AQSh Prezidenti Barak Obama xalqiga murojaatida "Islomiy davlat" terror tizimini tag-tugi bilan yo'q qilamiz, deya ta'kidladi. Amerika islom yoki musulmonlarga qarshi urushda emas, deydi Obama, balki bu din nomidan jinoyatlar sodir etayotgan jangarilar nishonga olinmoqda.
Qo’shma Shtatlar hamda G’arb mamlakatlarining terrorga qarshi siyosatini Markaziy Osiyo ommasi qanday baholayapti? Mintaqa davlatlarining terrorizmga g’ov qo’yish yo’lida qanday imkoniyatlari bor?
Your browser doesn’t support HTML5
Qirg’izistonda taniqli siyosatshunos, O’sh davlat universiteti professori Arap Anarbayev fikricha, G'arbning xalqaro terrorizmga qarshi tadbirlari ikki xil standartda olib borilayotgandek ko’rinadi va bu hol tashqi dunyoda turli shubha-gumonlarga sabab bo’lmoqda.
“Amerika hamda G’arb o’lkalari o’z qo’ynida parvarishlab, katta qilgan ilon endi o’zlariga tashlanmoqda. Usama bin Lodin bo’lmasa, unga o’xshash boshqa bir shaxsni o’ylab chiqarar edilar, deyilyapti-ku. “Islomiy davlat” degan guruh bo’lmasa, shunga o’xshash bir narsani topar edilar. Maqsad - alg’ov-dalg’ov Yevropa va Amerikadan nari bo’lsin”, - deydi professor.
Suhbatdosh fikricha, aynan G’arbning Yaqin Sharqda, Suriya va Iroqda “tartib o’rnatish” harakatlari terroristik guruhlarga yo’l ochgan.
“Endi bu siyosat G’arbning o’ziga zarba bermoqda. Tinch va to’q o’lkalarda teraktlar sodir bo’layapti. Yevropa qochqinlar oqimini jilovlay olmay garang ahvolda”, - deydi professor.
Tahlilchilarga ko’ra, Markaziy Osiyo ommasi orasida “xalqaro terrorizmga qarshi kurash borasida yirik davlatlar birinchi navbatda o’z geosiyosiy manfaatlarini ko’zlaydi”, degan fikr keng tarqalgan. Mahalliy siyosatshunoslar nazarida, tashqi tomonlarning o’z ta’sir doirasini saqlab qolish yoki kengaytirish harakatlari terrorizmga qarshi kurash samarasini pasaytiradi. Aksincha, tomonlar o’rtasida ziddiyatlar ko’payishiga olib keladi.
Aynan G’arb Rossiya va Turkiyaning tobora yaqinlashib borayotganini xushlamadi va munosabatlarning keskinlashuviga jimgina qarab turibdi. Vaholanki, bu hol terrorizmga qarshi kurashda hamjihatlikka putur yetkazishi barchaga ma’lum, deydi suhbatdoshlar.
“Moskva va Anqara munosabatlarining darz ketishi esa, ayniqsa, har ikki tomonga yaqin Markaziy Osiyo o’lkalarini noqulay ahvolga solib qo’ydi va G’arb strateglari buni ham nazarda tutgan bo’lishi ehtimol”, - deb hisoblaydi professor Anarbayev.
Ushbu mutaxassisning aytishicha, terrorizmga qarshi kurash masalalarida mintaqa davlatlari Rossiya Federatsiyasi yetakchi rol o’ynayotgan Kollektiv xavfsizlik tashkilotiga tayanib keladi. Qo’shni Xitoy ham, kerak bo’lsa, mintaqani yolg’iz tashlab qo’ymasligiga ishonch mavjud.
“Ammo birinchi galda mintaqa davlatlari hamda xalqlarining jipsligi, ahilligi kerak. Birovga ishonib o’tirmay, o’zimiz hamjihat bo’laylik, shunda natija bo’ladi”, - deydi O’sh davlat universitetining professori Arap Anarbayev.
Aloqa vositalari bo’yicha muhandis Ma’murjon Egamberdiyev fikricha, terrorizmga qarshi kurash masalalarida yakdillik joiz. Siyosiy o’yinlarni chetga surib turish kerak.
“Bas, Amerika jahonni terrorizmga qarshi safarbarlikka chorlar ekan, ikki so’zli bo’lmasin, sobit bo’lsin”, - deydi u.
Uningcha, Markaziy Osiyo davlatlari birinchi navbatda radikal oqimlar, “jihodchilar” ta’siriga g’ov qo'yishi lozim. Toki bu zamin farzandlari nomaqbul ishlarga aralashib qolmasin.
“Buning uchun hamma ogoh, hushyor bolishi kerak”, deydi suhbatdosh.