Qirg’izistonda tasviriy san’atning qator yo’nalishlari qayta jonlanayotgani kuzatilmoqda. Lekin kuzatuvchilar soha davlat va homiylar ko’magiga muhtojligini ta’kidlaydi. Chunki qo’shimcha daromadi bo’lmagan rassomlarning erkin ijod qilishi qiyin.
O’shlik musavvir Turg’unboy Toshqo’ziyevning ijodi yaqinda munosib taqdirlandi. U o’tgan yili Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi unvoniga sazovor bo’ldi.Rassom tashlandiq binoda joylashgan eski ustaxonada ijod qiladi. Bu joy kamtarona nafaqa hisobiga kun kechirayotgan ijodkorning istiqomat makoni hamdir.
“San’at rivojlanyapti, ammo yashash qiyin, - deydi rassom. - To’rt ming so’m nafaqa olaman. Bo’yoqlar, ramkalar boshqa kerakli narsalar qimmat. Ba’zan qarz olishga to’g’ri keladi. Tirikchilik uchun qorovullik qildim, ko’cha supurdim. Unvon olgandan keyin qorovullik qilgan joyimga borsam, kulishdi, “qorovulga ham unvon berarkanmi”, deb. Ular mening asarlarimni bilishmaydi-da”.
O’z davrida Qirg’izistonda tasviriy san’atning turli yo’nalishlari, ayniqsa, rangtasvir ancha taraqqiy etgan. Sobiq Ittifoq parchalangach, san’atning eng jabr tortgan sohasi aynan tasviriy san’at bo’ldi. Ammo so’nggi yillarda rassomchilik inqirozdan chiqayotgani ko’zga tashlanmoqda.
O’sh Davlat universiteti professori san’atshunos Tamara Qadirbayevaning aytishicha, bu sohada keyingi yillarda bir qator ijodiy muvaffaqiyatlarga erishildi.
“Umuman olganda, sovetlar davridan buyon san’at tarixchilari O’sh rangli tasvir yo’nalishini urg’ulab keladi. Va albatta, o’lkamizning rang-barang madaniyatini hisobga olgan holda xalq hunarmandchiligi, xalq amaliy ijodini rivojlantirishimiz kerak. Bu ikki yo’nalish azaldan san’atimizda yetakchilik qilgan”, - deydi professor.
Olimaga ko’ra, hozirgacha Qirg’izistonda madaniyat sohasida davlat siyosati shakllanmagan, shunday bo’lsa-da, tasviriy san’at oyoqqa tura boshlagan. Ayni paytda mo’yqalam sohiblari ijodni davom ettirish uchun qo’shimcha daromad qidirishadi. Kimdir tadbirkorlik, kimdir ustachilik bilan mashg’ul.
Yosh ijodkorlar zamonaviy texnologiyalar orqali o’z asarlarini dunyo sahnasiga olib chiqishga urinmoqda. Ayni paytda xorijiy ijod uyushmalari qirg’izistonlik rassomlar asarlarini to’plamlarga kiritishga ko’mak bermoqda.
“Yosh ijodkorlarimizning o’z saytlari bor, - deydi Tamara Qadirbayeva. - Masalan, o’shlik grafika ustasi Anatoliy Tsibuxning asarlarini, menimcha, yarim million odam Internet orqali tanisa kerak”.
Mutaxassislar fikricha, Qirg’izistonda san’atni, jumladan, tasviriy san’atni rivojlantirish uchun davlat dasturi ishlab chiqilishi lozim. Birinchi navbatda ijodkorlar uchun shart-sharoit, moddiy ta’minot masalalari hal qilinishi lozim, deydi ular.
O’shlik rassom Turg’unboy Toshqo’ziyev sohaga davlat va homiylar ko’magi zarurligini ta’kidlaydi.
“Rassomlar juda kamtarona odamlar bo’ladi, - deydi u. - Shu bois ularga biron odam yoki tashkilot yo’l ko’rsatishi kerak, aytaylik, asarlarni dunyoga tanitishda. Bu borada san’atshunoslar, ommaviy axborot vositalarini ham jalb etish lozim”.
San’atshunos professor Tamara Qadirbayeva nazarida, o’kaning janubida alohida san’at oliy o’quv yurtini ochish maqsadga muvofiq bo’lar edi. Bu hududning madaniy merosini o’rganish va boyitish yo’lida keng inkoniyatlar ochadi, deydi u.
“Shunday institut ochib, yarmi musiqaga, yarmi badiiy ijodga berilsa, yaxshi bo’lardi. Ana o’sha joyda rivojlanish davom etsa, tadqiqotlar, izlanishlar olib borilsa, boy badiiy meros saqlansa”, - deya orzu qiladi professor Tamara Qadirbayeva.
Rassom Turg’unboy Toshqo’ziyev ustaxonasini tark etar ekanmiz, yuzlab diqqatga sazovor asarlar chang bosib yotganini ko’ramiz. Aytishlaricha, qirg’izistonlik rassomlarning suratlariga, asosan, xorijlik ixlosmandlar ishqiboz ekan. Vatanda esa xaridor kam, deydi san’atshunoslar.
Your browser doesn’t support HTML5