Yaqin Sharq. 20-iyun, 2011

  • Amerika Ovozi

Suriyada namoyishlar

YAMAN

Yamanda o'n minglab odamlar poytaxt Sano ko'chalariga chiqib, prezident Ali Abdulla Solih qarindoshlaridan hukumatdagi lavozimlarni bo'shatishni va mamlakatni darhol tark etishni talab qilgan.

Davlat rahbarining o'g'li Ahmad Solih prezident gvardiyasi qo'mondoni. Oy boshida havo hujumida yaralangan Abdulla Solihning o'zi hali ham Saudiya Arabistonida muolaja olmoqda.

Yaman rasmiylarining bildirishicha, prezident yaqin kunlarda mamlakatga qaytadi. Ammo ismini oshkor etishni istamagan saudiya rasmiylaridan birining fransuz axborot agentligiga aytishicha, Solih Yamanga qaytmaydi.

SURIYA

Suriya prezidenti Bashar al-Assadning aytishicha, buzg'unchilik bilan islohotlarga erishib bo'lmaydi. Assad mamlakatda mart o'rtalarida hukumatga qarshi namoyishlar boshlanganidan beri uchinchi bor xalqqa murojaat bilan chiqqan. Uning aytishicha, barqarorliksiz o'zgarishlar bo'lmaydi. Bashar al-Assad Suriya konstitutsiyasini isloh qilish ehtiyojini o'rganish uchun maxsus qo'mita tuzilayotganini aytgan.

Britaniya Assaddan islohotlarni amalga oshirishni talab qilib, aks holda lavozimidan ketishga chaqirmoqda. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Uilyam Xeyg Turkiyadan Suriyaga bosim qo'yishni so'ragan. Turkiyada suriyalik 10 mingdan ziyod qochqin bor. Ular xavfsizlik kuchlarining namoyishchilarga qarshi ta'qiblaridan jon saqlab uylarini tashlab chiqqan edi.

TUNIS

Tunisda yil boshida xalq g'alayonlari natijasida hokimiyatdan ag'darilgan sobiq prezident Zaynobiddin bin Alining aytishicha, u Saudiya Arabistonida qolmoqchi bo'lmagan.

"Meni aldashdi. Oilam xavfsiz bo'lsin deb, ularni qirolikka eltib qo'ymochi edim. Tunisga qaytmoqchi edim, ammo samolyot o'zboshimchalik qilib, mensiz ketib qoldi" deyiladi sobiq davlat rahbarining uning nomidan advokatlari chop etgan bayonotida.

Zaynobiddin bin Ali ustidan Tunisda sud boshlangan, ammo uning o'zi Saudiya Arabistonida. Unga qalloblik, moliyaviy firibgarlik, narkotiklar traffigi kabi ayblovlar qo'yilmoqda. Kelajakda qotillik va davlatga qarshi fitna ayblovlari bo'yicha ham sud jarayoni bo'lishi kutilmoqda. Tunisni 23 yil boshqargan sobiq rahbar va hamtovoqlari jami 90 dan ziyod jinoyatda ayblanmoqda. Solih barcha ayblovlarni inkor etmoqda.

Tunis Saudiya Arabistonidan sobiq prezident va rafiqasini ekstraditsiya qilishni so'ragan, ammo hozircha javob olgani yo'q.

LIVIYA

Liviya hukumatiga ko'ra, bugun NATO poytaxt Tripolidan 65 kilometr naridagi Surman shahrini havodan nishonga olib, kamida 15 kishini o'ldirgan. Davlat rahbari Muammar Qaddafiyga yaqin siyosatchilardan biriga qarashli imorat o'qqa tutilgan, siyosatchining o'zi omon qolgan, ammo ikki nabirasi o'lgan, deydi rasmiylar.

Biroq NATO hududda yaqin o'rtada operatsiya o'tkazmaganmiz, demoqda. Shunga qaramay alyans yakshanba kuni Tripolida quroldagi texnik muammo tufayli tinch aholi nishonga olinganini tan olmoqda.