'lumot tarqatayotganlikda ayblab, qurbonlar yuzlab, balki minglab sonda ekanini aytmoqda.
Oilasini O'zbekiston bilan chegara tomon jo'natib, o'zi uy-joyi va mahallani yovuz kuchlardan himoya qilish uchun ortda qolgan o'zbeklar bo'layotgan voqealarni uyali telefonga tushirib, Internetga qo'ymoqda.
Muvaqqat hukumat voqealar ortida Qurmanbek Bakiyev va uning tarafdorlari turibdi desa, sobiq prezident qirg'inga aloqadorligini inkor etmoqda. Qozog'istonda ham Bakiyev aybsiz degan fikr bor. Prezident Nursulton Nazarboyevning siyosiy masalalar bo'yicha maslahatchisi Yormuhammad Yertisbayev nazarida "agar Bakiyev xorijdan turib, shu ishlarni qilayotgan bo'lsa, u holda bunday qudrat bilan hokimiyatdan ag'darilmagan bo'lar edi".
Minskdan panoh topgan Bakiyev bugun matbuot anjumani o'tkazib, Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotini zudlik bilan Qirg'izistonga qo'shin kiritishga chaqirgan.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Navi Pillay Qirg'iziston hukumati va mahalliy hokimiyatlarini fuqaro huquqlarini poymol etishni bas qilishga va xavfsizlikni ta'minlashga chaqirmoqda.
"Odamlar etnik kelib chiqishiga qarab o'ldirilmoqda, zo'rlanmoqda, tahqirlanmoqda. Qurbonlar va jabrdiydalar orasida bolalar ko'p ekani ma'lum. Bo'layotgan voqealarning oldindan puxta rejalangani aniq, shu sabab zo'ravonliklarni to'xtatish uchun hukumat keskin chora ko'rishi kerak. Aks holda voqealar mamlakat ichkarisi va qo'shni davlatlarga tarqalishi mumkin. Betaraf holda ish tutish kerak," - deydi u.
Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar bo'yicha raisasi Ketrin Ashton Qirg'izistondagi vaziyatdan o'ta tashvishdamiz, deydi. Rasmiy muvaqqat hukumatni tartibni tiklashga da'vat etmoqda. "Ittifoqning Markaziy Osiyo bo'yicha vakili Pyer Morrel bilan muntazam aloqadamiz, u hozir Qirg'izistonda va qanday yordam zarurligini aniqlamoqda", - deydi Ashton.
Germaniya Tashqi ishlar vaziri Gvido Vestervelle zo'ravonlikni zudlik bilan to'xtatishga, tomonlarni murosaga undamoqda. Yevropa Ittifoqi va BMT vaziyatni kuzatmoqda va uni hal qilish, muhtojlarga yordam berish yo'llarini izlamoqda, deydi vazir.