Liviyada bugun katta bayram – mamlakat 42 yillik diktaturadan ozod bo’lganini tantana qilmoqda.
Yil boshida Muammar Qaddafiyga qarshi qo’zg’olon boshlagan shahar – Bing’ozidagi Kish maydonida minglab fuqaro yig’ilgan.
Muvaqqat hukumat a’zolari ishtirokida o’tayotgan tadbirda Liviya yangi davrga qadam qo’yayotgani, demokratik taraqqiyot yo’lidan borishi e’tirof etildi.
“O’lsam ham Liviyada o’laman, lekin taslim bo’lmayman” degan polkovnik Qaddafiy shu hafta ona shahri Sirtada qo’lga olinib, o’ldirilgan edi. Internetda tarqalgan videoda jangchilar uni urib-kaltaklab, ko’chalarda sudrayotganini ko’rish mumkin.
Tekshiruv shuni ko’rsatmoqdaki, otishma paytida Qaddafiyning boshi va qorniga o’q tekkan. Uni kim otgani noma’lum. AQSh, BMT va xalqaro huquq tashkilotlari voqeani izchil tergov qilishga chaqirmoqda.
Qaddafiyning jasadi ayni paytda Misrata shahridagi muzxonada joylashtirilgan.
Bu orada, yangi hukumat tuzishga doir muzokaralar boshlab yuborildi. Muvaqqat bosh vazir Mahmud Jibril so’zlariga ko’ra, kelasi sakkiz oyda yangi konstitutsiya tuziladi, undan so’ng parlament va prezident saylovlari bo’lib o’tadi.