SURIYA
Bugun Suriyada yangi konstitutsiya bo'yicha referendum o'tkazildi. Davlat televideniyesi tashabbusni olqishlab, mamlakat bo'ylab saylov uchastkalaridan reportajlar tayyorlagan. Muxolifat tadbirni quruq tomosha deb tanqid qilmoqda, prezident Bashar al-Assadni hokimiyatdan ketishga chaqirmoqda.
Assad yanvar oyida referendum haqida og'iz ochgan edi. Uning aytishicha, ko'p partiyaviy siyosiy tizim uchun zamin yaratilmoqda.
Bu o'rtada Assadga qarshi isyon va namoyishlar o'chog'i bo'lgan Hims shahrida yana portlashlar eshitilgan. Dayral Zor va Hamo shaharlarida ham xavfsizlik kuchlari muxolifatga qarshi amaliyotlar o'tkazgan.
MISR
Misr poytaxti Qohirada xorijdan noqonuniy ravishda pul olib, fuqarolik jamiyatiga aloqasiz ravishda faoliyat yuritganlik aybi bilan 43 odam sud qilinmoqda.
Ular orasida 16 amerikalik ham bor. Ammo ayrimlari mamlakatni tark etishga ulgurgan, qolganlari esa AQShning Qohiradagi elchixonasida yashirinmoqda.
Qo'shma Shtatlar mamlakatni vaqtincha boshqarayotgan harbiy kengash bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilayotgan bir paytda bu hol ikki tomonlama munosabatlarni taranglashtirgan.
Obama ma'muriyati muammoni muloqot orqali hal etishga urinmoqda. Aks holda Misr Amerika harbiy yordamidan ayrilishi mumkin. Bu yiliga 1,3 milliard dollar degani.
Ayblanuvchilar orasida AQSh Transport vaziri Rey Laxudning o'g'li ham bor. Sem Laxud AQSh Xalqaro Respublikachilar institutining Misr bo'limiga rahbarlik qiladi. 43 odam orasida Iordaniya, Germaniya, Falastin va Misr fuqarolari ham bor.
YAMAN
Kecha Yamanda prezident saroyi yonida bir odam o'zini portlatib, 26 kishini o'ldirgan. Voqea Abdu Rabbu Mansur Hadiy yangi prezident sifatida qasamyod keltirganidan so'ng ro'y bergan. Asosan prezident saroyini qo'riqlayotgan xodimlar o'lgani ma'lum.
Yamanni 32 yil boshqargan Ali Abdulla Solih xalqaro bosim ostida iste'foga chiqqanidan so'ng saylovlar o'tkazilgan. Vitse-prezident jarayonda yagona nomzod bo'lib, 99 foiz ovoz olgan. Uning oldida mamlakatni birlashtirishdek qiyin vazifa turibdi. Janubda bo'lginchi isyonchilar faol, shimolda shia jangarilari bosh ko'targan, al-Qoida ham Yamanda mahkam o'rnashib olgan.
Hadi parlamentda qasamyod keltirib, tartibni tiklashga va'da berdi. U prezidentlikka ikki yilga saylangan. Bu davr mobaynida parlament saylovlari o'tkaziladi, yangi konstitutsiya qabul qilinadi, armiya isloh etiladi.