Julian Assanj haqida ikki film katta ekranda

  • Amerika Ovozi
Rejissor Bill Kondonning “Beshinchi hokimiyat” nomli yangi filmi “WikiLeaks” asoschisi Julian Assanj va internet davrida ma’lumot tarqatish yo’llari haqida. Maxfiy ma’lumotni jamoatchilikka oshkor etish ma’qulmi yoki xavfsizlik unda ustun qo’yilishi kerak? Kartina shu savolga javob izlaydi. Assanj rolini ingliz aktyori Benedikt Kamberbetch o’ynagan. Yaqinda chiqqan “Sirlarni o’g’irlaymiz” hujjatli filmi ham aynan shu mavzuda edi. Ayrim jihatlari bir-biridan keskin farq qiladigan bu ikki film zamonamizda axborot haqiqiy qurol ekanini tasvirlaydi.

Your browser doesn’t support HTML5

Wikileaks - Assanj- Kino - Navbahor Imamova


2010-yilda AQShga tegishli 90 mingdan ziyod maxfiy hujjat avstraliyalik xaker Julian Assanj tomonidan hech kim eshitmagan bir veb saytda chop etiladi. Rejissor Bill Kondon “Beshinchi hokimiyat” filmida shu voqealarni tasvirlab beradi.

Film Assanj, uning AQShning Afg’onistondagi urushiga oid ma’lumotlarni oshkor etishidan oldingi hayoti haqida. U aql-idrokli, o’zini boshqalardan ustun deb biladigan va maqsadga erishish yo’lida hech narsadan toymaydigan shaxs sifatida ko’rsatiladi. Filmda u sherigi Deniel Berg bilan “WikiLeaks” ustida kelisha olmaydi.

Rejissor Bill Kondon oshkoralik va javobgarlik tarafdori.

“Internetda haq gap ko’p, yolg’on ma’lumot ham talay. Eng mushkul masala - ularni bir-biridan ajratish. Bunda bizga kim yordam bera oladi? Bu vazifani azaldan jurnalistika o’tab kelgan. Shuning uchun biz matbuotni to’rtinchi hokimiyat deymiz. Lekin ommaviy axborot vositalarini yuritish katta pul degani. Internet davrida esa beshinchi hokimiyat vujudga keldi. Bu fuqarolar jurnalistikasi,” - deydi u.

Kondon o’z filmini betaraf desa-da, Assanj salbiy qahramon sifatida gavdalanadi. “WikiLeaks” asoschisi kartinadan norozi. Kinoshunoslar ham “Beshinchi hokimiyat” filmini tanqid qilib chiqdi.

Assanj va unga ma’lumot uzatgan oddiy askar Bredli Menning haqidagi “Sirlarni o’g’irlaymiz” nomli hujjatli film esa ko’pchilikka ma’qul.

“Mavzuni o’rganar ekanman, asosiy ishni Menning qilgan, degan xulosaga keldim. Asta-sekin filmda Bredli Menning ham asosiy qahramon bo’lishi kerakligi ayon bo’ldi – Julian Assanj barobarida,” - deya hikoya qiladi film luallifi Aleks Gibni.

Bredli Menning uchun maxfiy ma’lumotlarni Assanjga uzatish nihoyatda qiyin ma’naviy qaror bo’lgan, deydi Gibni. Nozik hujjatlarni tahrir qilishda Britaniyaning “Guardian” gazetasi muxbiri Nik Deyvis katta rol o’ynagan.

Ammo Assanj bilan hamkorlik qilgan muxbir Mark Devis “Amerika Ovozi” bilan muloqotda aslida jurnalistlar ma’lumotlarni oshkor etishga shoshgani, Assanj esa hujjatlardagi 10 ming odamning ism-sharifini birma-bir o’chirib chiqqanini aytadi.

Assanj qarori ortida qanday maqsad turgani va uning ma’naviy qadriyatlaridan qat’i nazar, uning o’ziga xos inqilob yasagani shubhasiz.

Your browser doesn’t support HTML5

Wikileaks katta ekranda - The Fifth Estate