Qo'shma Shtatlar Qirg'izistonda 60 dan ortiq kishining hayotiga zomin bo'lgan etnik zo'ravonliklarni qoralab, vaziyatni ko'zdan qochirmayotganini bildirmoqda.
"Biz odamlar o'lgani va qattiq jarohatlar olganidan tashvishdamiz",- deydi Davlat departamenti so'zlovchisi Filip Krouli O'shdagi xunrezliklarga munosabat bildirar ekan.
Uning aytishicha, Obama ma'muriyati Qirg'izistonning muvaqqat rahbatiyati bilan yaqindan aloqada.
Amerika harbiylari esa "Manas" bazasi Afg’onistondagi xalqaro koalitsiya uchun muhim ekanini qayd etmoqda.
“Afg’onistonga yo’l olayotganlar albatta Manasdan o’tadi. Afg’onistondan kelayotganlar ham bazada to’xtab o’tib, so’ng manziliga davom etadi”, - deydi AQSh mayyori Rikardo Bodden.
AQShning Bishkekdagi elchixonasi Qirg’iziston rasmiylari bilan yaqin aloqada ekanini aytib, ommani tinchlikka da’vat etmoqda.
Roza Otunbayeva, mamlakat rahbari, janubdagi zo’ravonlikda muvaqqat hukumatni ko’ra olmayotgan guruhlarni ayblamoqda. To'qnashuvlarda qariyb 850 kishi jarohatlangan.
Bu muxolif kuchlar, deydi u, qirg’iz va o’zbek jamoalarini bir-biriga qarshi qayirib, yaqinlashayotgan muhim tadbir - referendumni izdan chiqarishga urinmoqda. Ammo Otunbayeva bu guruhlar haqida aniq ma'lumot bermaydi, ularning nomini tilga olmaydi.
“Ularning maqsadi etnik nizo qo’zg’atib, vaziyatni referendum bekor bo’lishigacha olib borish. O’shda tartibni saqlash uchun qo’shimcha harbiy qo’shin jo’natganmiz. Aholini tinchlikni saqlashga chaqiramiz”, - deydi Roza Otunbayeva.
Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari Toshkentda o'tgan yig’inda Qirg’izistonda tartibni tiklash uchun birgalikda chora ko’rishga kelishib olgan. Lekin ular nimadan iborat bo'lishi mavhum.
“Muvaqqat hukumatga zarur yordamni berishga tayyormiz”, - deydi Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev. “27 iyunga belgilangan referendumga kuzatuvchilarni yo’llaymiz”.
Muvaqqat hukumat so’nggi zo’ravonliklarga chek qo’yib, mamlakatni nazorat qila olishini ko’rsatishi kerak. Bu bir sinov, deydi tahlilchilar.
Roza Otunbayeva referendum hamda kuzgi parlament saylovlari demokratik va adolatli tarzda o’tadi demoqda.