Qirg’iziston VICH/SPID tez tarqalayotgan davlatlar qatorida

Qirg’iziston poytaxti Bishkekda SPIDga yetaklovchi VICH infeksiyasiga qarshi kurashga doir maxsus anjuman o’tkazildi. Unda 80 ga yaqin fuqaroviy mahalliy va xalqaro tashkilotlar hamda davlat idoralaridan vakillar qatnashdi.

Ularning aytishicha, Qirg’iziston immunitet taqchilligi virusining tarqalish sur’atlari yuqori yetti mamlakat orasidan joy olgan. Qirg’izistonda 4,5 mingga yaqin odamda bu virus aniqlangan.

Your browser doesn’t support HTML5

Qirg'izistonda VICH/SPID tez tarqalyapti/Ulug'bek Sokin


Mutaxassislar nazarida bemorlar soni aslida bir necha baravar ko’p. “Amerika Ovozi” anjuman ishtirokchisi, nodavlat tashkilot rahbari, shifokor Mamasobir Burhonov bilan suhbatlashdi.

Amerika Ovozi: Uch yil avval, suhbat chog’ida, mutaxassislar Qirg’izistonda 2,5 mingga yaqin VICH kasalligiga chalingan odam bor deb aytishgan edi. Bugungi kunga kelib bemorlar soni 4,5 mingga yaqinlashibdi. Immunitet taqchilligi virusi o’lkada bunday tez sur’atlar bilan tarqalishiga nima sabab bo’layotir?

Burhonov: Darhaqiqat, Qirg’iziston immunitet taqchilligi virusi tarqalishi sur’atlari bo’yicha dunyoda birinchi yetti mamlakat orasiga kiradi. O’ylaymanki, rasmiy statistikaning oshishiga kasallikni aniqlash darajasi o’sgani ham ta’sir qilayotir. O’lkada bu kasallikka chalingan insonlar vaqtida topilib, ro’yxatdan o’tkazilmoqda. Aytish joizki, aniqlanmagan bemorlar soni ancha ko’p. Bu raqam 15 ming kishiga borishi mumkin.

Amerika Ovozi: Demak, oxirgi yillarda VICHga chalingan odamlarga o’z vaqtida tashxis qo’yilib, ularni nazorat ostiga olish ishlari yaxshi ketayotir. Ammo bunday bemorlar soni tez o’sib ketyapti. Mana ikki ming, to’rt ming… Siz 15 ming degan raqamni aytyapsiz.

Burhonov: Statistika ma’lumotlariga qaraganimizda, VICHga chalinish bo’yicha birinchi o’rinda (60 foizga yaqini) giyohvand moddalar iste’mol qilganlar turadi. Ikkinchi o’rinda (30 foizga yaqini) jinsiy aloqa natijasida kasallikka chalinganlar. Bugungi kunda aynan ushbu yo’l bilan VICHning tarqalishi o’lkada jiddiy muammo bo’lmoqda. Bu degani xalqimizning ichida tushuntirish ishlari yaxshi yo’lga qo’yilmagan. Fuqarolarimiz, aytaylik, OITS markaziga borib, o’z sog’lig’ini tekshirishga shoshilmayapti. Inson axir shifokor ko’rigidan o’tmasa, kasal bo’lib-bo’lmaganini qanday biladi?

Amerika Ovozi: Davlat, nohukumat sektor, jumladan, sizning tashkilotingiz ushbu kasalikka qarshi qanday ishlar olib borayapti?

Burhonov: Bizning tashkilotimiz giyohvand moddalar iste’mol qilganlar bilan ish olib boradi. Birinchidan, ularni shu illatdan uzoqlashtirishga harakat qilamiz. Yo’q, men buni tashlay olmayman, men shuni iste’mol qilishim kerak desa, biz ularga to’g’ri sayinish yo’llarini ko’rsatamiz. Yangi shprits, igna, spirtli salfetkalar beramiz. Ayni paytda bunday insonlar bilan tushuntirish ishlari olib boriladi. Bunday toifadagi insonlarni xavfli vaziyatdan chiqarib olish uchun qo’ldan kelgan ishlarni yurgizamiz. Davolanaman, bu narsadan qutulaman, deganlarni maxsus shifoxonalarga jo’natamiz.

Amerika Ovozi: Ommaviy axborot vositalariga ko’ra, VICH/OITS bilan kurashish uchun xalqaro hamjamiyat tomonidan Qirg’izistonga 30 million AQSh dollari ajratilibdi. Ushbu mablag’ qanchalik samarali foydalanilmoqda? Bu borada Qirg’iziston matbuotida tanqidiy nazarlar chiqib turadi.

Burhonov: Bishkekdagi anjumanda bu masala ham muhokama qilinmoqda. 2011-yili Global Ekologik Jamg’arma tomonidan ajratilgan mablag’lar, darhaqiqat, uncha samarali ishlatilmadi deyishga asos bor. Vaqtida dori-darmon, kerakli diagnostik uskunalar olinmay qoldi. Shu bois 2011-yili ham davlat, ham nodavlat tashkilotlar o’z ishini yaxshi olib bora olmadi. Ancha kamchiliklar bo’ldi.

Hozir shunday masalani qo’yayapmiz - ham hukumat, ham fuqaroviy jamiyat tashqi donorlardan kelgan mablag’ni sarflanilishini birlashgan holda nazorat ostiga olish kerak.

Amerika Ovozi: Ko’p yillardan buyon ushbu sohada faoliyat ko’rstayotgan mutaxassis sifatida, Qirg’izistonda VICHning tez sur’atlar bilan tarqalishini to’xtatish uchun nima qilish kerak deb o’ylaysiz?

Burhonov: Hukumat tomonidan, xalqaro hamjamiyat tomonidan ajratilayotgan mablag’ni to’g’ri, joyida ishlatsak, tadbirlarni vaqtida va samarali o’tkazsak, biz ushbu kasallik tarqalish sur’atini ancha pasaytirishimiz mumkin. Ikkinchidan, xalq orasida tushuntirish ishlarini yanada kuchaytirish darkor. Ayniqsa, yoshlar orasida. Maktabdan tortib oliygohlargacha kerakli ma’lumot tarqatilishi lozim. Kasallik tarqalishini to’xtatish uchun insonlarimiz maxsus testlardan o’tishi kerak. Qachon odamlar OITS nimaga olib kelishini miyasiga quyib olsa, o’shandagina kasallik sur’atini to’xtatish mumkin bo’ladi, profilaktika-davolash ishlari samara beradi

Amerika Ovozi: O’zingizga ma’lum, o’lkaning turli burchaklaridagi shifoxonalarda davolanish paytida yuzlab bolakaylar VICHga chalindi. Ammo bunda ayblangan shifokor va hamshiralar qariyb jazoga tortilmadi. Balki shifokorlarning ham ma’suliyatini oshirish kerakdir?

Burhonov: Bu murakkab masala. Siz aytgan paytda shifokorlarning maoshi juda oz edi. Kasalxonalar dori-darmon, kerakli uskunalar bilan yetarli ta’minlanmagan edi. Menimcha, shu bois hamshiralar o’sha paytda bir shritsni bir necha bor ishlatgan bo’lsa kerak.

Albatta, shifokorlarni o’qitish, o’rgatish, malakasini, mas’uliyatini oshirish borasida ko’p va doimiy ishlar olib borish darkor. Ammo, ne bo’lsada, sog’liqni saqlash muassasalarining moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, yuqori darajaga ko’tarish zarur. O’shanda ko’p muammolarga o’rin qolmasdi.