Myanmada musulmon jangarilar oyoqqa turmoqda

  • Amerika Ovozi

Bangladeshdagi qochqinlar

Myanmada uzoq yillardan beri azobda yashayotgan musulmonlar endi zo'ravonlik orqali o'zini himoya qilishga o'tayaptimi?

Rohinja musulmonlari deb ataluvchi jamoa orasidan chiqqan jangarilar o'tgan yilning oktabr oyida Rakhayn shtatida to'qqiz chegarachini o'ldirgan edi.

Endilikda bu guruh Arakan Rohinja Iymon Armiyasi deya nom olgan.

Tashkilot o'z maqsadlarini bayon etar ekan, 20 shartni olg'a surib, biror terror guruhi bilan hamkor emasligini, fuqarolar va ayniqsa ozchilikdagi elatlar va din vakillarini himoya qilishga bel bog'laganini bildiradi. Hujumlar Myanma hukumatiga qaratiladi. Xalqaro tinchlik saqlovchi kuchlar kelsa, guruh u bilan ishlashga shay.

Myanmada Demokratik milliy liga hukmron. Lekin harbiylar bu mamlakatda azaldan katta kuch. Hokimiyatning chora qismi va uch vazirlik armiya qo'lida.

Internetda tarqalgan videolarda musulmon jangarilar qurollar bilan jangga tayyor turgani ko'rsatiladi.

Harakat qo'yayotgan shartlar orasida quyidagilar bor: musumonlarga hokimiyatdan o'rin ajratish, fuqarolik huquqlarini kafolatlash, chetdan kelayotgan yordamni bo'lishish, ta'lim imkoniyati taklif qilish, istagan joyda erkin yashash, diniy erkinlik, mulkga egalik huquqini kafolatlash, biznes qilish huquqi hamda qochqinlarni vatanga qaytarish.

“Musulmonlar harakati terrordan uzoq, fuqarolarga mehribon, erkinlik targ'ibotchisi", - deydi Metyu Smit, AQShda asoslangan nohukumat tashkilot rahbari. “Bu guruh qanchalik mashqdan o'tgan, qanchalik qurollanhgan, qanchalik moliyalangan, tashkil qilingan - bular aniq emas".

Rakhayn shtati, Myanma

Rohinja musulmonlari Myanma 1948-yilda Britaniyadan mustaqil bo'lganidan beri erkinlik va hurmat talab qilib keladi. Hukumat ularni hech qachon alohida jamoa sifatida tan olmagan. Hududida azaldan yashasa-da, ularga fuqarolik ham bermaydi.

2012-yilgi notinchliklar ketidan musulmon aholi maxsus lagerga ko'chirilgan. Ko'plab odamlar chet elga ketgan. Eng katta qismi Saudiya Arabistonida yashaydi.

Myanma qurolli kuchlari musulmonlarga qarshi jinoyatlarda ayblanadi, jumladan ayollarni zo'rlash va mulklarga o't qo'yish. Yaqin o'tmishda 1000 kishi o'lgan.

BMT vaziyatni yaqindan o'rganishga harakat qilib keladi. Shu kungacha yig'ilgan ma'lumotlar ahvol juda tang ekanidan, jinoyatchilik kengligidan darak beradi.

O'nlab ming musulmonlar Bangladeshda. Maxsus lagerlarda yashash esa qamoqda o'tirish bilan barobar, deydi Rohinja musulmonlari.

Hukumat esa na ularni tan oladi va na mavjud muammolarni muhokama qilishga tayyor.