4-oktabr kuni Qirg’iziston oliy qonun chiqaruvchi tizimi "Jo’go’rku Kenesh" ga saylovlar bo’lib o’tadi. Mamlakat parlamentida o’rin olish uchun kurashayotgan 14 siyosiy partiya saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlarini yakunlamoqda. Mahalliy kuzatuvchilar bu saylovlarni demokratik rivojlanish yo’lida salmoqli qadam, deb hisoblaydi. Bu galgi saylovoldi kampaniya oldingilaridan nimasi bilan farq qildi? Ushbu siyosiy jarayon mamlakat taraqqiyotiga qanday ta’sir ko’rsatishi mumkin?
"Amerika Ovozi" Qirg’iziston Markaziy saylov komissiyasi tarkibida faoliyat yuritgan taniqli yozuvchi va tahlilchi Abdumo’min Mamaraimov bilan muloqotda bo'ldi.
Your browser doesn’t support HTML5
“Navbatdagi parlament saylovlari o’zgacha ruhda o’tayotgani shubhasiz. Saylov jarayonida qatnashayotgan barcha partiyalarga teng imkoniyatlar berildi, deyish mumkin. Har bir partiya ko’rgazma vositalaridan, axborot kanallaridan, jumladan, davlat televideniyesidan keng foydalandi”,- deydi Mamaraimov.
“Amerika Ovozi”: Ayni paytda mahalliy aholi vakillari quruq va’dabozlik ham avjiga chiqqanini aytadi.
Abdumo’min Mamaraimov: Bu ham hozirgi zamon saylovlarining o’ziga xos bir tomoni ekan-da. Ko’p partiyalarning berayotgan va’dalari amalga oshishiga ko’pchilik ishonmaydi. Lekin o’sha va’dalar odamlarning orzu-umidlari, ezgu-tilaklariga hamohang. Va shunisi bilan qay bir darajada o’ziga tortadi. Ammo ommani avrash, boshini aylantirishga yo’naltirilgan harakatlar ko’pligi - bu haqiqat.
Siyosatchilar Qirg’izistonga ham kirib kelayotgan va jiddiy muammolar tug’dirayotgan global iqtisodiy inqiroz paytida bunday va’dalar puch xayol ekanini o’ylamayapti, shekilli.
“Amerika Ovozi”: Bu safargi saylovoldi kurashi jarayonida siyosiy partiyalar jamiyatda tinchlik-osoyishtalik, muvozanatni saqlab qolishgani diqqatga sazovor. Har holda, avvalgi saylovlardan farqli o’laroq, hududlar, urug’-aymoqlar, klanlar o’rtasida raqobat ko’zga tashlanmaydi. Bunga nimalar hisobiga erishildi, deb o’ylaysiz?
Abdumo’min Mamaraimov: Avvalambor, bu - parlament sistemasida to’plangan tajriba samarasi. Besh yil davomida siyosiy kuchlar o’sha tizimda o’zlarini sinab ko’rishdi. Biron natijaga erishish uchun atrofdagi siyosiy kuchlar bilan murosa qilish kerakligini tushunib yetishdi, ya’ni manfaatlar ularni birlashtirdi. Siyosatchilar til topsa - ularga ergashayotgan aholi ham tortishuv-janjallardan olis bo’ladi. Albatta, bu ijobiy ko’rinish.
“Amerika Ovozi”: Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, siyosiy partiyalar saylovoldi targ’ibot-tashviqot ishlariga ulkan mablag’ sarflamoqda. Ayni paytda Qirg’izistonda jiddiy moliyaviy taqchillik mavjudligi ma’lum. Bunday katta pullar qanday manbalardan kelishi mumkin?
Abdumo’min Mamaraimov: Qirg’izistonda parlament kursisiga kelish katta biznes bo’lib qolgani sir emas. Bu maqsadga intilgan odamlarning aksari million-million pul sarf qilmoqda. Kimdir har xil yo’llar bilan erishilgan mavqeini, biznesini saqlab qolishni istaydi. Kimdir nopok ishlari uchun javobgarlikdan qochadi… Ishonch bilan aytish mumkin-ki, deputat bo’lgach, bunday insonlar sochilgan pullarni to’plashga kirishadi. Jumladan - o’z nufuzidan foydalangan holda.
“Amerika Ovozi”: Iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalarda mamlakat oldida katta- katta vazifa va muammolar turibdi. Bu galgi parlament saylovlari o’lka hayotining dolzarb masalalari yechimi uchun o’ziga xos kalit bo’la oladimi?
Abdumo’min Mamaraimov: Har holda optimistik kayfiyat uchun asos bor, deb o’ylayman. Ayrim partiyalar real, konkret, amalga oshirish mumkin bo’lgan dasturlarni olg’a surmoqda. Qator partiyalar nomzodlari orasida yoshlar ham oz emas. Saylovdan - saylovga, avlodlar yangilanishi ortidan, yosh, sog’lom kuchlar sahnaga chiqadi.
Ayni paytda qariyb chorak asr davomida eski, konservativ kuchlar siyosiy maydonda qolayotgani ham fakt. Bunga saylovchilar o’zgarmagani, ularning ongi, dunyoqarashi, davlat kelajagi, farzandlari kelajagiga munosabati o’zgarmagani, bir so’z bilan aytganda, loqaydlik sabab bo’lmoqda. O’ylaymanki, bu galgi saylovlar Qirg’iziston hayotida jiddiy o’zgarishlar tomon qadam bo’ladi.
“Amerika Ovozi”: Saylovlarda siyosiy partiyalar faolligi ko’zga tashlanadi. Ikkinchi tarafdan, saylovchilar, oddiy aholi sustligi, befarqlik ko’rinishlari. Bunday tafovutni qanday izohlash mumkin?
Abdumo’min Mamaraimov: Amalga oshmagan orzu-umidlar odamlarda ishonchsizlik, loqaydlik tug’diradi. Insonlar qalbida umid uchqunlarini uyg’otish uchun yangi siyosatchilar o’z so’zlarida turishi lozim, toki ko’pchilik ijobiy o’zgarisharni ko’rsin, sezsin, his etsin.