Markaziy Osiyo sharhlovchilari so'zlariga ko’ra, barcha diqqat e'tibor Yaqin Sharqda ekani sabab AQShning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalari, Qozog'istonni hisobga olmaganda uncha o'zgarmadi.
Your browser doesn’t support HTML5
Bu aloqalar ham umuman olganda iqtisodiy yo'nalishda, xolos. Xo'sh, Vashingtonning mintaqada yuritayotgan siyosatini qanday baholash mumkin?
O’sh Davlat universiteti professori, faylasuf va siyosatshunos Arap Anarbayevning aytishicha, Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan AQShning Markaziy Osiyo o’lkalariga nisbatan qiziqishi kuchaygan va o’zaro aloqalar avj olgan edi.
Professor Anarbayev nazarida Afg’onistondan G’arb harbiylarining asosiy qismi olib chiqilishi Vashingtonning mintaqaga e’tiborini pasaytirmaydi. Balki ta’sir doirasini saqlab qolish yo’llarini izlashga undaydi.
Ayni paytda Qirg’iziston va Tojikistonning Rossiya bilan yaqinlashuvi Qo’shma Shtatlar faolligiga g’ov bo’ldi, deydi olim. Keyingi paytlarda Moskva va Toshkent munosabatlarida ham ijobiy siljishlar ko’zga tashlanayotganini urg’ulaydi.
Professor Anarbayev fikricha, mintaqa mamlakatlari uchun ko’p yo’nalishli tashqi siyosat ma’qul. Bir tomonga bog’lanib qolish qay bir ma’noda mustaqillikni cheklashi ehtimol, deydi u.
Professor Vashingtonning Markaziy Osiyo yo’nalishidagi siyosatida hozir biron jiddiy xatti-harakatni ilg’amaydi. Bunday amaiyotni u kuzatuv yurgizish hamda payt poylash, deb baholaydi.
“Amerika, G’arb tinch-xotirjam qolgani yo’q. Ular o’sha-o’sha dunyoda demokratiya o’rnatamiz va tarqatamiz, degan harakatda. Hech bo’lmaganda O’rta Osiyo o’lkalari halifalik go’yalari ta’siriga berilmasligi uchun bor omillarni ishga solmoqda”, - deydi o’shlik olim.
Bishkeklik sobiq diplomat, hozir tadqiqotchi Japar Birimkulov deydiki, Amerika Markaziy Osiyoni qo’ldan berganday tuyulgani bilan, Afg’oniston masalasi, qolaversa, keyingi paytlarda o’rin olgan terroristik harakatlar Vashingtonni mintaqaga tegishli e’tibor berishga undaydi.
“Asosiy hamkor sifatida O’zbekiston qaralishi mumkin. Harbiy bloklarga qo’shilmasligini ta’kidlayotgan bu o’lka hozirda hech kim bilan bog’liq emasday. Va bundan foydalanib, Toshkent bilan aloqalarni kuchaytirishga urinishlari ehtimol. Aytaylik, O’zbekistonda harbiy bazasini saqlab qolayotgan Germaniya orqali”, - deydi Japar Birimkulov.
Mahalliy tahlilchilar so'zlariga ko’ra, iqtisod masalasida AQSh, Rossiyadan farqli o’laroq, Markaziy Osiyo mamlakatlariga jiddiy ko’mak bera olmaydi. Ayni paytda Vashington va Yevropa Ittifoqining Rossiyaga nisbatan sanksiyalari Markaziy Osiyo aholisining turmush darajasiga ham salbiy ta’sir yetkazayotir. Masalan, Qirg’iziston, O’zbekiston, tojikistonlik millionlab mehnat muhojirlari daromadi keskin ozaygan. Bu, mintaqa ahli nazarida, Amerika obro’siga putur yetkazmoqda. Aholi orasida mahalliy amerikaparast siyosatchilarga nisbatan ishonch ozaygani ko’zga tashlanmoqda, deydi Japar Birimkulov.
Qo'shma Shtatlar Markaziy Osiyoda o’z ta’sir salohiyatini tiklashi uchun nima qilsa bo’ladi?
“Mahalliy hamjamiyatlar ko’z oldida o’z obro’sini ko’tarish uchun Qo’shma Shtatlar biron narsani o’zgartirishi darkor. Agar iqtisodda to’g’ridan - to’g’ri ko’mak berolmasa, ehtimol, boshqa sohalarga nazar tashlagan ma’quldir. Aylaylik, maorif, madaniyat, ijtimoiy sohalar, talabalar almashuvi… Amerikaliklar o’rnida bo’lsam, men mintaqada AQSh imijini ko’tarishga yo’naltirilgan loyihalarga urg’u bergan bo’lar edim”, - deydi bishkeklik sobiq diplomat, tadqiqodchi Japar Birimkulov.
Mahalliy tahlilchilarning aytishicha, keyingi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlarida, jumladan, Qirg’izistonda Amerika tashkilotlari tashabbus ko’rsatgan loyihalar qisqargan.