O’zbekiston, Qirg’iziston hamda Xitoy Xalq Respublikasini bog’lovchi Toshkent - Andijon - O’sh - Ergashtom - Qashqar avtomobil yo’li orqali yuk tashish davom etmoqda. Qirg’iz rasmiylariga ko’ra, yangi yo’nalish har uch mamlakatning yuk tashuvchilari uchun qator qulayliklar tug’diradi.
Andijondan Xitoy chegarasigacha masofa 285 chaqirimdan iborat bo’lib, yuk egalari ham vaqtdan, ham yo’lkiradan yutadi. “Ozodlik” radiosi manbalariga ko’ra, O’zbekiston Xitoyga yiliga 8 million tonna mol jo’natadi. Har tonna uchun 65 AQSh dollari sarflanib, buning 50 dollari “Qozog'iston temir yo’llari”ga to’lanadi.
Yaqinda Qirg’izistonga safar qilgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat yuqorida zikr qilingan avtoyo’lni qayta qurishga chog’lanayotganini ma’lum qilgan edi. Mahalliy mutaxassislar so’z bir necha yil muqaddam Xitoy krediti evaziga qurib bitkazilgan yo’lning ayrim joylarini ta’mirlash hamda yo’l infrastrukturasini barpo etish haqida ketayotganini aytishadi.
Shu paytgacha O’zbekiston va Xitoy, asosan, Qozog’iston hududi orqali mol ayirboshlab keladi. Qirg’ziston orqali o’tuvchi qisqa avtomobil yo’lidan Toshkentdagi bir nomdor firmagina foydalangan.
O’shlik iqtisodchi va tadqiqotchi Erkin Abdirazaqov fikricha, Toshkent - Andijon -O’sh - Ergashtom - Qashqar avtoyo’li bo’lajak temir yo’lga muqobil yo’nalish sifatida xizmat qiladi. Tomonlar uchun yuk tashish nisbatan arzonlaydi. Qirg’ziston esa tranzit uchun yaxshigina daromad oladi.
Qirg’izistondan Xitoyga eltuvchi O’sh - Saritosh - Ergashtom avtoyo’li bir necha yil muqaddam qurib bitkazilgan bo’lib, mahalliy aholi qo’shni o’lkadan tinimsiz yuk tashiyotgan o’gir ulovlar yangi yo’lga putur yetkazayotganidan shikoyat qilib keladi. Suhbatdoshning aytishicha, O’zbekiston yo’lni ta’mirlash va tegishli infrastruktura barpo etishga salmoqli hissa qo’shishi tayin.
Qo’shni Tojikiston va Turkmanistonning ayrim hududlari ham aytilgan yo’l orgali yuk tashishi ehtimoldan holi emas.
Umuman, ushbu xalqaro yo’nalishda harakat ko’payishi salbiy oqibatlarga olib kelmasligi uchun tegishli choralar ko’rilishi, uning hozirligini oshirish lozim, deydi Abdirazaqov.