NATO vazirlari Rossiyaning Ukrainaga ehtimoliy hujumiga javob haqida gaplashdi

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Rossiyani Ukrainaga qarshi tajovuzdan o’zini tiyishga chaqirib, oqibatlari yomon bo’lishi haqida ogohlantirdi. Blinken Rigada NATO tashqi ishlar vazirlari majlisida qatnashdi. Unga ko’ra, 2014-yilda Qrimni tortib olgan Moskvadan Ukrainaga qarshi takroriy hujumni kutsa bo’ladi.

Your browser doesn’t support HTML5

Xalqaro hayot - 1-dekabr, 2021-yil

“Rossiyaning vaziyatni taranglashtirgan har qanday harakati AQSh tomonidan jiddiy tashvish bilan qarshilanadi va har bir yangi tajovuz jiddiy oqibatlarga olib keladi”, - dedi Blinken.

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning aytishicha, uning mamlakati chegarada ilk bor katta sonda qo’shin to’playotgani yo’q.

"Yil boshida ham ular Rossiya Ukrainaga qo’shin tortadi deb gapirishgan edi, ammo hech narsa bo’lmadi”, - dedi Putin.

Unga ko’ra, Rossiya o’z hududi doirasida qo’shinlarini istalgan joyga joylashtirishga haqli.

Yopiq eshiklar ortida o’tgan NATO majlisida Rossiya harakatlariga javob muhokamada bo’lgan. Germaniyaning Marshal jamg’armasi tahlilchisi Maykl Kimmajning aytishicha, qon to’kilishlarining oldini olishda diplomatiyaning roli katta.

“Gap Yevropa tuprog’idagi yirik urush ehtimoli haqida ketmoqda. 1945-yildan beri kuzatilmagan holat. Bu Yugoslaviya urushidan farq qiladi, chunki unda qo’shni mamlakatlar urush qilgan. Agar Rossiya va Ukraina o’rtasida urush boshlanadigan bo’lsa, Polsha, Litva, Boltiq bo’yi mamlakatlari Ukraina tarafida urushga qo’shilishi mumkin”, - deydi siyosatshunos.

AQSh Prezidenti Jo Bayden shu oy Putin bilan virtual muloqot o’tkazishi kutilmoqda. Karnegi jamg’armasining Yevropa bo’limi tahlilchisi Judi Dempsiga ko’ra, yuqori darajali diplomatiya sanksiyalardan afzalroqdir.

“Vashington va Moskva o’rtasida jiddiy muloqot bo’lishi kerak. Urush boshlanishiga yo’l qo’ymaslik lozim. Bu Ukraina xalqi uchun katta fojia bo’ladi. Ommaviy so’rov natijalariga qaraydigan bolsak, Rossiya aholisi ham buni istamaydi”, - deydi Dempsi.

Unga ko’ra, Putin Rossiyada ko’plab o’lim hollariga sabab bo’layotgan COVID-19 ni jilovlash kabi ichki muammolardan aholini chalg’itish uchun tashqi siyosatdagi sun’iy tortishuvlardan ko’p foydalanib turadi.

NATO davlatlari Rossiya va Belarus qo’shinlarining Ukraina chegarasida qo’shma mashg’ulotlaridan xavotir bildirdi.

Rossiya o’z navbatida harbiy alyansni uning chegarasi yonida katta miqdorda harbiy texnikani joylashtirayotganlikda aybladi. Putinga ko’ra, agar Rossiya NATOning bu harakatlarini o’ziga xavf deb bilsa, javob berishga majbur bo’ladi. Masalan, ayrim hujumkor raketalarning Ukrainada joylashtirilishi Rossiyaning javob choralariga sabab bo’ladi, deydi u.

Putinning aytishicha, Rossiya dengizdan otiladigan va tovushdan 9 marta tez uchadigan yangi raketasini muvaffaqiyatli sinovdan o’tkazdi.

"Yaqinda Qora dengizda rejalanmagan harbiy mashqlar o’tkazishdi. Strategik bombardimonchi samolyotlari chegaramizdan 20 kilometr narida uchib o’tdi. Ular yadro quroli tashiyotgan bo’lishi mumkin. Bundan tashvishdamiz”, - dedi Putin.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Ukraina armiyasi isyonchilar nazoratidagi sharqiy hududlarda harbiy manevrlar o’tkazib, dronlarini uchirib, Rossiyaga tahdid solmoqda.

“Biz Kiyev rejimining harbiy avantyuraga qo’l urishi mumkinligini hisobdan chiqara olmaymiz. Agar G’arb Ukrainani jilovlay olmasa va aksincha uni gijgijlasa, xavfsizligimizni ta’minlash uchun barcha zarur choralarni ko’rishga majbur bo’lamiz”, - dedi Lavrov.