Ona va bola salomatligi - global masala

  • Amerika Ovozi

BMT kampaniyasi ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlarda onalar va bolalar orasida o'lim hollarining kamayishiga olib keldi

Bundan bir yil oldin Birlashgan Millatlar Tashkiloti “Har bir ayol, har bir bola” shiori ostida kampaniya boshlagan edi. Undan maqsad – ona va go’dak salomatligini mustahkamlash, ular orasida o’lim hollarini kamaytirish.

Kampaniya Mingyillik Rivojlanish Maqsadlariga erishish uchun tashlanayotgan qadamlardan biri.

2000-yilda dunyo mamlakatlari tomonidan belgilab olingan muayyan maqsadlarga onalar va bolalar orasidagi o’lim hollarini kamaytirish ham kiradi.

Ezgu niyat - 2015 yilgacha 16 million ona va bola hayotini saqlab qolish.

Suzana Edjang, bu loyiha rahbari.

“Siyosatdagi o’zgarishlar oqibatida Bangladesh kabi mamlakatlarda endilikda yuqori malakali shifokor va hamshiralar ishlamoqda. Ko’plab hukumatlar o’z zimmasiga yangi majburiyatlar olmoqda”.

BMT Aholishunoslik jamg’armasi ekspertlaridan biri Iv Bergevinning aytishicha, dunyoning 50 dan ortiq hukumati sog’liqni saqlash sohasini yaxshilash majburiyatini o’z zimmasiga olgan.

“Nikoh yoshi 18 ga ko’tarildi. Tibbiy xizmat takomillashdi. Sog’liqni saqlash sohasiga ko’proq mablag’ ajratilmoqda, ayrim davlatlardan masalan budjetning 15 foizi”.

Lekin qilinadigan ishlar hali juda ko’p.

Dunyoda har ikki daqiqada bir ayol tug’ruq paytida hayotdan ko’z yumadi.

1990-yildan 2008-yilgacha onalar o’limi 34 foizga pasaygan. Bu jahon boylab o’rtacha ko’rsatkich. Lekin ba’zi mamlakatlarda vaziyat nihoyatda jiddiy.

Qishloq joylarda na shifokor bor, na kasalxona. Ko’zi yoriyotgan ayolni zarur joyga yetkazish uchun 2-3 soat vaqt talab qilinadi.

Har ikki daqiqada dunyoda bir ayol ko'zi yoriyotib vafot etadi

Tug’ruq paytida zarur asbob-uskuna yetishmaydi. Na ona, na yangi tug’ilgan chaqaloqqa kerakli yordam beriladi.

AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi rahbari Rajiv Shox deydiki, har bir homilador ayolga yuqori sifatli tibbiy yordam ko’rsatish – eng muhim vazifa:

”Arzon jihozlar, mukammal uskunalar, elektron va uyali telefon orqali qonni monitoring qilish sistemalari, yangi dorilar haqida gap ketmoqda”.

BMT Aholishunoslik jamg’armasi rasmiysi Iv Bergevinning qayd etishicha, Efiopiya, Ruanda, Burkina Fasoda jiddiy ijobiy o’zgarishlar bor.

“Har bir ayol, har bir bola” loyihasi nafaqat hukumatlar, balki xususiy jamg’armalar, nodavlat tashkilotlari va yirik korporatsiyalar bilan hamkorlik qilmoqda”,- deydi mutaxassis. “Bu - haqiqiy global harakat”.