Atambayev: Qirg'iziston birdamlik tomon harakat qilishi kerak

  • Amerika Ovozi

Qirg’iziston prezidenti Almazbek Atambayev fikricha, uning davlatini qo’shni Xitoy va O’zbekiston bilan yaqindan bog’lovchi yangi temir yo’l loyihasidan tomonlar faqat foyda ko’radi. Xalqaro axborot vositalaridagi so’nggi chiqishlarida Atambayev bu masalani ko’p tilga olmoqda.

2 milliard dollarga tushishi kutilayotgan yangi yo’nalish Qashg’ardan boshlanib, Andijonga yetadi.

Atambayev deydiki, Qirg’iziston Xitoydek yirik va kuchli davlatning qo’shnisi ekan, bundan foyda ko’rishga haqli.

Xitoy, Qirg'iziston va O'zbekistonni bog'lovchi yangi loyiha haqida gap ketmoqda

“Ozodlik” radiosining Qirg’iz xizmatiga bergan intervyusida Atambayev iqtisodni ko’tarish uchun mana shunday yirik loyihalarni ishga solish kerak, dedi. “Bu yangi yo’l butun tizimimiz bilan bog’lanishi kerak. Mana shu bizning shartimiz. Bu yo’nalish Norin va O’sh viloyatlaridan o’tishi kerak. Shu tariqa shimoldagi Norin viloyati asosiy temir yo’llarga ulanadi. Janub va shimolni bog’lasin bu yo’l. Butun Qirg’iziston ulanadi. Bu yil qish qattiq kelib, janub shimoldan haftalar davomida uzilib qoldi. Bu yo’nalish mamlakatimizning olis qismlarini bir-biriga ulaydi va shu tariqa viloyatlar bir-biriga yaqinlashadi”.

Atambayev janubda 2010-yilning yozida yuz bergan etnik to’qnashuvlar oqibatlariga qarshi kurashishga so’z bergan. Minglab uylar, biznes va obyektlar vayron bo’lgan. Rasmiy hisoblarga ko’ra, 450 kishi halok bo’lgan.

O'sh

“Janubda qirg’iz va o’zbek orasida ko’plab masalalarda chuqur tushunmovchilik, kelishmovchilik mavjud ekani sir emas. Ikki elatni bir-biriga yaqinlashtirish siyosiy qaror talab qiladi. Qirg’iziston aholisi birdamlik tomon harakat qilishi kerak. Bu fojialar qaytarilmasligi uchun chora ko’rishimiz lozim. Hozir har ikki tomonda, qirg’izlar va o’zbeklar orasida ham millatchilikka guvohmiz”,- deydi prezident.

Manas aeroportida Amerikaga tegishli tranzit markazi 2014-yildan keyin, ya’ni amaldagi bitim muddati bitgach, yopiladimi?

Manas tranzit markazi

Atambayevning aytishicha, AQSh bu aeroportdan foydalanishda davom etishi mumkin, faqat noharbiy maqsadlarda.

“Hozir AQSh Manas tranzit markazida bir qancha qo’shinga ega. Bu fuqaro aeroporti. 2014-yildan keyin u yerda harbiylar bo’lmasligi kerak”.

Atambayevning qayd etishicha, 2014-yildan keyin AQShga ijara uzaytirilmaydi. Vashington Manas uchun yiliga 60 million dollar to’laydi.

Bishkekdan Kobulgacha samolyotda 90 minut. Bu yaqinlik xalqaro koalitsiyaga qo’l keladi va Afg’onistonga xizmatga ketayotgan va u yerdan qaytayotgan har bir askar Manasda to’xtab o’tadi.