Madridda NATO sammiti yakunlandi. Alyans Rossiyani asosiy tahdid deb belgiladi. Shvetsiya va Finlyandiyaning tashkilotga a’zolik uchun bergan arizasiga Turkiya qo’ygan to’siq olib tashlandi. Ukrainaga qurol va moddiy yordam berishni davom ettirishga kelishildi. NATOning yangi strategik siyosati qabul qilindi.
Your browser doesn’t support HTML5
“NATO quruqlik, havo va dengizdan kelayotgan barcha tahdidlarni bartaraf etishga tayyor turishi uchun ittifoqchilarimiz bilan birga harakat qilamiz”, - dedi AQSh Prezidenti Jo Bayden.
Qo’shma Shtatlar Yevropada qo’shinlari va harbiy texnikasi sonini oshirmoqchi. Alyans esa tezkor javob kuchlari miqdorini yetti karra ko’paytirmoqchi.
“NATO o’nlab yillar davomida xalqaro sahnada inqirozlarni boshqarishdan ittifoqchilar hududlarida tahdidlarning oldini olish va mudofaaga o’tmoqda”, - deydi Finlyandiya Xalqaro aloqalar institutidan Charli Salonius-Pasternak.
NATO Bosh kotibi Yens Stoltenbergning aytishicha, Finlyandiya va Shvetsiya tashkilotga qo’shilsa, Rossiya kattaroq NATO bilan yuzlashadi. Bu mamlakatlar arizasini endi a’zo davlatlar parlamentlari tasdiqlashi lozim.
“Yolg’iz shunisi bilan Madrid sammitini tarixiy desa bo’ladi. Sammit boshidan bunga kelishilgani yaxshi bo’ldi. Finlyandiya va Shvetsiya NATOga qo’shilishi bilan Shimoliy Yevropa mudofaasini qaytadan rejalash kerak bo’ladi”, - deydi tahlilchi Salonius-Pasternak.
NATOning yangi strategik siyosatida Rossiya hamkordan tahdidga aylandi.
“Rossiya xavfsizligimizga jiddiy va to’g’ridan-to’g’ri tahdid solayotgani ravshan”, - dedi Stoltenberg.
NATO Rossiyaga qarshi urushda Ukrainaga og’ir qurollar uzatishga qaror qildi.
“Ukraina harbiylari tayyorgarlikdan o’tkazildi. Ayrim tizimlar bu mamlakatga uzatildi. Ammo afsuski, qurollar kichik miqdorda berilyapti”, - deydi AQSh mudofaa vazirining sobiq yordamchisi Jim Taunsend.
NATO sammitiga ilk bor tashkilotga a’zo bo’lmagan Yaponiya, Janubiy Koreya, Avstraliya va Yangi Zelandiya vakillari ham taklif etildi. Alyansning strategik konsepsiyasida ilk marotaba Xitoy tilga olindi.
"Moskva va Pekin aloqalarining chuqurlashayotganiga, Xitoy bosimi va majburlash siyosatining kuchayayotganiga guvohmiz. Bu o’z navbatida NATO ittifoqchilari va hamkorlari xavfsizligiga salbiy ta’sir qiladi”, - deydi Stoltenberg.
Putin Shvetsiya va Finlyandiyaning NATOga qo'shilishiga qarshi emas, ammo...
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Finlyandiya va Shvetsiyaning NATOga qo’shilish rejasini izohlarkan, umuman olganda bu mamlakatlar bilan Ukraina bilan mavjud muammolar, hududiy tortishuvlar yo’qligini, ularning alyansga qo’shilishga qarshi emasligini aytdi.
"Ammo shuni bilishsinki, ular oldin Rossiyaga tahdid bo’lmagan, biroq endi agar alyans qo’shinlari va infratuzilmasi bu mamlakatlarga olib kiriladigan bo’lsa, tegishli choralar ko’rilib, Rossiyaga tahdid solayotgan mamlakatlar uchun ham tahdidlar yaratiladi”, - dedi Putin.
Erdog'an: Shvetsiya va Finlyandiya avval va'dasiga vafo qilsin
Ayrim kuzatuvchilarga ko’ra, Turkiya Shvetsiya va Finlyandiya arizasiga roziligini bergani bilan Anqaraning talablari bajarilmasa, a’zolik jarayoni to’xtatilishi mumkin.
"Ushbu memorandum parlamentimiz tasdig’idan o’tmasa, jarayon to’xtab qoladi. Buning uchun Shvetsiya va Finlyandiya majburiyatlarini bajarishi lozim. Va’dalariga vafo qilishmasa, hujjatni parlamentga o’tkazmaymiz”, - dedi bugun Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an.
Matbuotdagi xabarlarga ko’ra, Turkiya adliya vaziri Shvetsiya va Finlyandiyadan Madridda imzolangan memorandum asosida terrorchilikda gumon qilinayotgan 33 odamni ekstraditsiya qilishni so’ragan.
“Anglashma memorandumining imzolangani Turkiya xavotirlari jiddiy qabul qilinganidan dalolatdir. Albatta bu boshlanishi va bir taklifdir. Eng muhimi endi berilgan va’dalarni bajarish. Keyingi bosqichda memorandumda bitilgan majburiyatlar ijrosini diqqat bilan kuzatib boramiz va shunga qarab qadam qo’yamiz”, - dedi Erdog’an.
Anqara bungacha bu ikki mamlakatni Turkiya xavfsizligiga tahdid solayotgan shaxslarga boshpana berganlikda ayblagan edi.
"Shvetsiya 73 nafar terrorchini Turkiyaga topshirishga so’z berdi. Bundan tashqari, bizga “Kurdiston ishchilar partiyasi” va unga aloqador guruhlar uchun xayriya orqali mablag’ to’plashni, ularning saflariga odam yollashni man qilib, tergov boshlash ham va’da qilindi”, - dedi Erdog’an.