Liviya jangarilarga qarshi kurashda yordamga muhtoj

  • Amerika Ovozi
Liviya hukumat qo'shinlari islomiy jangarilarga qarshi kurashmoqda. Bing'ozi. 28-dekabr 2014-yil.

Liviya hukumat qo'shinlari islomiy jangarilarga qarshi kurashmoqda. Bing'ozi. 28-dekabr 2014-yil.

Liviya hukumati jangarilarga qarshi kurash uchun jahon hamjamiyatidan harbiy yordam so’rar ekan, tahlilchilar mamlakat parchalanib ketishi haqida ogohlantirmoqda. Liviya terrorizm eksportchisi va “Islomiy davlat” guruhining bir qismiga aylanishi mumkin.

Muammar Qaddafiy hokimiyatdan ag’darilganidan uch yarim yil o’tib, bu inqilob ortida turgan isyonchilar guruhi parchalanib ketdi.

Nigerning Madama shahrida yaqinda qurilgan Fransiya harbiy bazasida AQShda ishlangan “Riper” dronini ko’rish mumkin. Parij Liviyada terror tahdidiga qarshi kurash uchun Qo’shma Shtatlardan yana uchta pilotsiz samolyot buyurtirdi. Madamadan 100 kilometr narida esa Liviya chegarasi. Bu mamlakat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirayotgan asosiy omilga aylandi, deydi “Libya-Analysis.com” tadqiqot markazi prezidenti Jeyson Pek.

“Liviya terror, qurol-aslaha, Yevropaga noqonuniy migrantlarni eksport qilishda yetakchi davlat. Afrika shimoli, O’rta yer dengizi hududining janubi hamda Yaqin Sharqda vaziyatni beqarorlashtirayotgan katta kuch hamdir”, - deydi u.

Liviyaning xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilgan hukumati avgust oyida poytaxtdan haydab chiqarilganidan beri mamlakat sharqidagi Tobruk shahridan turib faoliyat yuritmoqda. Tripoli va Misrata port shahri esa islomiy jangarilar qo’llab-quvvatlayotgan hukumat nazoratida.

5-yanvar kuni Arab Ligasining favqulodda majlisida Tobrukdagi hukumat harbiy madad so’radi. Agila Solih Isa Liviya deputatlari kengashi prezidenti.

“Men Arab Ligasidan Liviyadagi barcha idoralarni himoya qilishni rasman so’rayman. Terrorchi guruhlarni mamlakatda zo’ravonlikni kuchaytirishdan to’xtatish zarur,” – dedi u.

Misr va Birlashgan Arab Amirliklari Tobruk hukumatini qo’llab-quvvatlamoqda va harbiy yordam ajratgan, shuningdek islomiy jangarilarga qarshi hujumlar uyushtirib keladi, deydi Jeyson Pek.

“Tobruk va Tripolidagi ikki hukumat o’rtasidagi mojaroni hal etib bo’lmaydi. Qurollarni u yoki bu taraf ko’paytirsa, mamlakatda tartibsizlik va beqarorlik yanada kuchayaveradi”, - deydi tahlilchi.

Ikki hukumat va ularning tarafdorlari bo’lmish jangari guruhlar Afrikadagi eng katta neft konlari uchun kurashmoqda. Bu esa Liviyani ikkiga bo’lib yuborishi mumkin, deydi yana bir mintaqashunos Jon Xamilton.

“Liviyaning parchalanish tahdidi har doimgidan ham kattaroq. Ammo bu cho’l o’rtasida chegara chiziladi degani emas. Yangi chegara nihoyatda katta tabiiy boyliklar uchun kurash oqibatida aniqlanadi”, - deydi Xamilton.

BMT taraflar o’rtasida vositachilik qilishga urinmoqda. Muzokaralar kechga qoldirildi. Pekning aytishicha, raqiblarni muzokara boshlashga undaydigan omil yo’q.

“Har ikkala taraf mojaroni harbiy yo’l bilan yutish mumkin deb turgan bir paytda vositachilik qilib bo’lmaydi. Aynan shu sababdan kurash jadallashmoqda”, - deydi u.

Ayni vaqtda Liviyada “Islomiy davlat” guruhi ta’sirining kuchayayotganidan xavotirlar mavjud. Jihodchilar islomiy jangarilar bilan hamkorlikni yo’lga qo’yish uchun Liviyaga yuqori martabali qo’mondonini yubordi.

“U necha kishiga pul berib yollaganini aniq aytish qiyin. Lekin 500-600 odam “Islomiy davlat” saflariga qo’shilgan bo’lishi mumkin. “Islomiy davlat” bu yerda o’z qo’mondoni va tizimiga ega bo’lmasa-da, vaziyat juda xavfli”, - deydi Jeyson Pek.