Jurnalistlar: Millatlar totuvligini yozamiz, ehtirosdan chetroq yuramiz

O’tgan yil iyun voqealaridan so’ng Qirg’iziston janubida aksar o’zbekzabon axborot vositalari yopilgan. Hozirda ushbu tilda ikki viloyat hamda bir tuman ro’znomasi bor.

Markaziy Osiyo axborot oqimi cheklangan va jurnalistlar erkin faoliyat yurita olmaydigan mintaqalardan biri.

Qirg’izistonda mustaqil matbuot mavjudligi bois u yerdagi muhitni nisbatan erkin deya ta’riflashadi, biroq o’tgan bir yil mobaynida o’zbek tilida ma’lumot uzatuvchi manbalar qattiq zarba yedi.

Siyosiy bosim va etnik mojarolar natijasida O’sh va Jalol-Obodda omma ishonchini qozongan televideniye va radiolar yopilib ketdi.

Gazeta-jurnallar ishdan to’xtadi. Vaholanki, deydi “Amerika Ovozi” bilan gaplashgan ziyolilar, hozir ayniqsa ularga talab katta. Hamjihatlik va barqarorlikni ta’minlashda jurnalistlarning roli beqiyos.

Xalq oldidagi murakkab masalalar yoritilmayapti, tahlil qilinmayapti.

Muhammadsoli Ismoilov va Saltanatxon Fayzullayeva “O’sh sadosi” ro’znomasida faoliyat ko’rsatadi. Muhammadsoli aka muharrir, Saltanat opa esa muxbir. Har ikkisi millatlararo totuvlik haqida qalam tebratmoqda. Muhammadsoli Ismoilov ushbu mavzuning turli qirralari haqida maqolalar chop etgan.

“Iloji boricha ko’ngillarga iliqlik olib kiruvchi maqolalarni ko’proq yozsangiz degan taklif va talablar bo’ldi, hatto qo’shni Tojikistondan yozishdi. O’sh shahar meriyasi 2011 yilni millatlar do’stligini mustahkamlash yili deb e’lon qilgach, bu borada loyihalar, tadbirlar ancha ko’paydi. Har yerlarda uchrashuvlar, tanlov-ko’riklar o’tayotir. Bu harakatlar aholining, ayniqsa, yosh avlodda oz bo’lsada ijobiy kayfiyat uyg’otmoqda”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

Saltanat opaning qahramonlari inoqlikni maqsad qilgan turli xalq vakillari.

“Masalan, men yaqinda qirg’iz qalpog’i haqida bir maqola tayyorladim. Buyuk Alisher Navoiyning ham qalpoq to’g’risida ikki qator g’azali bor - o’zbekning boshida qalpog’i bor, egnida shidog’i bor, degan. Rahmatli dadam mexanizator bo’lgan. Ularning ham uchta qalpog’i bo’lgan. Qishda, bahorda va yozda kiyadigan. Kuni-kecha tolerantlik bo’yicha bir tadbirda qatnashib keldim. Qora-Suv tumanida bir to’garak a’zolari kontsert berishdi. U yerda turli millat vakillari ishtirok etdi”, - deydi Saltanat opa.

Har ikki muallif biz bilan suhbatda muammolar ham talayligini yashirmaydi. Ammo o’z maqolalarida ziddiyatga urg’u bermaydi. Ayrim qirg’izzabon ommaviy axborot vositalaridan farqli o’laroq o’zbek tilidagi matbuot ehtiyotkorlik qiladi, ehtiroslardan qochadi.

“Ommaviy axborot vositalari xodimlari, ayniqsa, o’zbekzabon jurnalistlarning oldida turgan vazifalar – davlat tizimlariga nisbatan past ishonchni qayta tiklash; elatlar munosabatiga tushib qolgan dog’ni yuvish. Buning uchun juda ko’p mehnat qilishga to’g’ri keladi”, - deydi “O’sh sadosi” Bosh muharriri Muhammadsoli Ismoilov.

“Birinchi navbatda tinchikni o’rnatishda biz jurnalistlarning ahamiyati juda katta”, - deydi Saltanat Fayzullayeva.

Qalamkashlar o’z taklif va tilaklarini olg’a suradi.

“Do’stlik, millatlararo munosabatlarga doir tadbirlar haqida ishontirib yozishimiz kerak. Chinakamiga o’quvchining yuragiga ta’sir qilsin”, - deydi Muhammadsoli Ismoilov.

“Tinchlikni qaror toptirishda, avvalo, ikki xalqqa bir hilda munosabat qilish kerak. Bu borada, ayniqsa, davlat mulozimlari, rahbarlar tarozining ikki pallasini teng ushashi lozim”, - deya davom etadi Saltanat Fayzullayeva.

O’tgan yil iyun voqealaridan so’ng Qirg’iziston janubida aksar o’zbekzabon axborot vositalari yopilgan. Hozirda ushbu tilda ikki viloyat hamda bir tuman ro’znomasi bor. Shuningdek, O’sh shahar gazetasida ham o’zbek tilida sahifa mavjud.

Mahalliy qalamkashlar muxlislar safi tobora ozayib borayotgani, mulozimlar matbuot chiqishlariga yetarli e’tibor bermayotganidan afsus bildiradi.