Amerika avtomobilsozlik sanoati tanazzuldan o'zini tiklab olmoqda. "Ford", "General Motors" va "Chrysler" yana katta daromad ko'rmoqda. Bu kompaniyalarning barchasi Michigan shtatida joylashgan. Respublikachilar prezidentlikka nomzodni tanlash bilan band, kelasi hafta Michiganda saylovlar. Shtatni boqayotgan avtomobilsozlik sanoatiga urg'u berilishi tabiiy.
Mamlakat avtosalonlarida bugun so'nggi gap shuki, Amerikaning avtomobilsoz kompaniyalari yana raqobatbardosh bo'ldi.
Detroytdan saylangan demokrat kongressmen Jon Dinglning aytishicha, davlat bu kompaniyalarni qutqardi.
"Og'ir kunlarda yordam qo'li cho'zilib, ish o'rinlari saqlandi. Sanoatni tanazzuldan xalos etish Amerika uchun juda muhim vazifa edi, chunki bu milliy boyligimiz, resursimiz. Har yetti ish o'rnining biri shu sohaga to'g'ri keladi. Har bir davlat bunday boylik haqida orzu qiladi", - deydi qonunchi.
Prezident Obama qayta saylanish umidida ekan, kongressmen Dingl nazarida u aynan shu sohadagi yutuqlarga urg'u berishi kerak.
"Sanoatni o'z holiga qo'yishimiz lozim, davlat aralashmasin degan odamlarni uyaltirish zarur", - deydi Dingl.
Massachusets sobiq gubernatori Mitt Romni va boshqa respublikachi da'vogarlar avtomobil kompaniyalariga davlat kreditlari berilishiga qarshi.
Romnining otasi Michiganda gubernator bo'lgan, avtomobilsozlik sanoatida rahbar lavozimda ishlagan. Ammo Romnining hozirgi pozitsiyasi sabab, deydi Michigan universitetida iqtisod professori Bryus Petrikovski, Michiganda ko'p saylovchilar undan yuz o'girishi mumkin.
"Agar Romni prezident bo'lganida, tanazzul paytida avtomobilsozlarni qo'llagan bo'larmidi? Odamlar masalaning mana shu tomoniga qarab, noyabrdagi saylovlarda unga ovoz bermasligi mumkin", - deydi tahlilchi.
Michigan shtatining hozirgi gubernatori Rik Snayder respublikachi bo'lsa-da, masalaga boshqacha qaraydi.
"Davlat kredit berganini tanqid qilmayman, chunki bir yoki ikki kompaniya emas, balki butun ta'minot tizimi jar yoqasida edi", - deydi gubernator.
Bryus Petrikovskining aytishicha, ayrimlar davlat aralashuviga ehtiyoj yo'q, kompaniyalarni o'z holiga qo'yish kerak edi deb o'ylayotgan bo'lishi mumkin.
"Ammo Detroytning aholi zich yashaydigan rayonlari va, ayniqsa, demokratlarga xayrixoh mahallalarida davlat siyosatini qo'llab-quvvatlayotganlar ko'paymoqda".
Avtomobilsozlar manfaatlarini himoya qiluvchi kasaba uyushma prezidenti Jorj Makgregor ana shulardan biri. Prezident Obama ishi yurishmayotgan kompaniyalarga yordam haqida ko'proq gapirishi kerak, deydi u.
"Prezident Michigan shtatida bu masalani ishga solmayapti hozircha. Ammo saylov kampaniyasi davrida biz unga bu ishda yordam beramiz", - deydi Makgregor.
Shtat 28-fevralga belgilangan ichkipartiyaviy saylovlarga tayyorgarlik ko'rar ekan, respublikachilarning avtosanoatga munosabati ommaviy so'rov natijalariga bevosita ta'sir qilmoqda. Mitt Romni Rik Santorumdan keyingi o'rinda ketyapti.