AQSh razvedkasining oshkor bo’lgan Ukrainaga doir maxfiy hujjatlari soxtami?

  • Amerika Ovozi

G’arbdagi ayrim kuzatuvchilar ijtimoiy sahifalarda tarqalgan Ukrainadagi urushga aloqador AQSh razvedkasi maxfiy hujjatlarining soxta ekanini, urushdagi talafotlarini kamroq qilib ko’rsatmoqchi bo’lgan Rossiya tomonidan soxtalashtirilganini aytmoqda.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 10-aprel, 2023-yil

"Rus propagandasi va maxfiy xizmati buning ortida turibdi. Chunki bu hujjatlarda ruslar 17 ming, ukrainlar esa 75 ming odam yo’qotgani ko’rsatilgan. Aql bovar qilmaydi. Mana shu xatoning o’zi bu ish ortida kim turganiga ishora qilyapti. Bundan yagona maqsad Rossiya xalqini atigi 17 ming askar o’lganiga ishontirish”, - deydi Kreml tanqidchisi Andrey Piontkovskiy.

G’arb kuzatuvchilariga ko’ra, maxfiylik belgisi yuritilgan hujjatlar haqiqiy, ammo uning mazmuni soxtalashtirilgan. Ularda aytilishicha, AQSh va NATO Ukraina kuchlarini bahorgi qarshi hujumga hozirlamoqda.

Shuningdek, ularda G’arbdan kelayotgan qurollar, Ukraina armiyasining tayyorgarligiga doir ma’lumotlar keltirilgan, ammo jang maydonidagi strategiyasining muhokamasi yo’q, besh hafta oldingi sana turibdi.

Tahlilchilar nazarida, rus razvedkasi bu bilan dunyo va o’z jamoatchiligini Ukraina va uning G’arb hamkorlari o’rtasidagi aloqaning zaif ekaniga ishontirmoqchi bo’lgan.

“Hamkorlarimiz bilan hamkorlik konstruktiv. Ular bizni yaxshi tushunadi. Urushning turli bosqichlari uchun zarur narsalarni olishimiz uchun bu juda muhimdir. Hamkorlar ehtiyojlarimiz qanday ekanini, qanday miqdorda va aynan nima bizga kerak ekanini bilishlari zarur. Va biz ularni bundan xabardor qilib turamiz”, - deydi Ukraina prezidenti idorasi vakili Mixaylo Podolyak.

Kuzatuvchilar hujjatlarning oshkor etilgani qisqa muddatda jang maydonidagi vaziyatga qanday ta’sir qilganini hozircha baholay olmasligini aytadi.

Kreml G’arb hujjatlarining soxtalashtirilgani haqidagi xabarlarni izohlarkan, bunday vaziyatda G’arb hamisha Rossiyani ayblashga odatlanganini bildiradi.

Ijtimoiy sahifalarga tarqatilgan o’nlab maxfiy hujjatlarda AQShning Ukrainadan tashqari boshqa mamlakatlar bilan munosabatlari haqida ma’lumotlar ham bor.