Prezident Donald Tramp Shimoliy Amerika Erkin Savdo Bitimini bekor qilish kerak deya bong urar ekan, Kanada, Meksika va Qo’shma Shtatlar bo’ylab xavotir avj olgan. Tuppa-tuzuk hamkorlikni yo’q qilishdan ne foyda, deya so’raydi ko’plab mutaxassislar. Boshqalar nazarida esa Oq uy safsatabozlik qilmoqda xolos, bitimdan voz kecha olmaydi.
Your browser doesn’t support HTML5
Your browser doesn’t support HTML5
Yaqinda Kanada Bosh vaziri Jastun Trudoni mehmon qilgan Prezident Tramp qisqacha NAFTA deya tanilgan uzoq yillik kelishuvni azaldan tanqid qilib keladi.
“Biz uni qayta tuzamiz, yangicha murosa asosida. Jastin buning sabablarini tushunadi. Kelisha olmasak, bekor bo’ladi. Lekin ulkan zarar yetmaydi. Baribir hamkormiz. Savdo-sotiq to’xtab qolmaydi”, - deydi Tramp.
Lekin kelishuvni yo’qqa chiqarish oson emas. AQSh Tijorat Palatasiga ko’ra, NAFTA davlat iqtisodi uchun nihoyatda muhim omil. 14 million ish o’rni u bilan bog’liq.
Baltimordagi bu texnologiya kompaniyasi singari yana 125 dan ortiq kichik va o’rta biznes o’z mahsulotlarini Kanada va Meksikaga chiqaradi. Ular erkin savdo bitimi tarafdori.
“NAFTA sabab biz raqobatbardosh kompaniyamiz", - deydi Piter Bovi, "Ellicott Dredges" rahbari.
"Qay davlatga mahsulot eksport qilsak, o’sha yerda ishonch qozonganmiz, sodiq sheriklarimiz bor. Meksika va Kanadaga bu bitimdan oldin bunchalik ko’p tovar uzatmas edik.”
Xalqaro Valyuta Fondiga ko’ra, NAFTA kabi hamkorlik mamlakatlarda xalq turmushini yaxshilagan, yangi ish o’rinlari yaratgan, yangi bizneslarga turtki bergan.
“O’tgan 10 yil mobaynida bu hamkorlik ulkan foyda keltirdi. Sarmoya oshdi, iste’mol ko’lami o’sdi, savdo kengaydi”, - deydi Kristin Lagard, fond rahbari.
Kasaba uyushmalari esa maosh ozaydi, deya bitimni qoralab keladi.
“Meksikada oylik 25 yil oldingidan pastroq. Biror jihatdan ijobiy ta’sir qilmagan. “Goodyear” kompaniyasi masalan soatiga 1 dollar 78 sent to’laydi. 2017-yilda shu maoshga yashab bo’ladimi? Dahshat bu! Arzon ishchi kuchi deb xursand bo’laylikmi?”
“Global Trade Watch” degan nohukumat tashkilot jarayonni yaqindan kuzatadi. Xususiy sektor lobbichilari, deydi bu uyushma rahbari Lori Vollak, bitimsiz iqtisod o’ladi degan vahima urug’ini sochib kelmoqda.
“NAFTAni yangilasak yaxshi bo’lardi. Shunday kelishuv bo’lsinki, unda ishchilarning maoshlari muntazam ravishda oshishi kafolatlansin. Erkin savdo oddiy xalqqa manfaat keltirsin. NAFTAsiz yashay olamiz, albatta. Lekin uning o’rniga mukammalroq, kuchliroq shartnoma tuzaylik”, - deydi Vollak.
NAFTAni bekor qilish yirik ishlab chiqaruvchilarning faoliyatiga va shu tariqa biznesga zarba bo’ladi. Kanadaning iqtisodchi olimlari mamlakat dollarining qadri tushib ketadi, deya ogohlantirmoqda.