Qirg’izistonda 7 aprel kuni Bakiyev hukumatiga qarshi namoyish qilgan odamlarga qarata o’t ochganlik gumoni bilan 15 kishi, “snayper” hibsga olingan.
O’sha kuni Bishkekda 85 kishi o’lgan edi. Bugun, shuningdek, janubdagi Jalolobod shahrida mahalliy raqib guruhlar o’rtasidagi otishmada bir kishi o’lgan. Oybek Mirsiddiqov ismli bu shaxs mafiya guruhlaridan birini boshqargani aytilmoqda.
Hukumat janubda nazoratni o’z qo’liga olishga harakat qilar ekan, sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning qidiruvdagi oila a’zolari va tarafdorlari hamon ozodlikda.
Muvaqqat rahbar o’rinbosari Azimbek Beknazarovning aytishicha, bu ishga Interpol [Xalqaro politsiya tashkiloti] ham jalb etilgan, ammo hozircha natijasi ko’rinmayapti.
Bakiyev qayerda degan savolga Azimbekov “uni Turkiyada ko’rishgan” deydi. Ukalari Janish, Marat va Odilning qayerdaligi ham noma’lum. Ba’zilar ular Tojikistonda, boshqalar Jalolobodda ko’rishganini aytmoqda.