Qirg’iziston Tashqi ishlar vazirligiga ko'ra, Fransiya Prezidenti Fransua Olland Qirg’izistonga tashrif buyurish istagida. Ushbu niyat Qirg'izistonning Parijdagi yangi elchisi Asein Isayev ishonch yorlig’i topshirgan paytda izhor etilgan.
Your browser doesn’t support HTML5
Fransuz kompaniyalari Qirg’izistonga sarmoya kiritish imkoniyatlarini o’rganmoqda, deydi rasmiylar.
Yaqinda Germaniya rahbari Angela Merkel ham Bishkekka safar qilgan edi.
Nega Berlin va Parij Qirg’izistonga qiziqish bilan qarayotir? Ushbu tog’li o’lkaning Fransiya va umuman Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari qanday rivojlanmoqda? O’zaro munosabatlarda qanday imkoniyatlar va ustivor yo’nalishlar mavjud?
“Amerika ovozi” mazkur savollarni davlat arbobi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan sanoat xodimi Bo’riboy Jo’rayevga yo’lladi.
Uzoq muddat mamlakat parlamentining deputati bo’lgan suhbatdosh o’z paytida Qirg’izistonning Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarining shakllanishiga hissa qo’shgan.
“Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Italiya kabi Yevropa Ittifoqining yetakchi davlatlari, shuningdek, Amerika Qo’shma Shtatlari Qirg’izistonning mustaqil mamlakat sifatida oyoqqa turib olishi, o’lkada demokratiya poydevori yaratilishida katta ko’mak ko’rsatib kelmoqda”, -deydi Bo’riboy Jo’rayev.
Suhbatdosh aytishicha, Yevropaning parlamentarizm borasidagi tajribasi Qirg’izistonda qo’l kelayotir. Mustaqil Qirg’iziston qonunlar bazasini yaratishda ham Yevropadan ko’p narsani o’rgangan.
“2010 yil voqealari paytida vayron bo’lgan uy-joylarni tiklashda Fransiya, Gollandiya, Daniya tashkilotlari jonbozlik ko’rsatdi, Fransiyaning ACTED tashkiloti mingdan ziyod turar-joy binolarini qissa muddatda tikkalab berdi”, - deya xotirlaydi Jo’rayev.
Mahalliy mutaxassislar aytishicha, Qirg’iziston Yevropa Ittifoqi, jumladan, Fransiyadan sarmoyalar va ilg’or texnologiyalar kutadi.
“Aytaylik, Fransiyada qishloq ho’jalik mahsulotlarini qayta ishlash taraqqiy etgan, kooperativlar tizimi rivojlangan, va bu sohada hamkorlik bizga ko’p foyda keltirgan bo’lar edi”, - deydi Jo’rayev.
Suhbatdosh fikricha, Qirg’izistonning Rossiya, Belarus, Qozog’iston hamda Armaniston kirgan Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga a’zoligi Yevropa Ittifoqi bilan faol aloqalarga to’sqinlik qilmaydi. Aksincha - zikr qilingan mamlakatlar orqali ham savdo-sotiqni kuchaytirish mumkin, deydi u.
Aytaylik, qirg’iz tadbirkorlari o’z mahsulotlarini Yevropa bozoriga ham chiqarishni orzu qiladi.
Nega Berlin va Parij so’ngi paytlarda mintaqa poytahtlaridan aynan Bishkekka alohida e’tibor namoyish etayapti?
Qator mahalliy kuzatuvchilar Angela Merkelning Bishkekka safari hamda Fransua Ollandning safar rejasini Qirg’iziston demokratiya yo’lida erishayotgan yutuqlardan mamnunlik ifodasi, deb atashmoqda.
Bo’riboy Jorayev masalaga kengroq nazar tashlaydi.
“Har qaysi davlatning o’z manfaatlari bor, manfaatlarsiz qiziqish bo’lmaydi. Biron foydani ko’zlamasalar, tashrif buyurisharmidi? Lekin, “qars” ikki qo’ldan chiqqaniday, bu o’rinda tig’iz aloqalardan har ikki tomon manfaatdor”, - deya yakunlaydi suhbatdosh.