Arab bahori mintaqa xaritasini o'zgartirishi mumkinmi?

  • Amerika Ovozi
Suriyada fuqaro urushi hali beri tinadigan emas. Mojaro qo’shni davlatlarni ham o’z domiga tortsa, buning geosiyosiy oqibatlari haqida taxminlar bir dunyo.

Your browser doesn’t support HTML5

Arab bahorining geosiyosiy oqibatlari haqida taxminlar/Shohruh Hamro


Sharhlovchilarga ko’ra, so’nggi bir asr mobaynida ilk bor Yaqin Sharq xaritasi o’zgarishi mumkin.

Qariyb 100 yil ilgari Birinchi jahon urushi Usmoniylar imperiyasiga nuqta qo’ygan edi.

To’plarning gumbirashi hali tinmasdan Britaniya va Fransiya o’z saltanatlariga tegishli yerlarni, jumladan Suriya, Liviya, Iordaniya va Falastinni bo’lib tashlaydi. Bugungi Yaqin Sharqni tushunish uchun ana o’sha tarixni bilish kerak, deydi siyosatdon Maykl Klark.

“Biz bilgan arab dunyosi 1916-yilda Britaniya va Fransiya imzolagan kelishuv natijasida vujudga kelgan. O’shandan beri hech narsa o’zgarmadi. 1948-yili Isroil davlati barpo etilganini hisobga olmaganda, biror strategik o’zgarish bo’lgan emas. Mana endi 2013-yilga kelib, bunga guvoh bo’lay turibmiz”, - deydi olim.

Suriya bir misol. London Iqtisodiyot oliygohidan Robert Lou fikricha, bu mamlakat parchalanib ketishi mumkin.

“Ayni damda bu o’lkada bir-biri bilan raqobatda bo’lgan kuchlar muvozanati deyarli teng. Biror guruh nazoratni o’z qo’liga ololmayapti. Kurdlar, masalan, o’z shaharlarini bazo’r o’zlari boshqarishga urinyapti”, - deydi Robert Lou.

Birinchi jahon urushi oqibatida kurdlar yashaydigan hududlar Suriya, Turkiya, Eron va Iroqqa kirib ketgan. 2003-yilda Saddam Husayn hokimiyatdan ag’darilgani hamda Iroq shimolida avtonomiyaga erishgani bu elatni ruhlantirib yubordi.

Ammo Iroq parchalanib ketmadi, deya sharhlaydi tahlilchi Saad Javod.

“Iroqda to’laqonli fuqaro urushi boshlanib ketishi uchun moyillik yo’q. 1970-yillarda Livanda bo’lgan qonli mojaroni bir eslang. Ikkinchidan, mamlakatni bo’lib tashlash haqidagi gaplar partiyalardan chiqadi, aholi bu g’oyani qo’llab-quvvatlamaydi”, - deydi ekspert.

Livandagi urush asoratlarini poytaxt Bayrutda hanuz ko’rish mumkin. Suriyadagi mojaro soyasida bu mamlakatda ham mazhablar-aro ixtilof boshlanib ketgan. So’nggi oylarda sunniy va shia jangarilar dastidan o’nlab odam halok bo’ldi.

Arab bahori natijasida yuzaga kelgan kuchlar Yaqin Sharq xaritasida o’zgarish yasaydi, deb hisoblaydi Maykl Klark.

“Yaqin Sharq bir necha davlatlar, yarim-davlatlar va talash hududlardan iborat bir mintaqaga aylanishi hech gapmas”, - deydi u.

Arab dunyosidagi inqiloblar hali qiyomiga yetmadi. Isyonlar qanday oqibatlarga olib kelishini vaqt ko’rsatadi, deya xulosa qiladi sharhlovchilar.