Musiqa bilan davolanayotgan bolalar

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Musiqiy terapiyaga talab kuchli

Musiqa insonga o’z his-tuyg’ularini ifodalashga, boshqalar bilan bog’lanishga yordam beradi. Musiqaning shifobaxsh xususiyatlari ham bor. Masalan, bemorlar kayfiyatini ko’tarish, emotsional holatini me’yorlashtirish, nerv tizimini mustahkamlashda undan foydalanashiadi. Musiqa ayniqsa autizmga chalingan, ya’ni aloqa va muomala qobiliyati cheklangan bolalar uchun foydali.

Keyti Hernandezning ikki o’g’lidan birida autizm bor.

“Lukas o’ta sezuvchan. Shovqin-suron, yorug’likka ta’sirchan. Sakrash, harakatlanishni yaxshi ko’radi. Energiyaga to’la”, - deydi ona.

Bolaning diqqatini jamlash qobiliyatini yaxshilashda musiqiy terapiya yordam berayapti.

Terapevt Diksi Mazur haftada bir keladi.

“O’zim bilan sintezator olib keldim. Pianino tovushi seanslarda juda yordam beradi”.

“Zarbli cholg’ular esa muloqotga jalb qilish uchun foydali. Bu asbob bilan e’tiborni tortish oson. Turli xil instrumentlarni olib kelaman”, - deydi o’qutuvchi.

"O’g’limning muloqot qobiliyatini yaxshilash uchun o’qituvchimiz bir necha qo’shiqlar yozgan. Bola nima istayotganini tushunish qiyin vaziyatda bu usul qo’l keladi”, - deydi Keyti Hernandez.

Musiqiy terapiyani gruppada qo’llasa ham bo’ladi.

“Ularni sekin-asta guruhdoshlari bilan va shaxsan men bilan faolroq muloqot qilishga undayman”, - deydi musiqiy terapevt Zoi Glison Volz.

Mutaxassisga ko’ra, ohang sezgi organlari va muskullarni stimulyatsiya qiladi.

“Atipik bemorlarimiz bor, ularni stressdan qutulishga, o’zini eplab yurishga o’rgatamiz. Shol va aqliy rivojlanishdan ortda qolganlar bilan ham ishlaymiz”, - deydi u.

Kelsi Yingling musiqiy terapiya bo’yicha mutaxassis. U Virjiniya shtatida klinika ochgan.

“Terapevtda kuchli musiqiy ko’nikma, har qanday mijoz bilan muloqotga kirisha olish qobiliyati bo’lishi kerak. Mutaxassislarimiz ishini sevgan, ishtiyoqli, sabrli, har qanday vaziyatga moslashib, uni boshqara oladigan muallimlar”, - deydi Kelsi Yingling.

Ayni damda Qo’shma Shtatlarda musiqiy terapiya bo’yicha olti mingdan ortiq litsenziyali mutaxassis bor.