"Linkoln" - Spilbergning yangi filmi

  • Amerika Ovozi

Daniel Dey-Luis Avram Lincoln rolida

Gollivud kino ustasi Stiven Spilberg yaratgan yangi film “Linkoln” (Lincoln) deya nomlanib, AQShning 16-prezidenti siymosiga yaqindan nazar tashlaydi. Avraam Linkoln Amerika davlatchiligini, uning birligini saqlab qolgan lider sifatida tarixga kirgan.

Your browser doesn’t support HTML5

"Linkoln" filmi/Navbahor Imamova


Quldorlikka chek qo’yish uchun Linkoln qanday to’siqlar bilan yuzlashgani haqida “Raqiblar yig’ini” degan kitob bor. Kartina ko’p jihatdan unga asoslanadi.

Filmni tomosha qilar ekansiz, uni bevosita bugungi siyosiy muhitga qiyoslaysiz. Partiyabozlik, mafkuraviy to’qnashuv, buyuk kelajak ustida keskin bahslar…

“Insoniyat taqdiri, uning qadri haqida gap ketmoqda. Butun jahon bizni tomosha qilib turibdi. Bugungacha ko’p qon to’kildi. Arziydimi shunga? Bas qilish kerak buni!”

1865-yilning yanvar oyi… Fuqarolar urushi tugashi uchun asosiy shart, prezident Linkolnning talabi - quldorlikka chek qo’yish.

Vilyam Siuard, Davlat kotibi, bunga qarshi.

“Kongress bilan olishishdan ne foyda? Ular baribir bu talabga ko’nmaydi. Qonunchilar 10 oy oldin bu taklifga bir ovozdan yo’q degan edi axir. Yana yutqazamiz”.

Linkoln shaxs sifatida shu paytgacha bu qadar chuqur tasvirlanmagan.

Amerikaliklar faxr bilan tilga oladigan prezident u. Ko’plab filmlar ishlangan u haqda. Buyuk lider gavdalanadi ularda.

1939-yilda chiqqan mana bu kartinada yosh Linkolnni ko’rasiz.

Spilberg nazarida, u - boshqacha.

“Men prezidentni real tasvirlashga urindim. Ishiga asoslandim, rasmiga emas”.

Linkoln birinchi quldorlikka, keyin esa urushga barham beradi.

Sal o’tmay u Vashingtondagi mana bu teatrda o’tib o’ldirilgan. Bugun bu yer muzey. Tarixchi Erik Martin Linkoln uzoqni ko’zlab ish yuritgan, deydi.

“Uning eng oliy maqsadi Amerikani saqlab qolish bo’lgan. Ittifoq parchalanib ketmasligi uchun quldorlikka chek qo’yish kerakligini tushunib yetgan. Erkinlik birlikka yetaklaydi deya ishongan. Jamiyatni orqaga tortayotgan illat qulchilik ekanini ochiq tan olgan u”.

“Linkoln” filmi prezident umrining oxirgi to’rt oyini tasvirlaydi.

Kapitoliydagi siyosiy janglar, Kongressda kechgan tinimsiz bahs-munozaralar bugunni eslatadi.

Filmdan:

Davlat kotibi Siuard: “Prezident zinhor bilmasin… Rozi qilamiz sizni”.

Janob Leytem: “Rozi qilish uchun haq to’lash kerak, pul…”.

Davlat kotibi Siuard: “Biz pora bermaymiz. Bu qonunga xilof”

Janob Bilbo: “Kongressmenga pora berish man etilmagan. Pora ular uchun tirikchilik."

Janob Shell: “Qonunni yoqlab ovoz bergan demokratlarga yuqori lavozimlardan joy ajratamiz.”


Siyosiy nayranglar, parda ortidagi kelishuvlar…

Tommi Li Jouns kongressmen Teaddeus Stevens rolida:
“Inson borki teng yaratilgan deysiz… Ogayodan kelgan mana bu sassiq odamlarga qarab, bunga qanday ishonish mumkin. Ular bizning tengimiz emas axir!”


Kartinada Linkolnning shaxsiy hayoti ham ochib beriladi. Ruhan kasal rafiqasi, farzandlari ko’z oldingizda namoyon bo’ladi. Bosh roldagi Daniel Dey-Luis Avram Linkolnni o’ynayman deb hech o’ylamagan. Lekin uning ijrosiga qarab, bu obrazda boshqa hech bir aktyorni tasavvur qilolmaysiz.

Linkoln:
“Yevklid o’z kitobida yozganidek: “haqiqat bu rad etib bo’lmaydigan narsa. Ikki ming yillik asar hayot qonunlarini o’z ichiga oladi. Haqiqat shuki, hammamiz tengmiz, hech kim bir-biridan kam emas biror jihatdan”.

Daniel Dey-Luis:
“Linkoln ochiqchehra, ichida kiri yo’q odam bo’lgan. Samimiy siyosatchi bo’lgan. Uning tarjimai holi, shaxsiyati bilan tanishar ekanman, shuni kashf etdim. Meni lol qoldirdi… Juda og’ir, xavfli damlar bo’lgan, lekin Linkoln qo’rqinch hissini bilmagan. Oq Uy eshiklari hamma uchun ochiq bo’lgan”.

Linkolnning asl ovozi tarixiy audiolarda saqlanib qolgan va aktyor o'z ovozini unga moslagan.

Spilberg uning yangi kartinasi “Oskar” oladi degan umidda. Lekin eng muhimi, deydi u, tomoshabinni rozi qilsin, unga yangi bilim bersin, tasavvurini boyitsin.

Your browser doesn’t support HTML5

"Linkoln" - Stiven Spilbergning yangi filmi/Lincoln



Your browser doesn’t support HTML5

Amerika tarixidan... Emancipation Proclamation 150 years

http://www.youtube.com/embed/qiSAbAuLhqs