AQShda quldorlikni yoqlagan arboblar haykallarini olib tashlashga da’vatlar yangramoqda, ayniqsa so’nggi namoyishlar ketidan. Virjiniyada 130 yildan beri qad ko’tarib turgan general Robert Li haykali ham ro’yxatda. Ammo sud uni ko’chirishga vaqtincha taqiq qo’ydi.
Virjiniya shtati poytaxti Richmondda namoyishchilar Amerika Fuqarolar urushi paytida quldorlikni saqlab qolishga harakat qilgan qo’mondonlarning haykallarini shahar markazidan olib tashlashni talab qilmoqda.
Politsiya ularni tarqatish uchun ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’lladi. Ammo keyinchalik kechirim so’radi.
Bir necha kun o’tib, Virjiniya gubernatori Ralf Nortem Fuqarolik urushi davrida Amerika Konfederatsiya Shtatlari qo’mondoni bo’lgan general Robert Lini ulug’lovchi haykal olib tashlanishini e’lon qildi.
Buni ham ko'ring AQSh va Yevropada irqchi va quldor arboblar haykallari olib tashlanmoqda“General Robert Li haykalini joyidan olish bo’yicha tegishli idoralarga ko’rsatma berdim”, - deydi gubernator. – Uni hozircha omborxonaga joylashtirib, nima qilishni jamoatchilik bilan muhokama qilamiz. Bilaman, ba’zilar bu qarordan norozi va g’azabda. Ular general Li oliyjanob inson bo’lganini aytishadi. Lekin Virjiniya o’z o’tmishiga haqiqat ko’zi bilan qarashi kerak”, - deydi Nortem.
Richmond shahar kengashi a’zosi Maykl Jouns Monument ko’chasidagi yodgorliklarni olib tashlash uchun 2017-yildan beri targ’ibot olib boradi. Uning aytishicha, Fuqarolik urushi davrida quldorlar tarafida bo’lgan odamlarni ulug’lash afro-amerikaliklarga nisbatan haqoratdir.
“Otam, onam, buvi-bobolarim shu shaharda tug’ilib o’sgan. Haykallar olinishidan xursandman”, - deydi Jouns.
Biroq gubernator bilan hamma ham hamfikr emas. Konfederatsiya merosi tashkilotlari 130 yillik haykal joyida qolishi kerak, deb hisoblaydi. Virjiniya shtati senatori Amanda Cheys o’sha davrni aks ettiruvchi barcha yodgorliklarni asrab qolish uchun internetda petitsiya boshlagan.
Unga ko’ra, bu odamlar qullikni qo’llab-quvvatlatlagani rost, lekin boshqa omillar ham hisobga olinishi lozim.
“Virjiniya tarixini o’chirishga qarshiman. Bu faqatgina Richmond merining qarori bo’lmasligi kerak. Bu – umumiy tariximiz. Ochig’ini aytganda, oq tanlilar tarixini o’chirishga harakat bo’lyapti. Bunga yo’l qo’yib bo’lmaydi”, - deydi mahalliy qonunchi.
Amerika Tarixi uyushmasi bu fikrga qisman qo’shilib qayd etadiki, tarixiy shaxslarni bilish muhim, lekin ularning hammasi hurmatga loyiq degani emas.
“Tarixni turli yo’llar bilan asrab-avaylash mumkin. Bu birovni qadrlash kerak degani emas. Muammo - Robert Li haykalining joylashuvi va u qanday vazifani bajarayotganida. Tariximizning bir bo’lagi va bu insonni sharaflaymiz degan ma’no kelib chiqayapti. Uni boshqa joyga ko’chirishdan maqsad Li bunday sharafga loyiq emasligini ko’rsatish, chunki u odamlarga egalik qilish huquqi uchun kurashgan”, - deydi uyshma ijrochi direktori Jeyms Grossman.
Ayrim tarixchilar fikricha bahsli monumentlar muzeyga ko’chirilgani ma’qul. Shu tariqa ular, ham shahar markazidan olib tashlanadi, ham vandalizmdan himoyalanadi. Richmondda ko’p haykallar sindirilgan, ustiga chizib tashlangan.
“Jamoat joylaridan muzeyga ko’chirilsa, shahar g’aznasi ham ancha mablag’ tejaydi. Chunki haykallarni nafaqat ta’mirlab turish, balki ziyon yetgandan keyin tozalash ham arzon emas. Muzeyda esa odamlar bu haykallar tarixi bilan tanishadi. Ham pul rejaymiz”, - deydi tarixchi Julian Hayter.
Richmondning Monument ko’chasini o’z holicha saqlab qolish guruhi esa bu taklifga qarshi. Unga ko’ra, haykallar shahar tarixining ajralmas qismidir, ularni olib tashlash mumkin emas.
General Li haykali shtatga tegishli ekan, gubernator uni olib tashlash haqida qaror qilish vakolatiga ega. E’tirozlar ketidan 9-iyun kuni sud qaror ijrosini 10 kunga to’xtatdi. Ammo haykalni olib tashlashga tayyorgarlik davom etmoqda. Boshqa haykallar taqdirini ham shahar kengashi hal qiladi.