Misr G’azo sektori bilan chegarani ochdi

Misr G’azo sektori bilan chegarani ochdi

Misr hukumati G’azo bilan chegarani ochishga qaror qilgach, sektorda yashovchi 1.4 million falastinliklar so’nggi to’rt yilda ilk marotaba erkin harakatlanish imkoniyatiga ega.

Rafa o’tish punkti Xamas jangari guruhi 2007 yilda G’azoni bosib olganidan beri yopiq edi.

Blokada sobiq prezident Husni Muborak davrida, Isroil bilan hamkorlikda qo’yilgan. Uning bekor qilinishi G’azoda iqtisodiy ahvolni yaxshilashi kerak.

Misr G’azo sektori bilan chegarani ochdi

Yangi tartibga muvofiq, ayollar, bolalar hamda 40 yoshdan katta erkaklar Rafa punkti orqali Misrga bemalol kirishi mumkin. 18-40 yoshdagi erkaklar viza olishi zarur.

Savdo-sotiqqa qo’yilgan taqiq amalda qoladi.

Misr hukumatiga ko’ra, chegara ochilishi Falastin xalqini birlashtirishga xizmat qiladi.

Falastin prezidenti Mahmud Abbos boshliq Fatx partiyasi hamda G’azo sektorida hukmron Xamas o’rtasida yaqinda tuzilgan ittifoq Qohira olib borgan muzokaralar mahsulidir.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun Isroildan ham G’azo qamalini bekor qilishni so’rab keladi. Hudud iqtisodiyoti nochor ahvolda, ishsizlik darajasi yuqori.

Isroil nazarida esa blokada asosli, sektorga qurol-yarog’ kirmasligi uchun ko’rilgan chora.

So’nggi yillarda G’azoga gumanitar yordam olib kirishga uringan kemalarning barchasi Isroil armiyasi tomonidan kuch bilan to’xtatilgan.