Saudiya Arabistoni: g’alayonlar shariatga zid
Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika qo’zg’olonlar domiga cho’mgan bir paytda Saudiya Arabistoni ulamolari namoyishlarni man qilgan.
O’tgan hafta qirollikning al-Qatif shahrida g’alayonlar kuzatilgani aytiladi. Namoyishlar shariatga zid va taqiqlanadi, deydi din arboblari. Ichki ishlar vazirligi ham ommaviy chiqishlarni noqonuniy deya e’lon qildi.
Bahraynda Amerika elchixonasi oldida namoyish
Bahrayn poytaxti Manamada, Amerika elchixonasi yonida bugun namoyish. Odamlar demokratik o’zgarishlar talab qilar ekan, AQSh madadidan umidvor.
Bahrayn Qo’shma Shtatlarning strategik hamkori, mamlakatda AQShga qarashli harbiy dengiz bazasi bor.
Fors ko’rfazidagi bu kichik davlatda shialar mana bir necha haftadirki hukumatdan norozi bo’lib, isyon ko’targan.
Hukmron sunniylardan adolat talab qilib, boshqaruvni barcha diniy mazhablar o’rtasida teng taqsimlashni so’ramoqda.
O’tgan oy politsiya bilan to’qnashuv yetti kishini hayotdan olib ketgan edi. So’ng G’arb undovi bilan Bahrayn rahbarlari tinch namoyishlarga ijozat bergan.
Pekinda g’ij-g’ij politsiyachi
Xitoy Tashqi ishlar vaziri Yang Jichi fikricha, Pekin tinch – namoyishlar va tazyiq haqidagi da’volar asossiz.
“Yaqin Sharqni qamragan g’alayonlar Xitoyga zarracha ta’sir qilgani yo’q”, - deydi vazir. “Jurnalistlar, jumladan xorij muxbirlariga hech kim tegmagan”, - deydi u.
O’tgan bir necha haftada Pekinda chiqishlar rejalangan, hukumat ehtiyot shart shaharga yuzlab politsiyachini safarbar etgan edi.
Chet ellik bir necha muxbir, jumladan, Amerika Ovozi korrespondenti kaltaklangan. Biroq vazir Yang Jichi “bunaqa ahloqsizlik Xitoyga xos emas”, deydi.
Fil Suyagida to’polon
G’arbiy Afrikadagi davlat – Fil Suyagi sohilida hukumat bilan olishayotgan isyonchilar “Liviya bilan chegarada yirik shahar Tulepluni qo’lga oldik”, deydi.
Prezident Loren Gbagbo armiyasi shiddatli otishma bilan javob qaytargan. Poytaxt Abijan notinch, prezident kuchlari BMT tinchlikparvar qo’shinlarining yo’lini to’sgan.
Loren Gbagbo fikricha, BMT askarlari xolis emas va aholiga hujum qilmoqda. “Ular o’tgan yilgi prezident saylovlarida g’olib topilgan sobiq bosh vazir Alasan Uttaraning tarafida”, - deydi prezident Gbagbo.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti esa qochqinlarni pana qilishga harakat qilayapmiz, deydi. Fuqarolik urushidan so’ng Fil Suyagi qirg’og’i olti yil tinch hayot kechirgan, lekin noyabrda prezident saylovlarida muxolif nomzod g’olib topildi, prezident Gbagbo esa buni tan olishdan bosh tortmoqda.
Sudandagi olishuv 50 odamni hayotdan olib ketgan
Sudan janubida armiya va jangarilar to’qnashib, kamida 50 odam o’lgan.
Yetti nafari askar. Isyonchi kuchlar birinchi hujum qildi, deydi armiya rasmiysi Filip Ager. Jangarilar ko’proq talofat ko’rgan, deydi u.
Janubiy Sudan rasmiylari nazarida isyonchilar qo’lida qurol berayotgan – shimoliy Sudan hukumati.
Shimol va janub 21 yil urushib, 2005 yilda sulh imzolagan.