Yaqin Sharqda nima gap? 28-avgust tafsilotlari

  • Amerika Ovozi

Tripoli, 27 avgust 2011

LIVIYA

Liviyada isyonchilar bir necha kunlik olishuvdan so'ng Bin Javad shahrini qo'lga kiritgan. Ayni damda Muammar Qaddafiyning ona shahri Sirte ham qurshovga olinmoqda. Isyonchilar shaharni jangsiz qo'lga olish haqida qabilaviy oqsoqollar bilan muzokara qilmoqda. Ayrimlar nazarida Qaddafiy aynan Sirtega qochgan bo'lishi mumkin. Muxolifat kuchlari poytaxt Tripoliga kirgandan beri Qaddafiy ko'rinmaydi.

Inson huquqlari tashkilotlarining aytishicha, hukumat kuchlari shaharni tark etayotib 17 kishini qatl etgan.

SURIYA

Arab Ligasi Suriya hukumatini mamlakatda zo'ravonliklarni bas qilishga chaqirib, xalqning siyosiy va ijtimoiy islohotlarga haqqi bor deydi.

Bugun Qohirada liganing favqulodda majlisi o'tgan. Tashkilot Bosh kotibi Nabil al-Arabiyning aytishicha, Suriya prezidenti Bashar al-Assad muammoga yechim topishi lozim. Al-Arabiy Suriyaga safar qilib, rahbariyat bilan uchrashishi kutilmoqda.

Kecha Suriyaning eng yaqin ittifoqchisi Eron ham rasmiy Damashqni xalq talabiga quloq solishga da'vat etgan. Suriyada hukumatga qarshi g'alayonlar besh oydan beri davom etar ekan, Eron ilk bor masalaga munosabat bildirgan.

"Agar vaziyat tinch yo'l bilan hal etilmasa", deydi Eron Tashqi ishlar vaziri Ali Akbar Solihiy, "oqibati mintaqa barqarorligi uchun yaxshi bo'lmaydi".

Turkiya prezidenti Abdulla Gul esa qo'shni davlatga ishonch yo'qoldi, deya shu kunga qadar 2200 dan ziyod kishining o'limiga sabab bo'lgan zo'ravonliklarni qoralagan.

Xalqaro hamjamiyat chaqiriqlariga qaramay Bashar al-Assadga sodiq kuchlar namoyishchi faollarni ta'qib etishda davom etgan. Bugun ikki kishi o'ldirilgan.

Prezident Assad matbuot haqida yangi qonunni ma'qullagan. Unga ko'ra, mahalliy va mustaqil jurnalistlar faoliyatiga qo'yilgan cheklovlar bekor qilinadi. Muxolifat Assad islohotlarini ko'zbo'yamachilik deb atamoqda.

YAMAN

Yamanda portlovchi moddalar bilan to'ldirilgan kater harbiy kema tomon harakatlanayotganda dengizchilar uni to'xtatishga muvaffaq bo'lgan.

Yaman qo'mondonlaridan birining aytishicha, kater tomon ogohlantiruvchi bir necha o'q otilgan. To'xtamaganidan so'ng harbiy kemalar o'q otib, uni cho'ktirgan. Hujum kimning ishi ekani noma'lum, ammo o'tmishda al-Qoida shunday usullardan ko'p foydalangan.

2000-yilda al-Qoida shu tariqa AQShning mintaqadagi harbiy kemasiga hujum qilib, 17 matrosni o'ldirgan edi.