Liviyada muvaqqat rahbariyat mamlakat bo’ylab nazoratni tiklash harakatida ekan, Bani Valid shahrida sobiq rahbar Muammar Qaddafiy tarafdorlari bilan janglar ketmoqda.
Dashtlikda joylashgan bu shahar , deydi rasmiylar, Qaddafiy uchun kurashayotgan oxirgi maskan.
“Amerika Ovozi” muxbiri Elizabet Arrot Bani Validdan xabar berar ekan, shaharda portlash va otishmalar oddiy hol ekanini aytadi.
Mamlakatni kezib chiqqan jurnalistning xulosasi shuki, Liviya tez orada tinchiydi deyishga biror asos yo'q. Odamlar ulkan o’zgarishlar kutmoqda, yangi rahbarlarga umid bilan qaramoqda, ammo mamlakat vayron.
Qishloqlarda aholi yanada qashshoqlashgan, iqtisodiyot qulagan, maktab va korxonalar yopilgan.
Turmush izga tushishi uchun xalqaro hamjamiyat yordamni oshirishi kerak.
Jahonning sakkiz yirik davlati Fransiyada katta anjumanga yig'ilib, demokratik islohotlar yo'lidan borgan arab jamiyatlariga 58 milliard dollar ajratishni va'da qildi.
Liviya, Misr, Iordaniya, Marokash va Tunis iqtisodiyotni oyoqqa turg’azish uchun Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, AQSh va Rossiyadan madad so’ragan edi.
Ayni damda G'arbning o’zi ham iqtisodiy yetishmovchilik changalida.
Lekin bu yil katta o’zgarishlarni boshdan kechirgan xalqlarni quvvatlash kerak, deydi anjuman qatnashchilari, taraqqiyotga yetaklovchi yangi loyihalar boshlash kerak.
"Hamkorlikda ancha ishlar qila olamiz", - deydi katta sakkizlik a’zolari.
Boy arab davlatlari ham qarab turmasligini aytmoqda.