Yaqinda O’sh shahrida qirg’iz xalq ijodining yorqin namunalaridan biri bo’lmish “Oyko’l Manas” dostonining o’zbek tilidagi nashri taqdim etildi.
Your browser doesn’t support HTML5
O’n jildlik asarni qog’ozga tushirgan zamondoshimiz Bibi Maryam Muso qizi haqidagi alohida kitob, o’shlik shoir Rahim Karim tomonidan tarjima qilingan.
“Amerika Ovozi” Rahim Karim va Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Salima Sharipova bilan suhbatda bo’ldi.
Amerika Ovozi: Mutaxassislar ko’lam va hajm jihatidan o’zbek tarjima san’atida o’ziga xos salmoqli, katta ish qilindi deyishmoqda. Bilamizki, “Manas” eposining turli variantlari mavjud. Ular orasida “Oyko’l Manas”ning o’rni qanday?
Rahim Karim: Oyko’l (qirg’izcha ayko’l) so’zi saxiy, bag’rikeng, oliyhimmat, oliyjanob ma’nosini anglatadi. Ha, “Manas” eposining qator variantlari mavjid. Asarning ustoz shoirlar Mirtemir, Sulton Akbariy kabi so’z ustalari qirg’iz tilidan o’girgan namunalari o’zbek kitobxonlariga yaxshi tanish.
Men qo’l urgan “Oyko’l Manas”ning muallifi bo’lib VI-VII asrlarda Manas botirning 40 do’sti safida bo’lgan, deyilmish Jaysan Umid o’g’li sanaladi. Doston bizning davrimizda, o’tgan asrning 90-yillarida, Qirg’izistonda taniqli ko’zi ochiq opamiz Bibi Maryam Muso qizi tomonidan g’oyibdan, meditatsiya yo’li bilan qog’ozga tushirilgan. Biz 2008-yili tanishib qoldik va tez orada tarjimaga kirishdim.
Amerika Ovozi: Jami 11 jildli yirik epik asar. Tarjimaga yillar sarfladingiz. Ish jarayoni qanday kechdi?
Rahim Karim: Doston sabab men bu diyorga, O’rta Osiyoda, Qirg’izistonda VI-asrdan buyon yashayotganday his qildim o’zimni.
Amerika Ovozi: Asar endigina chop etildi, internetda muhokama qizg’in. Berilayotgan savollardan biri – ushbu doston hozirgi kun uchun naqadar muhim?
Rahim Karim: Dostondagi asosiy g’oya – xalqlar, qo’ni-qo’shnilarning do’st-inoq yashashi. Manas botirning saxiy, oqko’ngil, kechirimli bo’lgani menda judayam yoqimli taassurot uyg’otdi. Manas xudojo’y inson. Asar turkiyzabon xalqlar adabiyotida o’z o’rniga ega.
Amerika Ovozi: Mutaxassislar bu dostonda turli fanlar, bilimlar bo’yicha keng ma’lumotlar mujassam bo’lgan, deyishadi…
Rahim Karim: Ha, shunday. Astrologiya, til, fizika-matematika, aniq va gumanitar fanlar bo’yicha ma’lumotlar, minglab jug’rofik atamalar bor.
“Amerika Ovozi” bilan suhbatda taniqli qirg’iz adibasi Salima Sharipova shunday dedi:
“Rahim Karim juda katta ishni bajardi. Talantli, kuchli odamning qadami bu deb o’ylayman. Qirg’izistonnig yuksalishi uchun ishni madaniyatdan boshlash kerakligini, odamlarga o’z tilida ma’lumot olish imkonini berish muhimligini bilgan-sezgan insonlarga rahmat”.
Aytish joizki, “Oyko’l Manas” dostoni o’zbek tilida hozircha faqat 50 nusxada chiqarilgan bo’lib, “Qilim ko’chu” jamoatchilik birlashmasi, kitobxonlar fikrlarini inobatga olgan holda qayta nashr qilishni rejalashtirmoqda.
Xabarlarga ko’ra, O’shdagi Bobur nomli o’zbek akademik teatri asarni sahnalashtirish niyatida. Rahim Karimning aytishicha, “Oyko’l Manas” motivlari asosida xalqlar do’stligini madh etuvchi videofilm yaratish taklifi ham yangragan.